YANA ATTESTATSIYA HAQIDA–3 yoxud achchiq haqiqat

Dolzarb mavzu YANA ATTESTATSIYA HAQIDA–3 yoxud achchiq  haqiqat
224


Koʻplab maqolalarim yozilishi uchun taʼlim tizimi muammolari sabab boʻlgan boʻlsa, bir qismiga esa “Maʼrifat” mushtariylari” telegram guruhidagi bahs va munozaralar turtki bergan. Bahorgi attestatsiya natijalariga nisbatan noroziliklar ijtimoiy tarmoqlarda hali-hanuz boʻy koʻrsatib turibdi. Bu hol bahorgi attestatsiya haqidagi fikrlarimni mushtariylar bilan oʻrtoqlashishga undadi. Avvalo, attestatsiya haqida... 

Attestatsiya haqidagi gap-soʻzlarda, asosiy urgʻu  70 foizlik ustamaga qaratilmoqda. Toʻgʻri, 70 foizlik ustama koʻpchilik uchun imkoniyat. Lekin mazkur attestatsiyadan yana bir maqsad – vazir ustamasiga nom­zodlarni saralaydigan imtihon ham ekanligini koʻpchilik yo unu­tib qoʻydi, yoki eʼtibordan chetda qoldirishdi. Yuzlab, balki minglab munosib nomzodlar eʼtibordan chetda qolib kelayotgan vazir ustamasining mazkur attestatsiya natijalariga bogʻlanishi judayam adolatli ish boʻldi. Endi turli bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan vazir ustamasiga  nomzodlarni saralash jarayonida inson omiliga mutlaqo oʻrin qolmadi.


Sal avvalroq “Maʼrifat”da eʼlon qilingan attestatsiya haqidagi maqolamni matematika oʻqituvchimiz oilaviy oʻqishibdi. Chunki oila aʼzolarining barchasi oʻqituvchi. Shunda tanqidiy maqolalarimga oʻrganib qolgan koʻpchiligi “Iye, domla ham hukumat taraf boʻlib ketibdi-ku” deyishibdi. “Fikrlaringizni diqqat bilan qayta-qayta oʻqib chiqdim. Vaqt masalasiga toʻxtalsam. Rostdan koʻplab, bizdan oldingi fanlardan qatnashgan oʻqituvchilar vaqt yetishmasligi haqida koʻp gapirishgan edi. Yaxshi tayyorgarlik koʻrmagan tilchi hamkasbim yaxshi ball olib chiqdi. Sababini soʻrashganda “Ustozning test ishlash usulidan foydalanganim foyda berdi” deb javob berdi”, dedi matematika o‘qituvchimiz. Balki kimdir oʻqigandir, oʻtgan yili “Maʼrifat”da test ishlash usullari haqida maqolam chiqqan edi. Unda murakkablik darajasi juda yuqori boʻlgan testlarni tez va kafolatli ishlash taj­ribam bilan oʻrtoqlashgan edim. ­Ha­m­kasbim ana shu usuldan foyda­lanib anchagina yaxshi natija koʻrsa­tibdi. Men ham shu usuldan foyda­langan edim. Yarim soatdan koʻproq vaqt ortib qoldi. Oʻqituvchi nafaqat puxta bilimga, balki test ishlash texnologiyasi sohasida ham tajribaga ega boʻlishi kerak. Toʻgʻri, bahorgi attestatsiya jarayonida xato va kamchiliklar koʻp boʻldi. Ammo kuzgi attestatsiyada bular bartaraf etiladi degan yaxshi niyatda boʻlamiz. Agar pensioner oʻqituvchilar ishlashiga taqiq chiqib qolmasa kuzgi attestatsiyada ham albatta ishtirok etish niyatidaman. Yana uch yil ishlash niyatim bor. Sababi, 8-9-sinfda oʻqiy­digan 4-5 shogir­dimni oliygohga tayyorlashim, kamida ikki-uchtadan sertifikat olishiga yordam berishim, imkoni boʻlsa grant asosida oʻqishga kirishini taʼminla­shim zarur.


Ayrim guruh aʼzolarining attestatsiya haqidagi fikrlarini keltirib, keyin ularni baholi qudrat tahlil qi­laman.


 “Maʼrifat” mushtariylari” telegram guruhi aʼzosi Zafar Moʻminov: 

“Assalomu alaykum, hurmatli guruhimiz aʼzolari! Men bu fikrlarga 50 foiz qoʻshilaman va 50 foiz qarshiman.
Oʻqituvchilarda bilim darajasi pastroq boʻlib ketdi. Bu yosh oʻqituv­chilar orasida koʻproq uchramoqda. Qirq yoshdan oshgan oʻqituvchilar bilimi ancha yuqori. Undan past yoshdagilarning bilimi sayoz. Oʻz fanini yaxshi bilmaydi. Oliygohni amallab tamomlab olishgan. Oʻz ustida ishlamaydi. 
Ayniqsa, hozirgi xususiy oliygohni tamomlayotgan oʻqituvchilar mendan xafa boʻlmasin, bilimi juda sayoz. Ular hatto imtihon topshirmagan, koʻplari yuqori kursdan kirib olgan. Men bilan ham shunday yosh kadrlar ishlamoqda. Na bilim bor, na salohiyat. 
Bilimli yoshlar ham bor. Oʻzim guvohi boʻlgan bir necha yosh oʻqituv­chi ikki yilda oliy toifa olishdi, milliy sertifikat sinovida hatto 86 baldan yuqori ball ham toʻplashdi.
Endi kasbiy sertifikat imtihonlarini jonlantirish kerak, menimcha. Undan oʻtgan yoshlar shu natijaga erishmoqda. Kasbiy sertifikat joriy etilishidan oldin ishga kelganlarida bilim boʻyicha muammo koʻproq.

Aziz zamondosh, mening fikrim bu shaxsiy fikr. Atrofimdagi oʻnlab maktablar oʻqituvchilarini kuzatish hosilasi. Balki fikrim xatodir. Kimningdir koʻngliga tegib ketgan boʻlsam uzr soʻrayman. Menimcha, oʻqituvchi bilimli boʻlsa, hech qachon muammoga duch kelmaydi”.

Ming bir istihola bilan aytilgan bu fikrlarni notoʻgʻri deb boʻladimi? Menimcha, barchasi haqiqat. Achchiq haqiqat. Bahorgi attestatsiya natijalari ham bu fikrlarning haqiqat ekanligini koʻrsatib turibdi.


Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra bahorgi attestatsiyada qatnashgan o‘qituvchilar vazirlikni 6 marta sudga bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda bir guruh oʻqituvchilar attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktab­gacha va maktab taʼlimi vazirligi ustidan sudga daʼvo arizasi kiritgani haqida xabarlar tarqalgan edi.


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Sardor Rahimboyevning Gazeta.uz nashriga bergan maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil aprel-may oylaridagi attestatsiya imtihoni boʻyicha shu vaqtga qadar vazirlik 5 marta turli fan oʻqituvchilari tomonidan sudga berilgan.


Ularning toʻrttasida vazirlik yutgan, bittasida esa sud tomonidan tayinlangan mustaqil ekspertlar attestatsiya savolida xatolik mavjudligini aniqlagan va vazirlik tomonidan da’vogar oʻqituvchiga ball qoʻshib beriladigan boʻlgan.


2025-yil aprel-may oylaridagi attestatsiya imtihoni boʻyicha yaqinda sudga kiritilgan daʼvo arizasi oltinchisi hisoblanib, mazkur sud ishi endi koʻrib chiqilishi kutilmoqda.


Bahorgi attestatsiyada qatnashgan pedagoglar qanday natija koʻrsatdi?

 Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi masʼul xodimi Sardor Rahimboyevning taʼkidlashicha, 2025-yil aprel-may oylarida o‘tkazilgan attestatsiya test sinovlarida davlat maktablarida faoliyat yuritayotgan 40,9 ming nafar ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisidan 15 993 nafari qatnashgan. Shundan 78 foiz oʻqituv­chining yiqilishi har taraflama oʻylab koʻrishga arziydigan jiddiy muammolar borligini koʻrsatadi.

Attestatsiya natijalariga ko‘ra:

– 1 148 nafar(14,6 %) o‘qituvchining malaka toifasi oshirilgan;
– 2 331 nafar o‘qituvchining toifasi yangi 5 yillik muddatga saqlab qolingan;
– 912 nafar(5,7 %) o‘qituvchilarning toifasi pasaygan;
– 11 697 nafar(73,1 %) o‘qituvchilar salbiy natija ko‘rsatgan, ammo ular attestatsiyada navbatdan tashqari qatnashgani sababli toifasi o‘zgarmagan.


Attestatsiya jarayonlari yuzasidan 28000 dan oshiq savolga e’tiroz, 40500 elektron apellyatsiya tushganligi bu yo haqiqatdan testlar juda chalkash tuzilganligidan yoki oʻqituvchilar bu saviyadagi testlarga tayyor emasligidan dalolat beradi. Men bu yerda oʻqituvchilarning bilimi sayoz demoqchi emasman, baʼzi murakkab testlarni ishlashda tajribasizlik qilgan boʻlishi mumkin. Bundan 5 yil avval mantiqiy, notoʻgʻri javob topilishi soʻralgan testlar qoʻllanila boshlangan edi. Ana oʻshanda bitta emas uch nafar shogirdim soʻralgan notoʻgʻri javob oʻrniga toʻgʻri javob belgilab  15–20 baldan yutqazib qoʻyishgan edi.


Attestatsiya jarayonida qatnashgan oʻqituvchi sifatidagi mening xulosam – testlar judayam qiyin emas, loaqal milliy sertifikat imtihonlarida tushadigan testlarga nisbatan ancha oddiy va sodda tuzilgan edi. Men ishlagan 50 ta testdan bittasida ikkita toʻgʻri javob berilgan degan xulosaga kelgandim. Balki ikkita bir xil javob notoʻgʻri javob boʻlib, boshqa javobda toʻgʻri javob berilgan  boʻlishi ham  mumkin.


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Sardor Rahimboyev xato savollar uchun koʻplab oʻqituvchilarga ball qoʻshib berilganini aytgan.


“Dunyodagi barcha testlash tizimlari­da xato savollar uchrab turadi, albatta. Afsuski, test savollari orasida shu vaqtgacha ham ayrim xatolar boʻlgan va bundan keyin ham boʻlishi mumkin. Bu yilgi attestatsiya sinovlarida ham sanoqli xato savollar uchraganini tan olish kerak.
Bu savollar uchun koʻplab oʻqituvchilarga ball qoʻshib berildi. Bitta savolning xatoligi aniqlansa, oʻsha savol kimga tushgan boʻlsa, hamma qatnashchilarga ball qoʻshib beriladi”,  deb taʼkidlagan u.


Shu oʻrinda yana bir narsani taʼkidlab oʻtmoqchiman, mazkur attestatsiyada qat­nashib 82 ball toʻplagan edim. Test sinovi payti bitta testda ikkita bir xil toʻgʻri javob borligini bildim va nazoratchilardan eʼtiroz bildirsam boʻladimi deb soʻraganimda test yakunlangach apellyatsiya berasiz deyishdi. To sertifikat tarqatilgunga qadar men  ham  Sardor Rahimboyev taʼkidlaganidek, ikkita toʻgʻri javobli testning xatoligi aniqlansa, mazkur test uchun barcha ishtirokchilarga ball qoʻshib berilishini kutdim. Ammo sertifikatlar tarqatilganda, 82 ball olibman. Demak, yoki mazkur test uchun hech kim apellyatsiyaga ariza bermagan, yoki vazirlikning xato javoblar uchun barchaga ball qoʻshib berilgani haqidagi iddaosi yolgʻon. Yana bir narsa, loaqal birorta ishlaganimdagi baldan  sertifikatimdagi ball koʻp ekan degan oʻqituvchini uchratmadim.


Nufuzli nashrlardan boʻlgan Gazeta.uz ning taʼkidlashicha, birinchi va ikkinchi smenalarda ishtirok etganlarning natijalarida tafovut kuzatilgan, internetda “iks variant”lar tarqalgan:

“Birinchi smenada test topshirgan talabgorlar nisbatan past ball to‘pla­gan bo‘lsa, ikkinchi smena ishtirokchilari ancha yuqori ball olgan. Bu holat test savollari va ularni tarqatish tizimi bilan bog‘liq jiddiy shubha hamda e’tirozlarni yuzaga keltiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, tuzilgan test savollarining ayrim namunalarini test boshlanishidan oldin yoki birinchi smenadan so‘ng “iks variant” ostida ochiq ravishda internetda tarqatish holatlari kuzatilgan”(Gazeta.uz).


Isbot va dalillarsiz bu iqtibosni keltirishim balki nooʻrindir, ammo xalqimizning ajoyib bir maqoli bor: “Shamol boʻlmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi”. Balki yuqoridagi fikrlarda ham jon bordir.


Test sinovlarida ishtirok etgan va natijalaridan norozi boʻlgan ustozlardan biri, “Maʼrifat” mushtariylari” guruhi aʼzosi Sanobar Berdiyevaning fikrlari:

“Oʻz fanim yuzasidan, shaxsan jarayonda ishtirokchi boʻlganim uchun fikrimni bildirmoqchiman.

 Birinchidan, savollar MS darajasidan ancha qiyin edi. Chunki men MSni bir urinishda oʻynab-kulib oldim.

Ikkinchidan, savollar darsliklardan tuzilgan, lekin koʻp vaqt talab qiladigan 2-3 qismli savollar edi. Kalavaning uchini topib javobga moslashtirish uchun kamida 5-6 minut vaqt ketdi. Odatda, birin­chi osonlarini yechib chiqardim, 15–20 ta boʻlardi. Lekin bu safar 16 minut qolganida ham hali yechilmagan 20 ta savolim bor edi.

Uchinchidan, internetda nosozlik kuzatildi. Bir necha savollarni qayta yechishga toʻgʻri keldi. Kamiga vaqtim tugadi, chiqishni bosmasimdan toʻligʻicha  tizimdan chiqarib boʻsh ekranni koʻrsatdi, balimni koʻrolmadim, kuzatuvchilar shaxsiy kabinetingizga kirib koʻrasiz endi, deb chiqarib yuborishdi. Chiqib hovlida yarim soat urinib balimni koʻrdim.

Toʻrtinchidan, bir oylarcha oldin chiqadigan oʻrganish testlarida ham odatdagi testlarni qoʻyib bizni aldashdi. Hech boʻlmasa, repetitsiya testlarining qiyinlik darajasi imtihon kunidagi testlardek boʻlganida edi, biz oʻzimizni hech yoʻq ruhan tayyorlab borardik.

Xullas, “u emas,  bu emas, bermasning oshi pishmas” boʻldi.

Oʻsha kuni 1-smenada borgandim, bino motam ruhida edi. Ustozlar xafa, hammasi jim, boshi quyi egilgan. Butun boshli Toshkent shahri va viloyatidan bir dona ham ustoz oʻtolmaganini qanday baholash mumkin, oʻqituvchilar savodsizmikan?

Singlim bilan muhokama qilib metroda boshqa yo‘nalishga o‘tmasdan 2 bekat oʻtib ketib qaytib keldik.

To oʻzimni ruhan moslashtirgunimcha qancha asablarim ketdi. Shuning uchun savollar oson edi, deyishsa chidolmayman”.


Shu oʻrinda mushtariylar uchun esla­tib oʻtishim joizki, mazkur iqtibosda kelti­rilgan fikrlar mening guruhdagi “Attestatsiya testlari juda ham qiyin emas edi” degan postimga nisbatan telegramdagi chat(menimcha bu soʻz lugʻatimizdan joy olib boʻldi) jarayonida bildirilgan va aslicha keltirildi. Endi  Sanobar ustozning bildirib oʻtgan fikrlariga toʻxtalib oʻtsak.


Ustozning fikrlarida jon bor. Ammo barchasi mutlaq haqiqat, yoxud mazkur holat uchun faqat bir tomon, yoki tashkilotchilar yoki oʻqituvchilar aybdor emas. Avvalo, ona tili va adabiyot oʻqituvchilarining fojiasini tahlil qilsak. Chunki boshqa fanlarga nisbatan ona tili va ada­biyot fani oʻqituvchilarining natijalari salbiyroq. Buni yuqorida keltirilgan natijalar sarhisobi ham koʻrsatib turibdi.


Mashhur shoirimiz Usmon Azim­ning “Bizni  chalkashtirdi soat millari” degan misra bilan boshlanadigan sheʼri bor. Nazarimda ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilarini ham, oʻqituvchilarning bilimdon va oʻz ustida ishlaydigan qismini  Milliy sertifikat imtihonlari chalgʻitdi, yoki shoirona aytadigan boʻlsak, chalkashtirdi. Xoʻsh, qanday qilib deysizmi?  Maʼlumki, ona tili va adabiyot fanidan Milliy sertifikat imtihonlari ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida, oʻqituvchi va abituriyentlarning bilim va malakasini mukammal aniqlashga qaratilgan tizimda tashkil etilgan. Bunda sinovdan oʻtayotgan shaxsning ogʻzaki, yozma, ijodiy qobiliyatlari anchagina mukammal sinovdan oʻtkaziladi. Ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilariga nisbatan anchagina yaxshi natija koʻrsatishgan boshqa fanlarda esa sinovlar asosan test sinovlariga asoslangan edi. Natijada mantiqiy va murakkablik darajasi yuqori boʻlgan testlar ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilarini dovdiratib qoʻydi desak mubolagʻa boʻlmasa kerak. Buning ustiga, yuqoridagi postda taʼkidlanganidek, repetitsion testlarning savi­yasi ham koʻpchilikni chalg‘itdi. Yaʼni, koʻpchilik oʻqituvchilar repetitsion testlar darajasidagi kabi testlarni kutishgan edi. Ammo murakkablik darajasi yuqori boʻlgan, mantiqiy fikrlash va tezkorlikni, testologiya sohasi koʻnikmalarini talab qiladigan va faqat testdan iborat boʻlgan sinov bilimi va malakasi yuqori boʻlgan ustozlarni ham dovdiratib qo‘ydi.


Endi vazirlik va test topshiriqlari­ni tayyorlagan mutaxassislarni ham oqlab boʻlmaydi. Xalq mablagʻlari, taʼlim kelajagi tarozining bir pallasiga, oʻqituvchilarning bilim va malakasini aniqlash  va ularni moddiy ragʻbatlantirish ikkinchi pallaga qoʻyilgan murakkab jarayon­da ular masʼuliyatli va adolatliroq boʻlishlari kerak edi.


Soʻzimiz soʻngida yana testlarning saviyasi haqida toʻxtalib oʻtsam. Boshqa fanlarni bilmadim-u, ammo tarix fanidan tushgan savollar qiyin emas edi. Men shaxsan taniydigan, bilim va mahorati qay darajada ekanligini biladigan hamkasblarning natijalari oʻz saviyasiga mos boʻldi. Oʻz ustida muntazam ishlab, ya­ngiliklar va oʻzgarishlardan boxabar boʻlib boradiganlari oliy toifani ham olishdi, 70 foizlik  ustamaga ham eri­shishdi. Boshqalar ham oʻz saviyasiga mos natija koʻrsatishdi... Ammo xulosalar har xil. Ayrimlari alamzadalik bilan endi navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashmayman, baʼzilari esa yanagi attestatsiyada kamchiliklarimni toʻgʻrilayman degan xulosa­ga kelishdi.


Xullas, vazir ustamasi va 70 foizlik ustamaga nomzodlarni saralagan birinchi sinov ortda qoldi. Natijalardan xulosa chiqarish oʻqituvchilarning ixtiyorida...


Normamat ESHONQULOV,  

Oltinsoy tumanidagi 63-maktabning tarix fani oʻqituvchisi

Maqola muallifi

Normamat ESHONQULOV

Normamat ESHONQULOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Gazeta
  • #Raqobat
  • #Ustoz

Ulashish