Yangi maktab
Qo‘qon shahar XTB tasarrufidagi 14-umumiy o‘rta taʼlim maktabi 1962 yilda qurilgan. 960 o‘ringa mo‘ljallangan. 2021 yil 10-may kunidan maktabda “Dom stroy” MCHJ tomonidan kapital rekonstruksiya ishlari boshlandi. Maktabga uch qavatli 450 o‘rinli yangi bino qurildi. Binoning birinchi va ikkinchi qavatlarida 9 ta sinf xonalari, birinchi qavatida 200 o‘rinli oshxona, ikkinchi qavatida 14x24 o‘lchamli sportzal, uchinchi qavatida 200 o‘rinli faollar zali joylashtirildi.
Maktabning yo‘laklari, sinf xonalari zamonaviy etib bezatildi. Barcha xonalar to‘liq mebel jihozi bilan taʼminlandi. Maktab kutubxonasi 3000 dona yangi badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. 4 ta sinf xonasi elektron doskalar, qolgan barcha xonalar interaktiv doskalar o‘rnatildi. 2 ta kompyuter sinfi xonasi tashkil etildi. Yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan taʼminlandi. Yuqori 10-11 sinflarga hamda yo‘laklarga 13 ta videokamera uskunalari o‘rnatildi. Maktab hovlisi obodonlashtirildi. Mevali va manzarali daraxtlar, 2000 ta archa ko‘chatlari ekilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Maktabning bir tomonida o‘g‘il bolalar uchun chaqiriqqa qadar yoshlarni tayyorlash maydonchasi, 16x32 o‘lchamda futbol maydoni, voleybol maydonchasi, varkaut maydonchasi tashkil etildi.
Bugungi kunda maktab 1300 o‘rinli bo‘lib, 986 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ularga 58 nafar pedagoglar taʼlim berib kelmoqda, Pedagoglarning 3 nafari oliy toifali, 9 nafari birinchi toifali, 16 nafari ikkinchi toifali, qolganlari mutaxassis o‘qituvchilardir. 2020-2021 o‘quv yilida maktabni 83 nafar o‘quvchilar tamomlab, shulardan 14 nafari oliy taʼlim muassasalariga, 17 nafari professional taʼlim muassasalariga o‘qishga kirdi.