Yashil makonni birga quraylik
Yurtimizning har bir qarich yeri oltinga teng. Go‘zal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvlari har qanday kishini maftun etadi. Mana shunday betakror go‘zallikni asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish har birimizning burchimizdir.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash mamlakatimiz boʻylab ulkan tashabbus, xayrli harakatga aylanib ulgurdi. Loyiha doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. “Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekistonda daraxtlar sonini oshirishga qaratilgan bu kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvatlaydi. Har yili viloyatlararo va tumanlararo kuz va bahor fasllarida ko‘kalamzorlashtirish va turli xil tupdagi ko‘chatlar o‘tqazish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Shahrisabz tumanidagi davlat idora va tashkilotlari o‘rtasida ham xorij davlatlaridan olib kelingan daraxt ko‘chatlari va har xil manzarali butalar ekilgan edi. Xususan, Shahrisabz tumani 2-kasb-hunar maktabida ham kuni kecha “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha ommaviy hashar tashkil etildi.
Uni kasb-hunar maktabi mussasasi rahbari Zoir Mirzoyev hamda ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sharofiddin Haqnazarov boshchiliklarida boshlab berildi. Umumhashar yo‘li bilan o‘tkazilgan ushbu loyihada barcha maktab o‘qituvchilari faol qatnashdi. Ushbu “Yashil makon” loyihasi doirasida 1650 dona turli xildagi manzarali qalamcha va butalar ekildi. Shu jumladan, 400 dona terak, 200 dona na’matak, 200 dona tol, 250 dona uzum, 600 dona tut ko‘chatlari shu kunning o‘zida ekib bitkazildi.
Shuningdek, 2021-yilda muassasa bog‘chasida 3 sotix shinamgina issiqxona qurilgan edi. Yilning to‘rt faslida ham yam-yashilga burkangan issiqxonada 10 turga yaqin poliz ekinlari yetishtiriladi. Erta bahordan ushbu poliz mahsulotlari mahalladagi do‘kon va bozor rastalariga o‘z joyini egallaydi. Muassasa rahbariyatining g‘ayrat shijoatini qarangki, ushbu issiqxonadan tushgan barcha daromadlarini kasb-hunar maktabida tahsil olayotgan o‘quvchilarning tushlik va kechki ovqatini muassasa hisobidan ta’minlab berishi tashkillashtirilgan. Albatta, bu qilinayotgan samarali ishlar ertangi kelajak davomchilarimizga ham foyda beradi.
Behzod NAMOZOV,
Shahrisabz tumani 2-
kasb-hunar maktabi o‘qituvchisi