MUROJAATNOMA – KELAJAKKA YO‘L XARITASI
2026-yildan nimalar kutamiz?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi taqdirini belgilab bergan konseptual hujjat bo‘ldi. Davlat rahbari o‘z nutqida 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilishi zamirida ulkan siyosiy iroda va insonparvarlik falsafasi yotibdi. Bu Yangi O‘zbekistonni barpo etishda “pastdan yuqoriga” tamoyilining amalda namoyon bo‘lishidir. Mahalla endi islohotlarning “bosh operatori” va ijtimoiy adolatning haqiqiy ko‘zgusiga aylandi.
Insoniyat tarixida davlat va jamiyat munosabatlarini tartibga soluvchi turli modellar mavjud. Biroq o‘zbek xalqining ko‘p asrlik an’analarida mahalla shunchaki yashash joyi bo‘lishidan tashqari insonni jamiyat bilan bog‘laydigan, uning quvonch-u tashvishiga sherik bo‘ladigan noyob institutsional tuzilma ekani bilan ham ahamiyatlidir.
Prezident Murojaatnomasida mahallani islohotlar markaziga qo‘yishi millatning tarixiy ildizlariga qaytayotganiga dalildir. “Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil mahalla kesimida o‘zining amaliy ifodasini topdi. Endilikda islohotlar samarasi vazirliklarning hisobotlarida emas, balki mahalla ahlining kundalik hayotida, ularning dasturxonidagi to‘kinlik va ko‘chalaridagi obodlikda aks etadi.
Murojaatnomaning eng diqqatga sazovor o‘rinlaridan biri mahalla tizimining iqtisodiy asoslarini tubdan o‘zgartirishga e’tibor qaratilganidir. Dunyo tajribasida mahalliy boshqaruv organlarining muvaffaqiyati ularning moliyaviy mustaqilligi bilan o‘lchanadi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismining(hududlarda 20 foiz) to‘g‘ridan to‘g‘ri tuman budjetida qoldirilishi – bu davlat moliya tizimidagi “desentralizatsiya”ning eng yuqori nuqtasidir. Bu tizim mahalla raisi va hokim yordamchisini tadbirkorlikni rivojlantirishga “majbur” qiladi. Chunki endilikda mahallada ochilgan har bir yangi korxona to‘lagan soliqning bir qismi o‘sha mahallaning yo‘lini asfalt qilishga yoki maktabini ta’mirlashga sarflanadi. Bu esa mahalla ahlini islohotlarning ijtimoiy iste’molchisidan faol sarmoyadoriga aylantiradi.
Murojaatnomada ta’kidlanganidek, daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi hamda yer ijarasidan tushumlarning to‘liq tuman budjetiga berilishi xalqimiz iborasi bilan aytganda, mahallaning “qo‘lini uzun” qiladi. Ilgari mahalla tizimi davlat tomonidan mablag‘ ajratilishini kutib yashagan bo‘lsa, endi ular o‘z hududidagi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solib, muammolarini o‘zlari hal qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Prezidentimiz mahallalarni rivojlantirishda yangi kompleks yondashuvni ilgari surdi. Uzoq yillar davomida muammolar bir butun holda emas, bo‘lak-bo‘lak holida hal qilindi. Bir mahallada elektr toki masalalari tuzatilsa, gaz muammoligicha qolardi, yo‘l qurilsa, toza ichimlik suvi yo‘q edi.
Aytish joizki, Murojaatnomada infratuzilmaning “yangi geometriyasi” ilgari surildi. Bu Urgut tumani tajribasi orqali namoyon bo‘ladi. “Urgut tajribasi” bu bir hududda barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qilish demakdir. Tanlab olingan 33 ta tuman va 330 ta “og‘ir” mahalladagi ishlar shuni ko‘rsatadiki, davlat endi faqat so‘nggi nuqtani emas, balki butun bir ekotizimni o‘zgartirmoqda. 8,5 trillion so‘mlik maqsadli mablag‘ mahallaning qon tomirlariga yangi hayot bag‘ishlaydi. Bu yerda gap nafaqat beton va asfalt haqida, balki zamonaviy xizmat ko‘rsatish maskanlari, bolalar bog‘chalari va tibbiyot maskanlarining yaxlit bir zanjir sifatida ishlashi haqida bormoqda.
Har bir deputatga o‘z hududidagi muammolarni hal etish uchun 3,3 milliard so‘mdan ajratilishi vakillik organining ijro hokimiyati ustidan nazoratini kuchaytiradi. Deputat endi shunchaki gapiruvchi emas, balki aniq budjetga ega bo‘lgan, mahallaning dardini mablag‘ bilan davolaydigan kuchga aylanadi.
Mahalla – ijtimoiy adolat qaror topadigan oliygohdir. Prezident Murojaatnomada mahallani “mehr-oqibat, adolat va tarbiya maskani” deb atadi. Bu maqsadga erishishda mahalla yettiligining o‘rni beqiyos.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar 2026-yilda yangi bosqichga chiqadi. 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifasi mahalla yettiligining asosiy KPI(natijadorlik ko‘rsatkichi) bo‘ladi. Endi ijtimoiy xodim oilaning haqiqiy ahvolini o‘rganadi, hokim yordamchisi unga ish topadi, bankir esa kredit beradi. Bu zanjirli reaksiya bo‘lib, mahallaning ichki iqtisodiy immunitetini mustahkamlaydi.
Mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarining ishga tushirilishi qishloq va shahar o‘rtasidagi farqni keskin yo‘qotadi. Har bir mahallada 40 tadan mikroloyihani amalga oshirish mahalla ahlini markazga borishdan asraydi, ularga o‘z uyining yonida daromad topish imkonini beradi. Bu migratsiya muammosiga topilgan eng samarali va tabiiy yechimdir.
Mahalla faqat iqtisodiyotdan iborat emas. U – millatning ma’naviy qiyofasini belgilovchi makon. Prezident Murojaatnomada yoshlar tarbiyasi va ma’naviyatiga alohida to‘xtaldi.
Xususan, maktab kutubxonalarini har yili 10 million dona badiiy adabiyot bilan ta’minlash bu oliyjanob ish deb aytish o‘rinli bo‘ladi. Mazkur tashabbus mahalla yoshlarining ma’naviy olamini boyitishga qaratilgan strategik qadamdir. Kitob o‘qigan mahalla yoshlari jinoyatga qo‘l urmaydi, ularning dunyoqarashi keng bo‘ladi. Bu kelajakdagi inson kapitali uchun qo‘yilgan eng katta sarmoya ekanligi sir emas.
Mahallalarda sportni rivojlantirish uchun 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi jamiyatning jismoniy sog‘lomligini ta’minlaydi. Sport mahalla yoshlarini zararli illatlardan, bekorchilikdan va “ko‘cha madaniyati”ning salbiy ta’siridan himoya qiluvchi qalqon bo‘la oladi. Kitobxon va jismoniy jihatdan chiniqqan avlod kelgusida mamlakatning kadrlar sohasidagi katta potensialiga aylanadi.
Murojaatnomada korrupsiyaga nisbatan “favqulodda holat” e’lon qilinishi va narkojinoyatlarga qarshi umummilliy harakat boshlanishi mahalla ahli uchun ham mas’uliyat, ham himoyadir.
Prezident ta’kidlaganidek, narkojinoyatlarga qarshi kurashish faqat huquq-tartibot idoralarining ishi emas. Mahalladagi har bir ota-ona, har bir oqsoqol bu illatga qarshi turishi kerak. Mahallada murosasiz muhit yaratilsagina, giyohvandlik va korrupsiya kabi “zamonaviy vabo”larga barham beriladi.
Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar ichida komplayens tizimi va jamoatchilik nazorati masalalarining ko‘tarilishi mamlakat boshqaruvida yangi sifat bosqichi boshlanganidan dalolat beradi. Bu shunchaki texnik o‘zgarish emas, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni tubdan isloh qiluvchi tizimdir.
Davlat xaridlarining to‘liq shaffoflashishi iqtisodiyotning eng og‘riqli nuqtalaridan biri bo‘lgan korrupsiyaning oldini olishda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi:
Eng avvalo, manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yiladi. Komplayens nazorati orqali har bir shartnoma va tender jarayoni birma-bir ko‘zdan kechiriladi.
Ikkinchidan, budjet mablag‘lari tejaladi. Ochiqlik sharoitida sun’iy ravishda oshirilgan narxlar va “tanish-bilishchilik” tizimi o‘z-o‘zidan barham topadi.
Uchinchidan, tadbirkorlik uchun teng imkoniyatlar yaratiladi. Endilikda davlat buyurtmalarini faqat sifatli xizmat ko‘rsata oladigan va halol raqobatda yenggan subyektlar qo‘lga kiritadi.
Mahalla budjeti ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi bu davlat budjetining eng quyi bo‘g‘inini to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqqa topshirish demakdir. Bu islohotning ahamiyati turli jihatlarda namoyon bo‘ladi. Xususan, mahalla ahli endi passiv kuzatuvchi emas, balki o‘z hududini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan “aksiyador”ga aylanadi. Muammolar manzilli hal etiladi. Mablag‘lar bevosita mahalla yig‘inlarida, odamlarning real ehtiyojlaridan kelib chiqib yo‘naltiriladi(masalan, yo‘l ta’miri, ichimlik suvi yoki ko‘cha chiroqlari). Qayerdaki nazorat mahalliy aholi qo‘lida bo‘lsa, u yerda mablag‘larni talon-toroj qilish imkoniyati minimal darajaga tushadi.
“Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil endilikda amaliy mexanizmlar bilan mustahkamlanmoqda. Ma’lumki, Prezidentimiz doimiy ravishda o‘z ma’ruzalarida fuqarolarda ijtimoiy mas’uliyat hissi kuchli bo‘lishi kerakligini ta’kidlab kelayotgan edi. Fuqarolarning budjet jarayonlarida faol ishtirok etishi (“Ochiq budjet” portali misolida) odamlarda “bu mening pulim, bu mening yurtim” degan daxldorlik hissini uyg‘otadi. Bu esa ijtimoiy mas’ullikdir.
Xulosa qilib aytganda, komplayens va jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi – korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali, demokratik yo‘lidir. Bu tizim ishlashi uchun nafaqat davlat irodasi, balki har bir fuqaroning faol pozitsiyasi, huquqiy madaniyati va nazorat qilish ishtiyoqi suv va havodek zarur.
Murojaatnomada, shuningdek, global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida mahalla ekologik madaniyatning markazi bo‘lishi shartligiga urg‘u berildi.
Har bir mahallada “yashil bog‘”lar yaratilishi va sug‘orish tizimlarining tiklanishi tabiiy muvozanatni saqlashga xizmat qiladi. Prezidentning Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimini barpo etish va kanallarni betonlash bo‘yicha tashabbusi poytaxtda salqin mikroiqlim yaratishga qaratilgan. Bu mahalla ahlining yashash sharoitini sifat jihatidan o‘zgartiradi.
Suvdan oqilona foydalanish madaniyati ham aynan mahalladan boshlanadi. 5,5 milliard dollarlik suv tejovchi texnologiyalar dasturi mahallalardagi dehqon va fermerlarning dunyoqarashini o‘zgartiradi. Suv tejagan mahalla – kelajakni tejagan mahalladir.
Prezident Murojaatnomasi yakunida Mirzo Ulug‘bek bobomizning yulduzlar xaritasi haqidagi o‘xshatishini bejiz keltirmadi. Olti asr avval yulduzlarni zabt etgan millat farzandlari bugun yerdagi farovon hayot xaritasini chizmoqdalar.
2026-yilda mahalla tizimida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni, balki jamiyatimizning ma’naviy-ruhiy muhitini ham tubdan isloh qiladi. Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaydigan, balki ularni mahallamizda, o‘z qo‘limiz bilan yaratadigan davrga qadam qo‘ydik.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” Mahalla – mana shu birlikning markazi, islohotlarning “bosh operatori” va Yangi O‘zbekistonning muzaffar kelajagidir.
Kamoliddin TO‘RAYEV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa
doktori(PhD), dotsent
Shu kecha va kunduzda
Pedagogikada evrilish yasagan nazarya
Kitob – ma’rifat manbayi
Qadrli pedagoglar!
“Milliy armiya - Ona yurt qalqoni tinchligimiz posboni”
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank