Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik
Surxondaryoda maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi o‘rganildi
Joriy yilning 17-18 avgust kunlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev boshchiligidagi ishchi guruh ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini joyiga chiqqan holda o‘rganish uchun Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.
Ishchi guruhga viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Safarov hamrohlik qildi.
Ta’kidlash joizki, hududda maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash qizg‘in pallaga kirgan. Maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash jarayoniga mahalliy hokimliklar tomonidan e’tibor qaratilayotganligi quvonarli hol.
Maktablarni joriy ta’minlash va tegishli sharoitlar yaratishga mablag‘lar ajratilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Biroq yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik deganda faqat ta’mirlash va jihozlash ishlari emas, balkim ta’lim muassasalarini mazmunan boyitish ham muhim ahamiyatga ega.
Bu borada Qumqo‘rg‘on tumanidagi 2-, 3-sonli, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 33 sonli maktablar yangi o‘quv yili oldidan tayyor holatga keltirilgan.
Shu bilan birga, viloyatda qurilish ta’mirlash ishlari yakunlanmagan, metodik jihatdan tayyor holga kelmagan maktablar ham mavjud.
Xususan, ishchi guruh tashrif buyurgan Jarqo‘rg‘on tumanidagi 40-maktabda 240 o‘rinli bino yangidan qurilgan. Biroq yangi bino o‘quv jihozlari bilan umuman ta’minlanmagan. Ishchi guruh tomonidan jihozlarni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qilindi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi 19-maktab binosi to‘liq buzilib yangidan 540 o‘rinli maktab qurilmoqda. Lekin bino yangi o‘quv yiliga bitmaslik ehtimoli yuqorigi sabab o‘quvchilarni boshqa maktablarga vaqtincha ko‘chirish choralari ko‘rilgan. Ishchi guruh tomonidan maktabni parallel ravishda jihozlash bo‘yicha metodik tavsiyalar berildi.
Ishchi guruh tashrif buyurgan kuni Qumqo‘rg‘on tumanidagi 49-maktabda jami 49 nafar o‘qituvchilardan 12 nafari ishga kelgan xolos. O‘qituvchilar bilan suhbat davomida ularning ko‘pchiligi sohadagi islohotlardan to‘liq xabardor emasligi ma’lum bo‘ldi.
Angor tumanidagi 5-sonli maktabda esa aksariyat sinf xonalari yangi o‘quv yiliga tayyor emas, yangidan nashr etilgan 3-,6-,7-,10-sinflar uchun darsliklar to‘liq yetib kelmagan, maktab kutubxonachilari tomonidan darsliklar bilan ta’minlanish holati tahlil qilinmagan.
Boysun tumanidagi 45-maktab M-39 katta magistral yo‘l yoqasida joylashgan. Lekin katta yo‘ldan xavfsiz o‘tish uchun sharoit yaratilmagan. Yo‘l o‘rtasi beton to‘siq bilan to‘silgan. Ishchi guruh tomonidan mahalliy hokimlik vakillariga yo‘l harakati xavfsizligiga mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda o‘quvchi va o‘qituvchilarning katta yo‘ldan xavfsiz o‘tishlari uchun sharoit yaratish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
O‘rganishlar davomida maktablarni o‘quv yiliga sifatli tayyorlash bo‘yicha yo‘l xaritalarini shakllantirish, ko‘rgazmali seminarlar tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.