memorandumi imzolandi
O‘zbekiston va Sloveniya korrupsiyaga qarshi kurashish organlari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasi Sloveniyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida Sloveniya Respublikasi Korrupsiyaning oldini olish komissiyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov O‘zbekistonda kechayotgan yangilanishlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilish, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ilg‘or xalqaro tajribani hayotga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘zlab berdi.
Sloveniya Korrupsiyaning oldini olish komissiyasi bosh komissari Robert Shumi O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining rivojlanib borayotganini qayd etib, Sloveniyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tajribasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, Sloveniya Korrupsiyani oldini olish komissiyasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim yo‘nalishlari — davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash, davlat xizmatida halollik prinsipini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga oid qonunchilik va uni qo‘llash amaliyoti haqida taqdimot o‘tkazildi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Sloveniya Respublikasi Korrupsiyani oldini olish komissiyasi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Tomonlar kadrlar malakasini oshirish yuzasidan tadbirlar tashkil etish, tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha axborot almashish, ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashish organlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Tashrif doirasida Sloveniya parlamenti, Davlat boshqaruv vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, sud organlari, Axborot komissarligi va Transparency International xalqaro tashkilotida ham uchrashuvlar ko‘zda tutilgan.