YOSHLAR — QUDRATLI TO‘LQIN! O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ko‘plab yangi rejalar va vazifalar belgilab berildi
Yurtimizda 30-iyun — yoshlar kuni. Shu munosabat bilan Toshkent Botanika bog‘ida 3 kun mobaynida “Uchinchi Renessans bunyodkorlari” shiori ostida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumi kecha yakunlandi.
Tadbirning so‘ngi kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.
Botanika bog‘i bayramona bezatilgan. Yoshlarning ilm-fan, texnologiyalar, adabiyot va sanʼat sohasida erishayotgan natijalarini aks ettiruvchi ko‘rgazma va namoyishlar tashkil qilingan.
Davlatimiz rahbari ushbu ko‘rgazmalarda aks etgan yoshlarning ixtirolari, mahorati, badiiy chiqishlarini ko‘zdan kechirar ekan iqtidorli talaba-yoshlar bilan suhbatlashib, ularning yangi g‘oyalari, maqsad va muammolari bilan tanishdi.
— Bugun shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardimki, iqtidorli yoshlarimizning ko‘pchiligi jonkuyarlik bilan xizmat qilmoqdalar. Bunday yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantiramiz, – dedi Prezident.
Masalan, Sherzod Rahmonov – Narpay tumanida, Sarvarbek Sultonov – Shirin shahrida va Elbek Shukurov – Sergeli tumanida hokim, Durdona Rahimova – Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Odiljon Tojiev – Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
— Umuman, yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qatʼiy davom ettiramiz, — dedi prezident. — Buning uchun, viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydilar.
Joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi.
Shuningdek, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida o‘z hududi va tizimiga bunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlaydi hamda ularga beriladigan ish haqi, uy-joy va boshqa rag‘bat turlarini ijtimoiy tarmoqlarda ochiq eʼlon qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning muvaffaqiyatlari va Prezident maktablarining bu yilgi 96 nafar bitiruvchisining hammasi nufuzli xalqaro universitetlar talabasi bo‘lganidan quvonchini izhor qildi.
Shuningdek, bundan buyon yoshlar bandligiga davlat miqyosida katta eʼtibor qaratilishi borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida gapirdi.
Unga ko‘ra, har o‘quv yili yakunida tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini taʼminlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi va dasturda har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida qancha yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, qanchasini ish bilan taʼminlash, nechta startap va tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish belgilanishi shartligi ma’lum bo‘ldi.
— Joriy yilda oliy maʼlumot talab etadigan kasb va lavozimlar qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularning kamida 150 tasi bo‘yicha bunday talab bekor qilinadi. Bunday yengillik tufayli 10 mingdan ortiq yoshlar ishga joylashadi.
Qolaversa, maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu borada, А ndijon viloyatida jami 41 ming maktab bitiruvchilarining 25 ming nafarini kasb-hunarga o‘rgatish orqali, bandligini taʼminlash bo‘yicha tajriba, barcha hududlarda keng qo‘llanilishi kerak, — deb taʼkidladi davlat rahbari.
Maʼlumki, bugungi kunda ota-onalar farzandini oliygohda o‘qitish uchun 22-28 foiz stavkada taʼlim kreditini 3 yil muddatga olmoqda. Lekin bu hammaga, ayniqsa, uzoq va chekka joylarda yashaydigan oilalarga og‘irlik qiladi. Shuni hisobga olib, yangi o‘quv yilidan barcha uchun taʼlim krediti imtiyozli shartlarda 7 yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, yaʼni joriy yilda 14 foiz stavkada ajratilishi, bunga qo‘shimcha ravishda, taʼlim kreditlarini qoplash uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar daromad solig‘idan ham ozod etilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga, oliygohdagi o‘qishning birinchi yili uchun, kontraktni budjetdan to‘lab berish tartibi joriy etilishi haqidagi yangilik ham ko‘plab yoshlarni quvontirdi.
А lbatta yoshlarning g‘oyalari, tashabbuslarini yuzaga chiqarishda sharoit katta rol o‘ynaydi. Shu jihatlar ham eʼtiborga olinib, maktablarda o‘quvchilarni kompyuterdan shunchaki foydalanuvchi emas, balki undan daromad topadigan mutaxassislar qilib tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbarining qayd etishicha, joriy yil yakuniga qadar umumtaʼlim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanadi. Respublika bo‘yicha qo‘shimcha 5 mingta kompyuter sinflari tashkil etiladi.
Maktablarda axborot texnologiyalari darslari zamonaviy “Kembrij” dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi va o‘qituvchilar ham ushbu dasturlar asosida qayta tayyorlanadi.
Mamlakatimizda yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib kelinadi. Bu ishlar joriy yildan yanada kuchaytirilishi ham ta’kidlab o‘tildi. Bunda, ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qo‘shimcha 2 mingta kvota ajratiladi va ushbu maqsadlar uchun budjetdan 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.
“Daftarlar”ga kirgan oilalarning yangi turmush qurayotgan farzandlariga o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy tiklashi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, o‘tgan yilgi tajriba asosida “Temir daftar”da qayd etilgan oilalarning har bir farzandiga o‘quv qurollari va maktab formasi sotib olish uchun avgust oyida 500 ming so‘mdan moddiy yordam beriladi.
Shavkat Mirziyoyev nutqi yakunida faol yoshlarni orden va medallar bilan taqdirladi
Yuksak salohiyati, tanlagan kasb yo‘nalishi va ijtimoiy hayotda erishgan yuksak natijalari bilan turli sohalarda yurt ravnaqiga, uning xalqaro obro‘-eʼtiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan yoshlar xizmatlari olqishlandi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri