Yunusobodning lider qizlari aniqlandi
Yunusobodning lider qizlari aniqlandi
O‘quvchiligimizda qizlar o‘rtasida bo‘ladigan tanlovlarning shartlari doimo bir xil, ayniqsa, oxirgi shartning erkin mavzu bo‘lishini hamma bilardi. Qarangki, bugungi shiddat bilan yangilanib borayotgan davrda shunday tanlovlarga yondashuv ham yangicha tus olyapti.
Yunusobod tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan “5 tashabbus — 5 imkoniyat” shiori ostida o‘tkazilgan “Qizlarjon” ko‘rik-tanlovi shartlari ham noan’anaviy tarzda o‘tdi. Tumandagi 42 ta umumta’lim maktablaridagi 500 dan ziyod turli yo‘nalishlarda yetakchi bo‘lgan qizlar orasidan 18 nafari 4 ta shart asosida kuch sinashishdi. Tanlov shartlarining noan’anaviy ekani diqqatga sazovor. Zero, “Men iste’dodman”, “Sport malikasi”, “Texno tashabbus”, “Kitobning do‘stiman”, “Daromadli oshxona” kabi yangicha shartlar ostidagi bellashuvlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, qizlarning kitoblar bilan qanchalik do‘stligini yaqqol ko‘rsatib bergan 4-shart bugunning dolzarb masalasi ekani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
4 ta seksiyaga bo‘lingan holda bellashgan qizlar orasidan 1-o‘rin 12-maktab o‘quvchisi Fotima Ismoilovaga, 2-o‘rin 70-maktab o‘quvchisi Nikita Yuldasheva hamda 9-maktab o‘quvchisi Ruxshona Ravshanovaga, 3-o‘rin 17- maktab o‘quvchisi Diyora Abduraxmonova hamda 58-maktab o‘quvchisi Muslima Yormatovaga nasib etdi.
Tanlovda ishtirok etgan Yunusobod tumani Xalq ta’limi bo‘limining ma’naviy-axloqiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘ba mudiri Dilobar Mo‘minova, o‘quvchilarni kasbga yunaltirish va pedagogika-psixologiya tashxis faoliyatini tashkil etish sho‘ba psixolog metodisti Shaxodat Rahimjonova, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Yunusobod tumani ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi bosh mutaxasssisi Jasurbek Qobilovlar ishtirokchi qizlarning barchasini alohida e’tirof etib, kelajakda ularga ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.
Bir-biridan orasta bu qizlarning “men ham lider bo‘la olaman,” deya maktabi sha’nini himoya qilish uchun shu sahnada turganining o‘zi bir jasorat, — dedi Dilobar Mo‘minova. — Bizning maqsadimiz tanlovni tashkil etishgina emas, shu orqali o‘quvchi qizlarimizni turli salbiy holatlardan yiroq tutish, ularni oilaviy hayotga tayyorlab borish yo‘lida ma’nan, jismonan yuksaltirish.
Munojat MO‘MINOVA