xudud
QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH HUDUDIY KENGASHI TASHKIL ETILDI
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengeshida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining taʼsis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi va aʼzolari, respublikaning huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida Agentlik direktori A. Burxanov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, bu borada qator amaliy choralar ko‘rilayotgani va o‘zining ijobiy samarasini berayotganini qayd etdi. Biroq joylarda byudjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya holatlari hamon saqlanib qolayotganligi, bu borada mahalliy hokimiyat idoralari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish, ushbu illatga qarshi barcha kuch va vositalarni safarbar qilish lozimligini taʼkidladi.
Shundan so‘ng, yangi tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi aʼzolari tanishtirilib, ularga yuklatilayotgan vazifalar, huquq hamda vakolatlar haqida so‘z yuritildi. Xususan, Hududiy kengash:
yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida maktablar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish fanlarining o‘tilishini tashkil etish va uni nazorat qilib borish;
hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda «Korrupsiyaga qarshi ekspertiza» o‘tkazish tizimini ishlab chiqish va uni nazorat qilib borish;
korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlar o‘tkazish yuzasidan takliflar berish;
hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks o‘rganish va boshqa vakolatlarga ega.
Shuningdek, yig‘ilish davomida Hududiy kengashga korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalardagi qonunchilik hujjatlari va amaldagi tartiblarni xatlovdan o‘tkazish, davlat idoralari va tashkilotlariga ishga qabul qilishda adolat, ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga amal qilinishini qatʼiy nazoratga olish, fuqarolarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish, ular tomonidan ko‘tarilayotgan muammolarni tahlil qilish, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish kabi vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.