Ayni kunlarda «Bilimlar bellashuvi»ning
tuman bosqichi davom etmoqda. Maktablarda eng bilimli deb topilgan o‘quvchilar tuman
bosqichida ishtirok etar ekan, bu bosqichda nafaqat bolaning bilimi va qobiliyati
sinovdan o‘tkaziladi, balki o‘quv muassasasining reytingi ham aniqlanadi va natijalar
asosida ta’lim jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni to‘ldirish choralari ko‘riladi.
Demak, «Bilimlar bellashuvi» maktab jamoasining ham mehnatiga baho beruvchi jarayon
hisoblanadi. Shunday ekan, bu bellashuvda o‘z o‘quvchisining faol ishtirok etishidan fan o‘qituvchisi, maktab va sinf rahbari, maktab
psixologi ham birdek manfaatdor, desak yanglishmaymiz.
«Bilimlar bellashuvi»da muvaffaqiyat
qozonish uchun o‘quvchining chuqur bilimga ega bo‘lishi bilan birga ruhiy tayyorgarligi
ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda maktab psixologlari nimalarga e’tibor
qaratishi lozim, umuman, o‘quvchining har bir sinovga tayyorgarlik ko‘rishida maktab
rahbari, fan o‘qituvchilari, psixolog va ota-onalar hamkorligi qanday bo‘lishi kerak?
Har bir maktabda o‘tgan
2010-2011 o‘quv yilida bo‘lib o‘tgan «Bilimlar bellashuvi» natijalari sarhisob qilinib,
o‘qituvchi va o‘quvchi bilimidagi kamchiliklar, bo‘shliqlar aniqlanib, tahlil etilgan.
Va o‘qituvchilar o‘quvchilari bilan o‘z
fani bo‘yicha tayyorgarlikni yozgi ta’til paytidanoq boshlab yuborgan.
To‘g‘ri, ular bolaning fan
bo‘yicha bilimlarini mustahkamlar, lekin ba’zi holatlarda hayajonlanish, begona
odamlardan iymanish, berilgan savollarga bila turib javob bera olmaslik, tortinish
natijasida ham o‘quvchi past ball olishi mumkin. Mana shunday holatlarni bartaraf
etishda maktab psixologining mahorati, malakasi, ta’lim-tarbiya rivojida uning tutgan
o‘rni yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
— Har bir bola bir olam,
har bir shaxsning o‘ziga xos sifatlari bor. Ya’ni, har bir insonning o‘ziga yarasha
fe’l-atvori, xarakteri, qiliqlari va o‘zigagina tegishli bo‘lgan xulqi bo‘ladi. Qaysidir o‘quvchida ijtimoiy fanga qiziqish yuqori
bo‘lsa, ba’zilari aniq yoki tabiiy fanlarni yaxshi o‘zlashtiradi, — deydi Toshkent shahridagi 165-maktab
psixologi Adham Usmonov. — Yana bir toifa o‘quvchilarning
yozma nutqi yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Ular test savollariga javob berishi, insho,
bayonni a’loga yozishi mumkin. Afsuski, og‘zaki suhbatda o‘z fikrini to‘liq ifodalab
bera olmaydi. Berilgan savollarga javobni bilib tursa-da, hay’at a’zolariga aytib
berishda hayajon bosadi. Ana shunday o‘quvchilar
bilan psixolog alohida shug‘ullanishi, uning nutqini o‘stirish, begonalar oldidagi
tortinchoqligini yo‘qotish uchun suhbatlar olib borishi kerak.
Men o‘quvchilarni «Bilimlar
bellashuvi» va boshqa tanlovlarga tayyorlashga mo‘ljallangan «O‘zingga ishon» deb
nomlangan test bankini tuzib chiqdim. Bu testlarda bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini
oshirish uchun savollar berilgan. Shuningdek, boshqalar oldida dadil va burro gapirishi
uchun qilishi kerak bo‘lgan amallar o‘rgatiladi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchi
bellashuvga ruhan tayyorlanadi. Unga g‘olib bo‘lishi shartligi, o‘qituvchisi, maktab
jamoasi ishonchini oqlashi zarurligini aytaman. Ba’zi o‘quvchilar juda oriyatli
bo‘ladi. Ular uchun o‘z sha’ni va qadr-qimmati, maktab obro‘yi har narsadan ustun
hisoblanadi. Unda «albatta, g‘olib bo‘lishim shart va zarur, maktabimizning nomini
oqlashim kerak», degan kuchli istak bo‘ladi. Bu istak esa o‘z-o‘zidan uni g‘oliblik
shohsupasi sari yetaklaydi.
Maktabimizda 1642 nafar o‘quvchi
ta’lim oladi, ularning 33 nafari «Bilimlar bellashuvi»ning tuman bosqichida qatnashmoqda.
— Nafaqat bilimlar bellashuviga
tayyorgarlik, balki boshqa ko‘rik-tanlovlarga tayyorgarlikda ham psixologning o‘rni
muhim, — deydi Toshkent
shahridagi 243-maktab psixologi Feruza Zuhurova. — Chunki yil davomida turli-tuman
ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazmalar, festivallar o‘tkaziladi. Bunda qatnashayotgan bolalarning
barchasi qaysidir yo‘nalishda o‘z iqtidorini namoyon eta oladigan bo‘lishi kerak.
Agar o‘quvchi bu kabi sinovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rsa, kelgusidagi katta sinovlar
oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Shu kabi tanlovlarda ishtirok etgan bolada o‘ziga
va bilimiga ishonch paydo bo‘ladi. Keyinchalik oliy o‘quv yurtiga, ishga kirayotgan
paytda ham undagi jur’at yo‘qolmaydi. O‘quvchini bellashuv va ko‘rik-tanlovlarga
ruhan tayyorlash kelajakda ham o‘z mevasini beradi.
Sharifa MADRAHIMOVA,
«Ma’rifat» muxbiri