Niderlandiyalik olimlar inson oyoq harakatlarini hattoki uch o‘lchamli tasvirda ham aks ettirib berish imkoniga ega poyafzalni yaratishdi. G‘ayrioddiy oyoq kiyimi yaqin o‘rtada sotuvga chiqarilishi rejalashtirilmoqda, deyiladi «Fizorg» manbasida.
Poyafzal sodda ko‘rinishga ega bo‘lib, unda qalinligi 32 mm., qo‘shimcha plastik tag qismi bor. Unda pastki qismga harakatlanish, kuchlanish va yo‘nalish olish datchiklari hamda mitti radio o‘rnatilgan. Inson lokomotsiyasi(harakatlanishi)ni batafsil o‘rganish niyatida bo‘lganlarga tizzalarga taqiladigan maxsus sezuvchan datchiklar, bel qismiga mahkamlanadigan signal qabul qiluvchi uskuna ham taklif etiladi. «Fors Shu» («ForceShoe») deya nomlangan mazkur noodatiy poyafzalning umumiy og‘irligi 2,5 kg.ga teng.
Oyoq kiyimidagi sezuvchan uskunalar harakat tezligi, oyoqqa tushadigan bosim, tezlashish ko‘rsatkichlarini maxsus kompyuterga uzatadi, so‘ngra ma’lumotlar asosida harakat tasviri namoyish etiladi. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, yangilik avvalo insultni boshidan kechirgan insonlarga mo‘ljallangan, chunki ular harakatlanishda qiyinchiliklarga ko‘p uchraydi. Qolaversa, «aqlli» poyafzalni kelgusida yanada qulay va foydali qilish maqsadida uning dizaynini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Natijada, yerda harakatlanish bilan bog‘liq sport turlari mashg‘ulotlarini o‘tkazishda ham poyafzal katta foyda keltirishi mumkin.