GULLAR BAYRAMI
2023-yil 21-may kuni Namanganda go‘zallik va nafosat ayyomi — 62-Xalqaro gullar festivali boshlandi.
Dunyoning manaman degan mamlakatlari parad orqali o‘z harbiy salohiyatini ko‘z-ko‘z qilayotgan bir davrda bizning tinchliksevar Yangi O‘zbekistonimizning gullar shahri — Namanganda gullar avtoparadi orqali go‘zallikni butun jahonga tarannum qilinmoqda. Avtoparaddan o‘rin olgan turli transport vositalaridagi ajoyib ko‘rinishlar xorijiy mamlakatlardan kelgan mehmonlar va jurnalistlarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Gullar diyori Namanganning an’anaviy bayrami — 62-Xalqaro Gullar festivali Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida qizg‘in ruhda davom etmoqda.
Viloyatdagi tumanlarning barchasi o‘zlari uchun ajratilgan maydonlarni bayramona tusda gullar bilan yasatdi.
Ayniqsa, Chust tumaniga ajratilgan maydondan mehmonlarning keti uzilmaydi. Uning ramzi bo‘lgan do‘ppi-yu pichoqlari hamda Chust bog‘idagi minorani aks ettirgan turfa gullar kompozitsiyasi barchaning hayratini oshirdi. Namanganning eng sara gullaridan tashkil topgan maxsus kompozitsiyada milliy an’analarimizga xos hamda Chust shahrining tashrif qog‘oziga aylangan maketlari barpo etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, milliy va bunday katta xalqaro festivalda yoshlarni hamda viloyatimiz va tumanimizning milliy brendi bo‘lmish va yoshlar ishlari agentligi Chust tuman bo‘limi jamoalari hamda tumandagi 72 mahalla yoshlar yetakchilarining xalqaro gullar bayramiga milliylikni saqlagan holda jamoa bo‘lib ishtirok etishi quvonarli xol bo‘ldi desam adashmagan bo‘lamiz. Bu borada Yurtboshimizning “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi — bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi — ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”, degan so‘zlarini alohida ta’kidlash o‘rinli.
Otabek QOBULOV,
Chust tumani Tinchlik mahallasi yoshlar yetakchisi