ASOSIY MAQSADLAR VA ZAMONAVIY TALABLAR
Uzluksiz ta’lim tizimi, xususan, kasbiy ta’limni rivojlantirish borasida belgilangan ustuvor maqsadlarni amalga oshirish, mamlakat iqtisodiyotining murakkab hamda ko‘p turdagi ehtiyojlarini qondirishga qodir bo‘lgan yetuk kadrlar tayyorlashning yuqori sifatini ta’minlashga qaratilgan Kadrlar tayyorlash milliy modeli va dasturini hayotga tatbiq etish jarayonini muntazam ravishda tahlil qilib borish taqozo etiladi. Shuningdek, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ma’naviy sohalardagi bugungi ilg‘or o‘zgarishlar, ta’lim tizimining moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanayotgani, ta’lim muassasalarida yangi texnika va texnologiyalar, AKTdan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilayotganligini nazarda tutgan holda Milliy modelining mazmun va mohiyati, uni amalga oshirish jarayonlariga doir olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarini ham takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Shu tariqa Milliy dasturda yaqin yillarda hamda istiqbolda bajarilishi belgilangan vazifalarni ishonchli yondashuv asosida amalga oshirish hamda uning mexanizmlarini ishlab chiqish mumkin.
Ta’kidlash joizki, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ijrosini ta’minlashda davlat ta’lim siyosatining asosiy tamoyillari, maqsadli ko‘rsatmalari, uning shaxsga, barkamol avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilganligi o‘zgarishsiz qolishi muqarrardir. Vaqt o‘tishi bilan jamiyat hayotining barcha sohalaridagi chuqur islohotlar, ularning mamlakatdagi jadal rivojlanishga ta’siri, natijalari Milliy dasturni amalga oshirishda yangi talablar qo‘ymoqda, tegishli ustuvor vazifalarni hal qilish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda. Bu talab uning mazmuni (2.2.-bo‘lim)da berilgan hozirgi bosqich vazifalarida o‘z aksini topgan: “... to‘plangan tajribalarni tahlil etish va umumlashtirish asosida, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish”.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Kadrlar tayyorlash milliy modeli hamda dasturini amalga oshirishda uni faqatgina tayanch tushuncha va kategoriyalar asosida rasmiyatchilik bilan hayotga tatbiq etish holatlari kuzatilmoqda. Bu uzluksiz ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan rahbarlar, bevosita ijrochilar, shuningdek, tadqiqotchilar tomonidan Kadrlar tayyorlash milliy modeli hamda dasturining fundamental g‘oya va qoidalariga yetarlicha e’tibor berilmayotganini yoki yuzaki yondashilayotganini anglatadi.
Mustaqillikning dastlabki davrlarida mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlik, jamiyatda tinchlik va ahillikni ta’minlash eng muhim vazifalardan edi. Ayniqsa, mamlakatning taraqqiyot yo‘lini, jamiyat rivojining aniq va yorqin istiqbolini belgilab olish kun tartibida kechiktirib bo‘lmas vazifa sifatida turgan edi.
Ana shunday muhim bir davrda mamlakat kelajagining yaqin va uzoq muddatli taraqqiyot vazifalarini belgilab berishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning ilmiy mardligi, donoligi va uzoqni ko‘ra bilish qudrati keng qamrovliligi bilan namoyon bo‘ldi.
Buning yaqqol misoli 1992 yilning 8 dekabrida qabul qilingan Asosiy qonun — O‘zbekiston Konstitutsiyasidir. Mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingan asosiy qonunchilik hujjatlaridan biri — “Ta’lim to‘g‘risida”gi hamda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi qonunlari o‘zimizga xos va o‘zimizga mos bo‘lgan kadrlar tayyorlash tizimining rivojlanish yo‘llarini belgilab berdi.
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan va amalga oshirilayotgan yo‘lning to‘g‘riligi hech kimda shubha qoldirmadi, rivojlanishning besh asosiy tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos “o‘zbek modeli” esa, umume’tirofga sazovor bo‘ldi. U O‘zbekistonda qator davlatlar amaliyotida kuzatilgan ko‘plab xatolarning chetlab o‘tilishiga, mamlakat rivojida ilg‘or tadrijiylik ta’minlanishiga hamda haqli ravishda yurtimizning xalqaro hamjamiyatda o‘zining munosib o‘rinini egallashida mustahkam asos vazifasini o‘tadi.
Mazkur siyosat o‘zining dinamikasi, zamonaviy hayot haqiqatlarini chuqur ijtimoiy-falsafiy nuqtai nazardan talqin qilganligi, strategik maqsadga erishishdagi qat’iyligi hamda bu borada izchillikni ta’minlaganligi bois O‘zbekiston xalqini hamda jahon hamjamiyati ishonchini qozonib bormoqda, mamlakatda tinchlik, barqarorlik va farovonlikka kafolatni mustahkamlamoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, yangilanishlar zamirida avvalo inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, ilg‘or ijtimoiy ongni shakllantirish, barkamol avlodni tarbiyalash kabi eng ezgu maqsadlar mujassamlashgan.
Tanlangan strategiyaning noyobligi ham shundaki, o‘tish davrida, ko‘plab iqtisodiy va siyosiy muammolar mavjud bo‘lib turgan bir paytda, davlat va jamiyatni rivojlantirishning ijtimoiy sohaga — ta’lim va tarbiyaga, aholi sog‘ligini saqlashga, ma’naviy yangilanish, tiklanishga va yangi ijtimoiy ongni shakllantirishga ustuvorlik berildiki, buning asosiy maqsadi mamlakat mustaqilligi va gullab-yashnashiga erishish, xalqning erki va farovonligini ta’minlash edi.
Qisqacha aytganda, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati strategik maqsadga erishishning eng muhim sharti va omili sifatida iqtisodiyot, fan, madaniyat, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlariga asoslangan yuqori sifatli ta’lim-tarbiya tizimi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ekanligini ko‘rsatib berdi.
Davlat ta’lim siyosati aynan mana shu aniq, chuqur o‘ylangan maqsadni amalga oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, u Milliy modelda aniq aks etgan: “Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish, hayotga tatbiq etish, hech bir mubolag‘asiz, strategik maqsadlarimiz — farovon, qudratli, demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etishimizning asosi bo‘lmog‘i zarur”.
Mustahkam siyosiy iroda va jamiyatning keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashi orqaligina Kadrlar tayyorlash milliy dasturi singari o‘z miqyosiga ko‘ra ulkan ijtimoiy loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish mumkin edi.
O‘z faoliyati davomida kadrlar tayyorlashga o‘ta jiddiy, birlamchi e’tibor qaratib, ta’lim sohasi, barkamol avlodni tarbiyalashga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotgan mamlakatimiz Prezidenti davlat va jamiyat rivojining har bir bosqichida barcha davlat tuzilmalari va jamoatchilik tashkilotlari oldiga bugungi va istiqboldagi aniq maqsad va vazifalarni belgilab bermoqda.
Yuqorida ta’kidlangan faoliyatning asosiy natijalaridan biri sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar — kelajakka, ya’ni o‘sib kelayotgan avlodga, mustaqil fikrlovchi, yuksak ma’naviyatli, yuqori darajada ta’lim olgan, yetuk kasbiy salohiyatga ega shaxsni tarbiyalashga xizmat qilishi lozimligi to‘g‘risidagi g‘oyaning qaror topishidir: “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart”.
Aynan shuning o‘zi jamiyatda yangicha ijtimoiy ongning shakllanishi, ijtimoiy-siyosiy iqlimning yanada yaxshilanishi, mamlakatning taraqqiyoti va gullab-yashnashi, uning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashining sharti va kafolatidir.
Davlat va jamiyatning eng muhim, dolzarb vazifasini hal qilish zaruratidan kelib chiqqan holda mamlakatimizda 1997 yilning fevral-mart oylarida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning bevosita rahbarligida Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ishlab chiqishga kirishildi.
Bu davr davlatimiz kelajagini belgilovchi, yangi ong, yangi tafakkurga ega bo‘lgan shaxsni maqsadli tarbiyalashning o‘ziga xos sarchashmasiga aylandi.
Davlat rahbarining maqsadi aniq va ravshandir, ya’ni xalqning boy madaniy-tarixiy hamda ma’naviy an’analari asosida ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda zamonaning eng yuqori talablariga, jamiyat va har bir shaxsning ehtiyojlariga to‘liq javob bera oladigan o‘zimizga xos va mos bo‘lgan uzluksiz ta’lim tizimini barpo etishdir.
Kadrlar tayyorlash milliy modelining bu sohada mavjud bo‘lgan modellardan mazmun-mohiyat jihatdan farqli tomonlari shundaki, avvalo, uning sistemali yaxlitligi va uzviyligi, o‘z ichiga qamrab olgan shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan, ishlab chiqarish kabi o‘ta muhim komponentlar hamda mazkur sohalarning iqtisodiy-ijtimoiy modernizatsiyasining hisobga olinganligidadir.
Kadrlar tayyorlash milliy modelini amalga oshirishda ko‘zda tutilgan o‘zgarishlarning me’yoriy-huquqiy asosi bo‘lgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uzluksiz ta’lim tuzilmasi, mazmuni va sifatini tubdan qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning g‘oyalari oddiy pedagogik talqin doiralaridan ancha keng bo‘lib, chuqur, ijtimoiy va shaxsga yo‘naltirilgan qadriyatlar mohiyatini ochib beradi. Ushbu g‘oyalar hayotga izchil tatbiq qilinmoqda hamda kutilgan ilk natijalarini namoyon etmoqda.
Oldimizga qo‘yilgan strategik maqsad — “gullab-yashnayotgan, qudratli demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini shakllantirish” davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida izchil, maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni avvaldan belgilab berdi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston xalqi iqtisodiyot va ijtimoiy sohada ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Natijada jamiyatda yangicha ma’naviy va axloqiy qadriyatlar shakllanmoqda. Shu asosda ta’limning qadriyatlari muntazam to‘ldirib borilmoqda. Islohotlarning asosiy mohiyati — shaxsga, uning huquqlari, fuqarolik erkinligi, orzu-umidlari, jamiyatdan munosib o‘rnini egallay olishiga yo‘naltirilganligi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatda milliy madaniy-tarixiy va ma’naviy merosni tiklash va rivojlantirish borasida erishilgan zalvorli yutuqlar bevosita o‘qitish va ta’lim jarayonining mazmuni hamda shaklini sezilarli darajada o‘zgartirib yubordi. Bu shubhasiz, ta’limni insonparvarlashtirish, shaxsni vatanparvarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashda ko‘rinadi.
Davlat va jamiyat qurilishining yaqin istiqboldagi muhim vazifalari qatorida “raqobatbardosh yuksak malakali kadrlarni tayyorlash ustuvorligi” alohida satrlar bilan ko‘rsatilgan. Zero, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tamoyillari shaxsning o‘z ta’limiy, kasbiy, hayotiy yo‘lini tanlashini shart qilib qo‘ydi.
Zamonaviy ta’lim jarayonida yoshlar tanlov erkinligi mavjudligini bilishi, mas’uliyatni anglashi, tanlovni asoslashdagi yondashuvlarning turli-tumanligini tushunishi, uning natijalari va oqibatlarini bashorat qilishi, o‘zini-o‘zi nazorat qila olishi o‘ta muhim jihatlardan hisoblanadi. Agar ta’lim tizimi mavjud shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan, oqilona tanlovni amalga oshirishga qodir bo‘lgan tashabbuskor shaxsni hayotga tayyorlay olsagina ilg‘or ijtimoiy o‘zgarishlar yanada jadallashishi mumkin. Shaxs o‘z qobiliyati, o‘z qiziqishiga binoan o‘z yo‘lini tanlagandagina sifatli bilim hamda zaruriy ko‘nikmani qo‘lga kirita oladi.
Milliy dasturda shaxsning ta’lim yo‘nalishini tanlashni amalga oshirish huquqi va imkoniyati mukammal o‘rin olgan bo‘lib, u izchil amalga oshirilmoqda. Bu bilan O‘zbekistonning ijtimoiy tuzilmasida oliy insoniy qadriyatlarning amalga oshirilishi tasdiqlanmoqda.
Shu asnoda, belgilangan maqsadlarga erishishda ta’lim tizimiga birinchi darajali ahamiyat va imkoniyat berilmoqda “...bugungi kunda oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarimizga, ezgu niyatlarimizga erishishimiz, jamiyatimizning yangilanishi, hayotimizning taraqqiyoti va istiqboli, amalga oshirilayotgan islohotlarimiz, rejalarimizning samarasi taqdiri — bularning barchasi, avvalambor, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, ongli mutaxassis kadrlar tayyorlash muammosi bilan chambarchas bog‘liqligini barchamiz anglab yetmoqdamiz”.
Jamiyat taraqqiyotidagi yutuqlar va rivojlanishlarning o‘sib borishi bilan Milliy dasturga singdirilgan g‘oyalar va qoidalar o‘ziga xos yangi natijalarda namoyon bo‘lmoqda. Aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘zining 1998 yili “Tafakkur” jurnali bosh muharriri savollariga bergan javobida Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ulkan ijtimoiy-iqtisodiy, umummilliy ahamiyatini ko‘rsatib berar ekan, uning to‘laqonli ravishda amalga oshirilishi ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda ijobiy ma’noda “portlash effekti”ningyuzaga kelishini ta’kidlab, ushbu tushuncha va uning xususiyatlarini ilmiy muomalaga kiritdi.
Ta’lim jarayoni shakl va mazmun jihatdan hozirgi zamon ehtiyoj va talablariga munosib bo‘lishi lozim. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida yuz berayotgan jiddiy o‘zgarishlar, yangicha ijtimoiy munosabatlarning vujudga kelishi, jamiyatda yangi qadriyatlarning shakllanishi Milliy dasturda belgilab berilgan maqsad va vazifalarga uzluksiz ta’lim tizimi faoliyatining qanchalik mos kelayotganligini tahlil qilib, tegishli xulosalar chiqarishni talab etmoqda.
Milliy dasturni amalga oshirishning dastlabki yillarida uzluksiz ta’lim tizimining butunlay yangi, mustaqil turi — o‘rta maxsus, kasb hunar ta’limini shakllantirishga urg‘u berildi. Unda biron-bir jihat e’tibordan chetda qolmadi — kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning tubdan yangi moddiy-texnik bazasini shakllantirish, ularni me’yoriy-huquqiy, uslubiy jihatlardan to‘liq ta’minlash, yetuk pedagog kadrlar, tarbiyachilar safini shakllantirish, ta’lim-tarbiya jarayonining mazmuni va uning tashkil etilishi, bunda ota-onalar roli, vasiylik kengashlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.
Ta’limning ushbu turi o‘ta noyobligi, shu bilan birga juda zarurligi va muhimligi, uning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati to‘g‘risida yetarlicha fikrlar bayon qilingan bo‘lsa-da, ayni vaqtda mamlakatda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar ko‘lamida uni yanada chuqurroq tadqiq qilish lozimligi taqozo etilmoqda.
2004 yili umumiy o‘rta ta’limning moddiy-texnik bazasini tubdan yangilash, uni kadrlar hamda uslubiy manbalar bilan ta’minlash, bolalar sportini rivojlantirishga yo‘naltirilgan Maktab ta’limini rivojlantirishning besh yilga mo‘ljallangan umummilliy davlat dasturi qabul qilindi.
2010 yilda hozirgacha amalda bo‘lgan aspirantura va doktorantura instituti o‘rniga stajyor-tadqiqotchilar-izlanuvchilar, katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mazkur qaror nafaqat ilmiy kadrlarning tadqiqotchilik salohiyatini o‘stirish, oliy malakali mutaxassislarni tayyorlashga, balki OO‘Yu tuzilmali bo‘limlari hamda ITIlarda stajyorlik faoliyati hisobiga sifatni ta’minlash, kelgusida stajyorlarning bilim, tashkilotchilik, pedagoglik, boshqaruvchilik hamda ilmiy faoliyat sirlarini malakali egallashlari uchun OO‘Yudan keyingi ta’limni tubdan isloh qilish zaruratidan kelib chiqqanligi bilan ahamiyatlidir.
2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Dastur qabul qilindi. Unda jumladan, oliy o‘quv yurtlarining ilmiy tadqiqot faoliyatini, professor-o‘qituvchilar tarkibini sifat jihatdan yaxshilash, bakalavriat yo‘nalishlari hamda magistratura ixtisosliklarining o‘zaro mutanosibligini ta’minlash kabi masalalar ham o‘rin olgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish yillarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining uzluksiz ta’lim tizimining jadal rivojini hamda ijrosini ta’minlashga qaratilgan mingga yaqin qaror va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va ko‘rsatmalari, me’yoriy va rasmiy hujjatlar qabul qilindi.
Milliy dasturni joriy qilishning navbatdagi bosqichi zamon talablariga mos bo‘lgan yangi vazifalarni qo‘ymoqda, kechayotgan globallashuv jarayonlari, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, barcha jabhalarda axborot texnologiyalarining jadal joriy etilayotgani hamda ishlab chiqarish kuchlarining modernizatsiya qilinishi, davlat va jamiyatning jadal rivoji shartlaridan kelib chiqadigan uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishning yangi ustuvorliklarini ilgari surmoqda.
Bular uzluksiz ta’lim tizimidagi maktabgacha ta’limdan, to kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishgacha bo‘lgan barcha ta’lim turlariga tegishlidir.
Mamlakatimizda iqtisodiyot va ijtimoiy sohani keng ko‘lamda modernizatsiyalash jarayoni amalga oshirilmoqda, zamonaviy yuqori texnologiyalar ishlab chiqarishga joriy qilinmoqda, axborot-kommunikatsiya vositalarining yangi avlodi qo‘llanilmoqda, energiya tejovchi, ishlab chiqarishning ekologik toza turlari, tayyor mahsulot ishlab chiqarish texnologiyalari, mahalliy xom ashyo, paxta, sabzavotlar, mevalar va boshqa tabiiy zaxiralarni qayta ishlash, saqlash kabi yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu, xususan, yengil va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, neft va gaz hamda kimyo majmualari, qurilish, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa sohalarida o‘z ifodasini topmoqda.
Shu bilan birga ayni vaqtda kasbiy ta’lim sifatini oshirish orqali ham kichik mutaxassislar tayyorlash, ham OO‘Yulari tomonidan tayyorlanayotgan oliy ma’lumotli kadrlarning professional jihatdan salohiyatini yuksaltirish muammosi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu o‘rinda asosiy vazifa har tomonlama rivojlangan shaxsni tarbiyalash, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida, malaka oshirish bo‘linmalarida, nazariy hamda amaliy tayyorgarlikning asosiy g‘oyalari va qoidalari asosida yuqori malakali raqobatbardosh mutaxassislar tayyorgarligini ta’minlovchi kasbiy dasturlarni amalga oshirishdan iborat. Ular tayyorlanayotgan mutaxassislarning jahon talablari darajasidagi ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarga kirishib keta olishini, zamonaviy asbob-uskunalar, yangi texnologiyalar orqali o‘z faoliyatini samarali tashkil eta olishini ta’minlashi lozim. Davlat ta’lim standartiga mos keluvchi bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish, shubhasiz, muhimdir. Shu bilan birga o‘quvchi mustaqil fikrlay olishi, egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llashi, maxsus kasbiy hamda tashkilotchilik-boshqaruv salohiyatlarining zaruriy darajasini egallashi ham juda muhimdir.
Shunga bog‘liq holda, O‘zbekiston Prezidenti quyidagilarni ta’kidlaydi: “...bugun bizni g‘oyat muhim, printsipial bir masala bezovta qilmasligi mumkin emas. Ya’ni, yosh mutaxassislar tayyorlanayotgan ixtisoslik yo‘nalishlarining barchasiga ham iqtisodiyotimizning soha va tarmoqlarida amaliy talab bormi? Litsey va kollejlar, oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimiz jamiyatda o‘ziga, o‘z kasbiga munosib o‘rin topayaptimi?
Ana shu masalalar bo‘yicha haqiqiy ahvolni atroflicha o‘rganishimiz, hozirgi vaqtda mutaxassislar tayyorlanayotgan har qaysi ixtisoslik yo‘nalishi real hayot talablariga qay darajada javob berishi, unga nafaqat bugungi, balki yaqin istiqbolda qanday ehtiyoj borligini har tomonlama chuqur aniqlashimiz lozim. Zaruratga qarab, ixtisoslik yo‘nalishlariga qat’iy o‘zgartirishlar kiritish, kerak bo‘lsa, ayrim maxsus kasb-hunar ta’lim dargohlarini qayta ixtisoslashtirish darkor». «...bizning hamma ishlarimizda — bu iqtisodiy siyosatimizni shakllantirish masalasi, yoki iqtisodiyotni isloh etish va modernizatsiya qilish dasturini hayotga tatbiq etish bo‘ladimi, ijtimoiy soha, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida ertangi va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish bo‘ladimi — bularning barchasida biz uchun faqat bitta masala eng ustun va hal qiluvchi o‘rinda turadi. U ham bo‘lsa, inson manfaatlarining ustuvorligidir».
Shundan kelib chiqqan holda butun ta’lim tizimida, jumladan oliy ta’lim muassasalarida tuzilmaviy, tashkiliy va mazmunan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yurtboshimiz o‘zining 2010 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2011 yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida bu borada kechiktirib bo‘lmas vazifani oldimizga qo‘ydi:
“Shu bugundan e’tiboran bo‘lajak har bir bitiruvchining ish joyini oldindan belgilashga kirishish, kollej o‘quvchilarining amaliyotni bo‘lg‘usi ish joyida o‘tashini tashkil etish, boshqacha aytganda, ularning aniq bir ish joyiga biriktirib qo‘yilishini ta’minlash zarur”.
Mamlakat rivojining zamonaviy va istiqboldagi talab-ehtiyojlariga munosib ravishda ta’lim jarayoni tashkil etilmoqda, takomillashtirilgan davlat ta’lim standartlari, amaliyotga joriy etilmoqda. Ular asosida o‘quv-uslubiy majmualar, yangi pedagogik hamda axborot-kompyuter texnologiyalari yaratilmoqda, kasb-hunar kollejlari qayta ixtisoslashtirilmoqda, oliy ta’lim muassasalari faoliyati iqtisodiyotdagi modernizatsiyani hisobga olgan holda takomillashtirilmoqda, ilmiy-pedagogik va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari maqsadli yo‘naltirilgan holda amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda, ta’lim sohasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni, ularning o‘zaro bog‘liqlik yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rib chiqish va natijada aniqlangan muammolarni hal qilish maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, bu kadrlar tayyorlash jarayonining barcha ishtirokchilari, ya’ni uzluksiz ta’lim tizimi, joylardagi davlat hokimiyati hamda o‘z-o‘zini boshqarish organlari, jamoatchilik tashkilotlari, shuningdek, jamiyatdagi manfaatdor doiralarning yaqindan o‘zaro ijtimoiy hamkorligini ta’minlash taqozo etiladi.
Ikkinchidan, birinchi holatga uyg‘un holda ta’lim turlarida kasbiy ta’lim sifatini oshirish va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning davlat, jamiyat, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarning muntazam o‘zgarib turuvchi ehtiyojlariga tezkor va munosib javob topa olish salohiyatini oshirish zarur.
Birinchi yo‘nalish doirasida muayyan ijobiy tajriba to‘plangan. Masalan, agrar sektor, to‘qimachilik sanoati, neft va gaz, konchilik, kimyo, avtomobilsozlik, mashinasozlik hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari singari yirik xo‘jalik sub’ektlari bilan samarali ijtimoiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim muassasalari va boshqaruv idoralari marketing xizmatlari kadrlarning asosiy iste’molchilari bilan doimiy muloqotda bo‘lgan holda nafaqat yo‘nalishlar va ixtisosliklar bo‘yicha qabul qilishning miqdoriy ko‘rsatkichlari bo‘yicha “buyurtmalar portfelini” shakllantiribgina qolmasdan, iste’molchilarning taklif va tavsiyalarini hisobga olgan holda tayyorgarlikning sifat mezonlarini uzluksiz takomillashtirib bormoqda.
Tegishli ixtisosliklar bo‘yicha yo‘nalishlar ro‘yxati (klassifikator)ga tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritilganligi, mutaxassisning umumiy va kasbiy tayyorgarligiga qo‘yiladigan talablar (malakaviy xususiyatlar) ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilganligi, ta’lim jarayonining mazmuni (davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va fanlar dasturlari) takomillashganligi, malaka amaliyoti samarali tashkil etilayotganligi, bitiruvchilarning kelajakda faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari tomonidan belgilangan diplom loyihalarini bajarishi kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Shubhasiz, muammolarni hal qilishda hali to‘liq ishga solinmagan imkoniyatlar hamda intellektual salohiyat mavjud. Eng muhimi, joylardagi mutasaddilar mas’uliyatni chuqur anglashlari lozim. Birinchi navbatda, ijtimoiy hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish doirasida bitiruvchilarning mehnatidan unumli foydalanish zarur. Buning uchun, ta’lim muassasalarida egallangan ishlab chiqarish ko‘nikmalari va tegishli kasbni rasman tasdiqlash, shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashning samarali mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish (xususan, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida) taqozo etiladi.
Mazkur ishni amalga oshirishda o‘qishning birinchi yilidanoq, ish beruvchilar bilan bevosita tuziladigan shartnoma shartlari bo‘yicha me’yoriy-huquqiy va tashkiliy faoliyatni olib borish, ish beruvchilar hamda ta’lim muassasalarining tezkor va mutanosib hamkorligini ta’minlash maqsadga muvofiqdir.
Mazkur masalaning oqilona yechim topishida joylardagi davlat hokimiyati organlari, shuningdek, hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi xo‘jalik sub’ektlari muhim rol o‘ynashi talab etiladi. Islohotlar ijrochisi sifatida ular hududlarning va umuman mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari uchun mas’uldirlar.
Hududni rivojlantirishning istiqbolli rejalarini ishlab chiqishda tegishli malakali mutaxassislarni tayyorlashning ko‘rsatkichlari, shubhasiz, hisobga olinishi zarur. Bu borada o‘z sohasi uchun ham oliy, ham o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash borasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasining tegishli ta’lim tizimi bilan birgalikdagi olib borayotgan ijobiy tajribasini misol qilib keltirish mumkin.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini modernizatsiyalashni quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha olib borish maqsadga muvofiqdir:
Birinchi:
— amaliy mashg‘ulotlar ulushini ko‘paytirgan holda o‘quv jarayonini tashkil etish hamda qo‘shimcha ravishda ishlab chiqarish malaka va ko‘nikmalarini, kasbiy bilimlarni chuqur egallashga qaratilgan maxsus fanlarni o‘quv jarayoniga kiritish;
— kichik mutaxassislarga qo‘yiladigan yangilangan malaka tasnifi va talablarini, muayyan kasblar va ixtisosliklar bo‘yicha modulli (davriy) o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarini joriy etish;
— kasb-hunar kollejlarida tayyorlanadigan mahsulotga ehtiyoj sezadigan ishlab chiqarish korxonalarining pay ulushi ishtirokida kichik korxonalar shaklidagi laboratoriyalar va ishlab chiqarish ustaxonalarini yaratish, ularni tegishli ehtiyot qismlar, xom ashyo va materiallar bilan ta’minlash, shuningdek, texnologik asbob-uskunalar, mashinalar va turli mexanizmlarga servis xizmati ko‘rsatish va ta’mirlash.
Ikkinchi:
— o‘quvchi-yoshlarning kasbiy yo‘nalishi hamda psixologik-pedagogik tashxisi bo‘yicha xizmatlar faoliyatini faollashtirish va maqsadli yo‘naltirish, ularga hamda ota-onalarga kasb-hunar va ta’lim muassasasini tanlashda yordam ko‘rsatish;
— kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining kasb tanlashi bo‘yicha tizimli monitoring o‘tkazish va birinchi o‘quv yili yakuniga qadar ularni ish bilan ta’minlash imkoniyatini yuzaga keltirish.
Uchinchi:
— ta’limning har bir turi bo‘yicha ta’lim muassasalarini zamon talabiga mos holda bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligini (umumta’lim o‘quv muassasalarida munosib kasb tanlash) ta’minlay oladigan yuksak malakali, yetuk, fidoyi pedagog kadrlar bilan to‘ldirish masalasini hal qilish o‘ta muhimdir.
***
Xulosa o‘rnida yana bir bor ta’kidlash joizki, Kadrlar tayyorlash milliy modeli va dasturi g‘oyalari hamda qoidalarini hayotga tatbiq etishga yengil, yuzaki yondashib bo‘lmaydi.
Bu o‘rinda davlat ta’lim siyosatining asosiy tamoyillari, maqsadli vazifalari, uning shaxsga, barkamol avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilganligining mazmun-mohiyatini chuqur anglash muhimdir.
Bu talab davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan asosiy maqsad — uzluksiz ta’lim tizimining ilg‘or rivojlanishi bilan dolzarblasha di: “...biz farzandlarimizning nafaqat jismoniy va ma’naviy sog‘lom o‘sishi, balki ularning eng zamonaviy intellektual bilimlarga ega bo ‘lgan, uyg‘un rivojlangan insonlar bo‘lib, XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz».
SH.QURBONOV,
E.SEYTXALILOV
chop etilgan sana: 13-01-2012 10:20
manba: