Ommalashtirish nima uchun kerak?

Og‘riq Ommalashtirish nima uchun kerak?
95


Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida o‘qituvchilarning ishlari ommalashtirilgani uchun alohida ball berilishi ko‘rsatilgan.


Ma’lumki, ommalashtirish platformasi yaratilishidan oldin metodik tavsiyalar maktab, tuman, viloyat miq­yosida ommalashtirishga tavsiya etilardi. Ya’ni metodik kengash tomonidan ishlar ko‘rib chiqilib, metodik yig‘ilishlarda muallif tomonidan taqdimoti o‘tkazilardi. “Boshlang‘ich sinf darslarida o‘zbek xalq maqollaridan foydalanish”, “Tarbiyaviy soatlarda o‘quvchilarning ma’naviy dunyoqarashini rivojlantirish”, “Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini xalqaro baholash dasturlari bilan tanishtirishning qulay usullari” kabi metodik tavsiya­larim tuman miqyosida ommalashtirish uchun tavsiya etilgan. Metodlarim orqali yosh o‘qituvchilar bilan hamkorlikda ishlashga imkon yaratilgandi. Ammo...


“Ma’rifat” gazetasining har bir sonini kuzatib boraman. Respublikamizdagi ijodkor o‘qituvchilarning ilmiy maqolalari, metodik tavsiyalarini o‘qib, o‘zim uchun kerakli ma’lumotlar to‘plashga harakat qilaman. Gazetaning 2024-yil 10-yanvar sonida “Darsni betakror lahzalarga aylantiramiz” nomli maqolam chop etilgan edi. Ushbu maqolam “Samarali metodik material” deb topildi va “Qish fasli g‘oliblari” qatoridan joy oldim. Shu maqolamni metodik tavsiya sifatida yangi metodlar bilan boyitib, mart oyida ommalashtirish platformasiga joyladim. May oyida metodik tavsiyam “texnik xato va sifatsiz joylashtirilgan” deb rad etilib, 0 ball qo‘yildi. Bu yil esa platformaga joylashtirishdagi xatolarimni o‘rgandim. Qaytadan metodik tavsiya yozdim. “Boshlang‘ich ta’limda zamonaviy metodlarning ahamiyati” mavzusidagi metodik tavsiyam “Ma’rifat” gazetasining 2025-yil 26-fevral sonida chop etildi. Uni ham ommalashtirish mezonlari asosida platformaga joyladim. Baholash kuni keldi. Ishim ko‘rib chiqilgan va “ko‘chirilgan” deb yana 0 ball qo‘yilgan. Hayron qoldim – kimdan ko‘chirgan ekanman?


Platformaga joylashtirish jarayonida bir yosh ustozning gapi qulog‘imga chalindi:

– Metodik tavsiya yozish uchun qancha vaqt, asab ketadi. Undan ko‘ra tayyorini sotib oling, ketsa 200 ming pulingiz ketarkan.

– E, shunaqasi ham bo‘larkanmi? – ajablandim men.

– Bo‘lmasa-chi, aniq, kafolatli, kamida tumanda ommalashtirilib ball olarkansiz. Men shunday qildim.

– Mavzungiz nima? – qiziqib so‘radim.

Hamkasbim mavzusini aytib berolmadi. Keyin bilishimcha, uning metodik ishi tuman miqyosida ommalashtirilibdi, sertifikat ham olibdi. Ana xolos! Xo‘sh, ommalashtirish o‘zi nima uchun kerak? “Uddaburon” o‘qituvchilar metodik tavsiyalarni sotsa-yu, “ijodkor” o‘qituvchilar sotib olib “ishlari” ommalashsa?!


Bundan bir necha yil avval tuman xalq ta’limi bo‘limi va kasaba uyushmasi tomonidan tanlov e’lon qilindi. Til yo‘nalishidagi fan o‘qituvchilari uchun “Eng yaxshi dars ishlanmasi” tanlovi o‘tkazildi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lsam-da, tanlovda ishtirok etishga qiziqdim. 2-sinf Ona tili darsligida berilgan “Shahar, qishloq va joy nomlarining bosh harfda yozilishi” mavzusida dars ishlanmasi tayyorladim. Hakamlar hay’ati 1-o‘ringa loyiq ko‘rishdi. Dars ishlanmasini viloyatdagi ta’lim nashrlaridan biriga yubordim. Hadeganda chop etishmadi. Oradan bir yil o‘tdi. Dars ishlanma boshqa sarlavha ostida chop etildi. Xursand bo‘lib o‘qib chiqsam, afsus, maqola muallifi o‘rnida boshqa ism-familiya turibdi.


Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, metodik ishlarim ommalashtirish platformasidan ijobiy o‘tolmasa ham, ommabop bo‘lishini, hamkasblarim, shogirdlarim darslarida foydalanishini istardim.

Rahbaroy MELIBOYEVA,

Uchko‘prik tumanidagi

5-maktabning boshlang‘ich sinf

o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Rahbaroy MELIBOYEVA

Rahbaroy MELIBOYEVA

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Ta'lim
  • #Ish haqi
  • #Ustoz

Ulashish