Odamizodda Vatanni sevmoq tuyg‘usi qanday ildiz otadi? Shaxs kamolotining asosi va tayanchi sanalgan yurtparvarlik, millatparvarlik fazilatlari qay tariqa jonu jahoniga singib ketadi? U qachon kindik qoni to‘kilgan go‘shani hech qachon va hech nega almashmaydigan ulug‘likni tuyadi qalbida?..
Bular xususida uzoq mushohada yuritish mumkin. Va nihoyat ta’lim va tarbiyaning qudrati bilangina yuraklarning tub-tubiga «Vatan» deganda «jiz» etib vujudlarni titroqqa solguvchi MUHABBATni singdirmoq mumkin, degan iqrorga kelamiz. Bunda esa, shubhasiz, adabiyot fani saboqlari, sinovlarining katta hissasi bor.
O‘n bir yillik o‘qish jarayonida uch maktab, besh sinfda tahsil olganman. Sinfdoshlarimning sonini tasavvur qilavering. Ota-onam tuzukroq maktab, eng ilg‘or sinfda tahsil olishimni istashardi.
Nihoyat, 7-sinfdan shahrimizning eng oldi maktabida o‘qishni davom ettirdim. 2 sentyabr kuni direktor xonasida sinf rahbarimiz Ahmad aka bilan tanishganman. Do‘ppisi tagidan oppoq sochlari xiyol ko‘rinib turgan, yuzlaridagi ajinlar kulganda yana ham ko‘payib ketadigan o‘qituvchi direktordan topshiriq olgach, meni sinfxonamiz tomon boshladi.
Eng oxirgi partaga o‘tqazgani uchun ustozdan xafa bo‘lsam-da, orzuimdagi maktabga joylashganimdan xursand edim. Avvalgi maktablarda faqat «a’lo» baho olib kelganim uchun o‘zimcha o‘yladim: “Hechqisi yo‘q, keyin yaxshi baholarga o‘qib birinchi o‘rinni egallayman!”.
Vatan. Shu bir og‘iz so‘z zamirida uning bag‘rida yashovchi katta-kichikning orzu-istagi mujassam. Bu qutlug‘ go‘sha bor ekan, uning quchog‘ida yayrab o‘samiz, o‘qiymiz, ishlaymiz. U bizning barcha niyat va rejalarimizni ro‘yobga chiqarishga imkon yaratadi. Uni qanchalik sevsak, ardoqlasak kam. Ona kabi boshimizni silagan yurtimiz sha’niga qo‘shiqlar, ash’orlar bitgimiz keladi. «Yurtim, senga jonim fido!» badiiy-ijodiy anjumani muqaddas Vatanimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz ramzidir