Sifatli ta’lim – taraqqiyot kafolati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 15-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, ta’lim sifatini ta’minlashning eng muhim bo‘g‘ini – oliy ta’lim muassasalari, ular orqali tayyorlanayotgan pedagoglarga alohida e’tibor qaratildi.
Masalan, Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti va uning 13 ta hududiy markazining qayta tashkil etilishi natijasida pedagoglarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ilg‘or yondashuvlar joriy etilmoqda. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Milliy pedagogika universitetiga aylantirilishi va uning rahbari ham vazir o‘rinbosari etib tayinlanishi ta’lim-tarbiya sohasida yagona siyosat va mas’uliyatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qolaversa, Termiz davlat pedagogika institutida qilinayotgan ishlar ham e’tiborni tortadi. An’anaviy fakultetlar o‘rniga aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar hamda maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha oltita oliy maktab tashkil etilishi har bir yo‘nalishda chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlashga yo‘l ochadi. Bu o‘zgarishlar bilim berish mazmunida ham o‘z aksini topadi: fanlar soni 20 tadan 15 taga qisqarib, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi. Bu esa ta’lim jarayonidagi yuklamani 20 foiz kamaytirib, sifatga e’tiborni kuchaytirish imkonini beradi. Shuningdek, xususiy oliy ta’lim muassasalari faoliyati ham qat’iy mezonlar asosida nazoratga olinadi. Bugungi kunda xususiy universitetlardagi talabalarning 70 foizi faqat maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va filologiya yo‘nalishlarida tahsil olyapti. Holbuki, maktablarda aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha kadrlarga ehtiyoj yuqori. Endi xususiy universitetlardagi pedagogik yo‘nalishlar ham davlat institutlari bilan bir xil talablarga mos bo‘ladi, pedagoglar va talabalarning bilimi tashqi diagnostika orqali baholanadi.
Umuman olganda, yig‘ilishda ta’lim sohasiga oid bildirilgan fikrlar va belgilangan vazifalar O‘zbekistonda sog‘lom, bilimli, zamonaviy fikrlaydigan avlodni tarbiyalashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-aprel kuni qabul qilingan “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga to‘xtalmasak bo‘lmas. Farmon mamlakatimiz ta’lim sohasida tub burilish yasaydigan muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. Unda umumta’lim tizimidagi eng asosiy bo‘g‘in – o‘qituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga oid yechimlar taklif etildi.
Ma’lumki, o‘tgan yillarda oliy ta’lim muassasalari soni va qabul kvotalari kengaytirildi. Shunga qaramay, pedagoglar tayyorlovchi ta’lim muassasalarida bilim sifati yetarlicha ta’minlanmagani, o‘qituvchilikka munosib yoshlar kam jalb etilayotgani, ta’lim jarayonida zamonaviy yondashuvlar kam qo‘llanayotgani ta’lim sifatini pasaytirayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib keldi. Ayrim o‘qituvchilarning o‘quv reja va dasturlaridagi o‘zgarishlarni chuqur anglab yetmasligi, yangi usullardan xabardor emasligi sohaga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi.
Farmonga muvofiq 2025-yil 1-sentabrdan boshlab pedagogika yo‘nalishida bakalavrlar tayyorlovchi barcha universitet va institutlar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida yangidan tashkil etiladigan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining filiallariga aylantiriladi. Bu tartibsiz va tizimsiz bo‘lib qolgan kadrlar tayyorlash tizimini markazlashtirish, ta’lim sifatini barqaror standartlar asosida yo‘lga qo‘yishga qaratilgan muhim qadam.
Yangi tizimga ko‘ra, 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab umumta’lim muassasalari uchun o‘qituvchilar faqat Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti va uning filiallari tomonidan tayyorlanadi. Ushbu markazlashtirish pedagog tayyorlov tizimini muvofiqlashtirish, barcha hududlarda o‘quv jarayonlari, fan dasturlari, malaka talablarining yagona standart asosida tashkil etilishini ta’minlaydi.
Prezident farmonida ta’limga qabul qilish tizimini takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan:
2025-2026-o‘quv yilidan boshlab ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sirtqi ta’lim shakli bekor qilinmoqda;
• pedagogik yo‘nalishlarga qabul alohida belgilangan tavsiyalar asosida amalga oshiriladi;
• ta’lim dasturlariga psixodiagnostika va kasbiy moslikni baholash tizimlari joriy etiladi.
• Bu orqali maktablarga aniq tanlovdan o‘tgan, ishga tayyor va ruhiy-kasbiy jihatdan mos mutaxassislarni joylashtirish maqsad qilingan.
Yana bir muhim yangilik – har bir hududdagi yetakchi umumta’lim maktablari negizida pedagogika maktabi tashkil etilishi. Bu maktablar o‘qituvchilik kasbiga qiziqqan 10-11-sinf o‘quvchilari uchun maxsus o‘quv dasturlarini joriy etib, ularni kasbga tayyorlash imkonini yaratadi. Shuningdek, pedagogika maktablarini tamomlaganlar Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetiga alohida tavsiyanoma orqali test sinovisiz qabul qilinishi belgilangan. Bu ta’limga muhabbat va mas’uliyat bilan yondashadigan yoshlarni saralab olishga sharoit yaratadi. Farmonda har bir filialda ilmiy darajali ustozlar faoliyat yuritishi, ularning ulushi kamida 30 foiz bo‘lishi shartligi belgilangan.
Bundan tashqari, pedagogikaga oid fanlar bo‘yicha qo‘llanmalar, videoma’lumotlar yagona platformaga jamlanadi va ular barcha filiallar uchun majburiy hisoblanadi.
Farmon bilan o‘qituvchilarni tanlab olish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga oid talablar ham kuchaytirildi. Endi amaliyotchi o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga jalb qilinishi shart bo‘ladi. Shuningdek, pedagog kadrlar har besh yilda bir marta attestatsiyadan o‘tishi kerak. Bu esa ularning bilim va mahoratini yuqori saviyada saqlab turishga xizmat qiladi. Malaka oshirish tizimida esa Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti bazasida yagona dastur ishlab chiqiladi. Yangi talablarga ko‘ra har bir o‘qituvchi ta’lim jarayonida metodik portfolio yuritishi va o‘z faoliyatini doimiy monitoring qilishi shart bo‘ladi.
O‘qituvchi nafaqat dars o‘tadigan, balki yosh avlodning dunyoqarashi, intilishlari va kelajakdagi hayot yo‘lini belgilaydigan shaxsdir. O‘qituvchi qanchalik bilimli bo‘lsa, ko‘zlangan maqsadga erishish osonlashadi.
Qahramon NIYOZOV,
NamDU “Anatomiya va fiziologiya”
kafedrasi o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
Ommalashtirish nima uchun kerak?
Maktab psixologlari uchun oʻquv ‒ seminar tashkil etildi
TOSHKENTDA ILM VA MADANIYAT NURI: FORSIYZABON JAMIYATLARNI O‘RGANISH ASSOTSIATSIYASINING 10-XALQARO ANJUMANI
TURTKI yoxud milliy sertifikat olish muammo emas!
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank