XXI ASR O‘ZBEK TARJIMACHILIGI: tarjimachilikka ham jadidona qarash lozim?

Tarjima XXI ASR O‘ZBEK TARJIMACHILIGI: tarjimachilikka ham jadidona qarash lozim?
183


“Hurriyat” gazetasida mashhur tarjimashunos olim Ibrohim G‘afurov bilan suhbat e’lon qilindi. Unda badiiy ijod va tarjimachilik sohalarining e’tirof cho‘qqisi bo‘lmish Nobel mukofoti haqida g‘oyat muhim fikrlar bildirilgan. Xalqaro mukofotga sazovor bo‘lishning asosiy sababi – yuksak ijtimoiy ahamiyatli va badiiy mahorat mahsuli bo‘lgan asarning milliy qobiqdan tashqariga chiqib, jahon adabiyoti durdonasiga aylanishida asosiy vositachilik xizmatini bajaradigan tarjima, ya’ni ona tilidan chet tiliga o‘girish ekanligi misollar yordamida uqtirilgan.


Ma’lumki, tarjimachiligimiz asosan chet tillardan o‘zbek tiliga o‘girishga asoslangan. Ayniqsa, XX asr va hozir ham bu an’ana davom etmoqda. Shu vaqt ichida amalga oshirilgan tarjimalarni 100 foiz desak, taxminan 10 foizi ilmiy to‘plamlarda tahlil va tanqid qilindi, xolos. Juda kam qismi katta-kichik dissertatsiyalarning tadqiqot obyekti, predmeti va materialiga aylandi. Bu borada Jumaniyoz Sharipov, Gʻaybulla Salomov, Najmiddin Komilovning ishlari e’tirofga loyiq, ularning shogirdlari ham ko‘p ibratli mehnat qilishyapti. Ammo oliy o‘quv yurtlarida “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” fanini o‘qitayotgan mutaxassislarning juda ozchiligi mavjud umumilmiy masala va muammolarni o‘rganishmoqda. Tarjima ilmi­dan saboq berayotganlar faqat o‘zlari qilgan ishlar jarayonini tushunish uchun amaliy tajribalar qilishni o‘ylayaptilar. Zohidjon Sodiqov va Hamidjon Xalilov kabi amaliy tarjimalar bilan doktorlik dissertatsiyasi yoqlayotgan va o‘quv adabiyotlari yaratayotgan hamkasblar ko‘p emas. Qolaversa, katta doktorlik dissertatsiyasiga kirishmasada, mavjud tarjima muammolariga yechimlar taklif qilayotgan Zuhriddin Isomiddinov (“Tarjima va til”), Ergash Ochilov (“Tarjimashunoslikning nazariy masa­lalari”) va Odiljon Safarov (“Antik tarjimaviy tafakkurni o‘rganish muammolari va ularning yechimlari”) kabi sohamizning peshqadam olimlarini e’tirof etish lozim. Bu olimlar bevo­sita qirg‘izchadan “Manas” eposi, forschadan Hofiz g‘azallari, olmonchadan Gyote she’rlarini amaliy tarjima qilib, ish jarayonini aniq misollar bilan tushuntirmoqdalar.


Biroq masalaning shunday bir  jihati borki, uni e’tibordan chetda qoldirib kelmoqdamiz. Turli bahona-yu sabablar bilan jahon tajribasida jiddiy rivojlanayotgan muhim tendensiya – ona tilidan chet tillarga o‘girish masalasiga ishonchsizlik bilan qarab, o‘zimiz anglagan-ang­lamagan holda zamondan orqada qolyapmiz. Xo‘sh, qanday yangi fikr va tadqiqotlar bilan jahon faniga hissa qo‘shmoqdamiz? Biz dissertatsiyalarda yangilik deb da’vo qilayotganimiz qay darajada jahon miqyosida tan olinmoqda? Xususan, o‘zbek tarjima nazariyasi qanday kashfiyotlar bilan jahon tarjima nazariyasini boyitmoqda? Ana shu savollarga javob topish uchun asosiy omillardan biri bu o‘zbek fani yutuqlarining chet tillarga tarjimasidir. 


Tarjimachilikning dolzarb yo‘nalishi – milliy adabiyotni jahon adabiyotiga aylantirish, o‘zbek tilidagi manbalarni chet tillarga o‘girishni jiddiy yo‘lga qo‘yish payti keldi. Biroq bu masala muammoli hisoblanadi, chunki o‘rganilayotgan xorijiy til saviyasi ona tili bilimlaridan birmuncha balandroq bo‘lishi talab qilinadi. Yana savol tug‘ilishi mumkin: chet tilini ona tilidan yaxshiroq bilish mumkinmi? Savolning javobi esa ona tilini bilish masalasiga oydinlik kiritishni taqozo qiladi. Xo‘sh, ona tilimizni qay darajada yaxshi bilamiz? Ona tilini bilish deganda faqat jonli tilni yaxshi bilish tushunilmaydi. Har qanday tilning muloqotni amalga oshirishidan tashqari rasmiy til va uslub, matbuot tili va uslubi, ilmiy bayon tili va uslubi, va albatta, badiiy adabiyot tili va uslubi kabi funksional jihatlari bor. Bularni oddiy inson jonli so‘zlashuv tili kabi yaxshi bilmaydi. Chet tili mutaxassisi esa ana shu boshqa muhim jihatlarni maxsus darslik va qo‘llanmalardan yillab o‘rganishi natijasida keng qamrovli tilchi sifatida shakllanadi. Chet tili amaliyotini xorijiy mamlakatlarda o‘tab o‘zlashtiradi va undan o‘sha tilni o‘z ona tilidan ancha yaxshiroq bilishi kutiladi.


Afsuski, hozir chet tillarni o‘rganayotganlarning aksariyati Zuhriddin Isomiddinovning “O‘zbek tilining milliy tabiati” kitobida ko‘tarilgan muhim masalalardan bexabar “chet tilichi”lardir. Olim shunday deydi: “Afsuski, so‘nggi yillarda bir talay yangi nashriyotlar, gazeta va jurnallar ochildiki, ularning boshida jurnalistlar emas, to‘rtta jumla tuzishga ham yaramaydigan, gazeta chiqarishdan maq­sadi faqat pul topish bo‘lgan “biznesmen”lar o‘tirib oldi. Ular uchun pul kelsa bo‘ldi, o‘zbek ma’naviyati ham, o‘zbek tili ham buzilsa nima, ishqilib, xaridor topilsin-u, chiqarayotgan matbaa mahsuloti sotilib, mo‘may aqcha kelib tursa, bo‘lgani”(44-bet). Bu gap xususiy nashriyot haqida edi. Ammo yaqin o‘tmishda “Cho‘lpon” nashriyoti direktori qabuliga mashhur otaxon shoir Shukrullo kirib o‘zini “Men Shukrulloman” deb tanishtirsa, direktor ukamiz shoirdan familiyasini so‘ragan ekan. Ana sizga davlat nashriyotidagi ahvol. Qo‘shni davlat nashriyotiga esa sobiq mebelfurush rahbar bo‘lib ishlab ketdi.


Shu sabab nafaqat ona tilidan chet tiliga, balki xorijiy tillardan ona tiliga qilingan tarjimalarda ham ona tilidan bilim va ko‘nikmalar zaifligi, badiiy va ilmiy asarlar tarjimasida imloviy, mantiqiy va terminologik xatolar ko‘p uchrayotgani  oddiy hol bo‘lib qolmoqda. Bu lisoniy falokatning ildizlarini o‘rta va oliy maktablarda ona tili va adabiyot fani o‘qi­tish metodikasidagi eskicha yondashuvlarda ko‘rish mumkin. Til o‘qitishda asosan gapi­rish, yozish, tinglab tushunish va o‘qish kabi masalalarga e’tibor qilinmoqda-yu, fikrlashga o‘rgatish e’tibordan chetda qolmoqda. Axir inson savolni avval o‘ylab keyin gapiradi. Ammo shu o‘ylash ilmi o‘rgatilyaptimi? Yo‘q! Na oilada, na ta’limda tafakkurga o‘rgatish masa­lasi va muammosi kun tartibiga qo‘yilayapti. Xo‘sh, o‘ylash qanday sodir bo‘ladi va qay tarzda o‘rgatiladi? “O‘ylab gapir” deb talab qilishadi va bunda “ma’lum ijtimoiy vaziyatga to‘g‘ri keladigan gapni gapir” deb, fikrlashning axloqiy tomoninigina nazarda tutishadi. Biroq fikrlash (tafakkur) − uch xil jarayonda: neyrofiziologik, neyropsixologik va neyrolingvistik holatda amalga oshadi. Shu jara­yonlar maxsus didaktik adabiyotlar yordamida o‘rgatilishi lozim. Masalan, Aristotel “Mantiq” asari bilan shu masalaga ming yillar avval inson e’tiborini qaratmoqchi bo‘lgan, odamzod esa unga hamon loqayd qolmoqda... 


Tanqid, ayniqsa, tarjima tanqidi nozik masala. Professor Bahodir Karimov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida yozganidek, “Tanqid kimga yoqadi?”. Men bu maqolaga “Tanqid menga yoqadi” nomli maqolam bilan o‘sha gazetada javob yozgandim. Aynan tanqid masalasi Gʻarb va Sharqda turlicha tushuniladi va turlicha qabul qilinadi. Tanqid tushunchasi va muammosi falsafiy tafakkurning o‘zak muammolaridan biri sifatida olmon faylasufi Immanuil Kantning “Sof aqlning tanqidi” va “Tanqidiy aqlning tanqidi” asarlarida ilk bor XVIII asrda batafsil yoritilgan. G‘arbona tafakkurda munosabat bildirish ma’nosida talqin qilingan. Sharqona tafakkurda esa bu so‘z afsuski asosan kamchilik va nuqsonlarni aytish ma’nosida tushuniladi, tanqidchidan esa dushman yasaladi... 


Har qanday asarning tarjimasini tahlil va tanqid qilish asliyat asari nomi tarjimasi tahlilidan boshlanadi. Chunki aynan sarlavhada eng muhim ma’lumot va g‘oya, muallif aytmoqchi bo‘lgan tagma’no mujassam. Shu sabab mualliflar o‘z asariga nom qo‘yishda ancha bosh qotirishlari hammaga ma’lum. Agar sarlavha noto‘g‘ri tarjima qilinsa, bilingki, matndagi boshqa ko‘pchilik lisoniy birliklar tarjimasiga tarjimon unchalik e’tibor qilmasligi turgan gap.


So‘nggi yillarda olmon va o‘zbek tillari juftligi misolida ancha quvonarli tarjimalar ko‘zga tashlandi. O‘zbekiston Milliy universiteti olmon tili kafedrasi a’zolari Shuhratxon Imyaminova va Hafiza Qo‘chqorovalar muallifligida “O‘zbek va olmon adabiyotidan tarjima namunalari” to‘plami chop etilgan. Unda tarjimashunos hamkasblarimizning o‘zlari va shogirdlarining tarjimalari berilgan. Muhimi, to‘plam o‘zbek adabiyotidan olmonchaga o‘girilgan tarjimalar bilan boshlangan. Unda Hafiza Qo‘chqorovaning Cho‘lpon, Oybek, Hamid Olimjon va Abdulla Oripov she’riyatidan o‘girgan tarjimalari berilgan. Yosh tarjimonlar F.Soatov, X.Abdullayeva, Z.Akramxonov, I.Rahimovlar esa Zulfiya, Muhammad Yusuf, Farida Afruz she’rlarini olmonchalashtirishga jur’at qilishgan. 


Germaniyaning Gyote institutida Yosh tarji­monlar seminarlari o‘tkazilib turishi an’anaga aylangan. Unda e’lon qilingan tarjimalar tanlovida olmonzabon adib Rafiq Shamining “Die Frau, die ihren Mann auf dem Flohmarkt verkaufte” (So‘zma-so‘z tarjimada “Erini burgabozorda sotgan ayol”) hikoyasi tarjimasi ustida 31 nafar yosh tarjimon bellashgan, ularning tarjimalarini tajribali dotsentlar va tarjimonlardan iborat jyuri o‘rganib, sarlavhadagi Flohmarkt so‘zi (so‘zma-so‘z − burga bozori) chayqov bozori deb o‘girilishini to‘g‘ri deb topishgan. Qanday qilib Toshkentning eski-tuski narsalar sotiladigan avvalgi Tezikovka va hozirgi Yangiobod bozorini chayqov bozori deb atash mumkin? U yerda nima chayqaladi? Germaniyaning Flohmarkt bozorida esa asosan iste’molda bo‘lgan narsalar, lash-lushlar, eski-tuskilar ko‘proq asl tub aholi emas, Germaniya birlashuvidan keyin borib qolgan, hozir Germaniya fuqaroligini olgan, deyarli ishsiz fuqarolar tomonidan sotiladi. Chayqov so‘zining asosiy semantik ma’nosi esa “olib sotarchilik, ya’ni spekulyatsiya”. Yosh tarjimon Xayriniso Abdullayeva esa bu so‘zni “eski bozor” deb asliyatga yaqinroq o‘girgan.


2024-yil oxirlarida o‘tkazilgan bir semi­narda tarjimonlikni astoydil niyat qilgan hamkasbimiz Hafiza Qo‘chqorovaning yangi tarjimasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Shveytsariya yozuvchisi Peter Shtamm “Die sanfte Gleichgültigkeit der Welt” nomli yangi asar yozdi. Umuminsoniy dolzarb mavzuli asarni tarjimon qizimiz o‘zbek tiliga “Loqayd dunyo” nomi bilan o‘girib chop ettirdi. Ammo muallif asarning nomini oddiygina “Loqayd dunyo” deb emas, “muloyimxunuk loqaydlik” deb o‘girganda o‘rinli bo‘lardi. Yaxlit ma’noda asliyatda “Dunyoning muloyimxunuk loqayd­ligi” deb nomlangan. Muallif shu olmoncha sanft(epitet) sifatlovchi so‘zini loqaydlik ot so‘z turkumidan oldin aniqlovchi vazifasida qo‘llab, muloyimlik so‘zi va tushunchasi oddiy­gina muloyimlik, yumshoqlik emas, dunyoni buzayotgan muloyimlik, zararkunanda loqay­d­lik ekanini urg‘ulagan. Jamiyatni loqayd­lik buzayotganini aytib, insoniyatni hushyorlikka da’vat qilmoqchi bo‘lgan, nazarimda. Afsuski, sarlavha tarjimasi noto‘g‘ri tushunilib, buzib, muallif niyati anglanmagan va go‘zal sarlavha sodda bo‘lib qolgan. Hajman uncha katta bo‘lmagan bu asar muallifi bilan O‘zDJTUda uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Muallif davrimizning muhim muammosini asar sarlavhasiga chiqarib, odamlarning o‘z atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga “Men senga tegmayman, sen menga tegma” qabilida g‘alati beparvoligi va loqaydligini qalamga olib, bu oddiy loqaydlik emas, balki nozik, muloyim, mayin, beozor munosabat ma’nosida ifoda qilgan. Muallifdan sarlavhadagi o‘zi qo‘ygan shu zanft (sanft) sifatlovchi aniqlovchini oddiy so‘z bezagi sifatida ishlatganmikan deb so‘rab, o‘zbekcha tarjimada tushirib qoldirilganini aytdim. U hayron bo‘lib tarjimonga qaradi. Tarjimon esa bu so‘zni “nashriyot tushirib qoldirgan”ini aytib, o‘zini oqladi. Vaholanki, asar muallifi aynan shu so‘zdagi ma’no va mohiyatga kitobxon e’tiborini qaratmoqchi bo‘lgan. “Akademnashr” nashriyotining bu yerda hech qanday aybi yo‘q, chunki u yerda olmon tilini biladigan mutaxassis yo‘qligini hamma biladi. Asar tarjimasi mas’ul muharrir va taqrizchi ishtirokisiz chop etilgan.


Qizig‘i, kitob tarjimasining muqovasidagi sarlavha yozilishida ham qo‘pol ikki imloviy xatoga yo‘l qo‘yilgan. Unda asar nomi Leichgültigkeit der Welt shaklida, ya’ni “Yengiltak ko‘ringan dunyo” ma’nosini anglatishiga sal qolgan. Tarjimon ilk tarjimalaridan biri Jenni Erpenbekning “Heimsuchung” romani sarlavha tarjimasi(Makon istab)dagi xatodan keyin jiddiy yondasha boshlaganini ko‘rib, navbatdagi ishlarida chiroyli va muqobil sarlavhalar topayotganidan xursandligimni o‘ziga aytganman. Jumladan, Elke Haydenrayx va Bernd Shryoderning “Alte Liebe” asari nomini so‘zma-so‘z “eski muhabbat, birinchi muhabbat, ilk muhabbat” tarzida emas, “Azaliy ishq” shaklida go‘zal tarjima qilgan. 


Tarjimalarni o‘rganish jarayonida yana bir jihat ko‘zga tashlanadi, ya’ni hamkasblarimiz mavjud tarjima lug‘atlari bilan kam ishlayotgani seziladi. Aks holda Gyunter Grassning “Der Blechtrommel” romani sarlavhasini qanday qilib “Tunuka do‘mbira” deb o‘gi­rish mumkin? Avvalambor, olmonlar chaladigan Trommel cholg‘u asbobi hayvon terisidan qoplangan nog‘orasimon yumaloq soz. Do‘mbira esa turkiylarga xos qorni yog‘ochdan yasalgan cholg‘u asbobi emasmi? O‘zbek milliy sozlari do‘mbira, dutor, rubob, nay va boshqalarning yasalishi uchun tunuka emas, yog‘ochning ma’lum bir turi asos bo‘lmaydimi? Asar sarlavhasi “Tunuka nog‘ora” deb o‘girilsa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Chunki tog‘orani nog‘ora qilib chalish o‘zbek xalqimiz ichida ko‘p uchraydi. 


Ayni paytda dunyoning ko‘p mamlakatlari­da yahudiy dini mardumi bo‘lgan olmonza­bon modernist yozuvchi Frans Kafka hayoti va ijodiga qiziqish avj olmoqda. Uning qator asarlari rus va olmon tillari orqali o‘zbek tili­ga tarjima qilinmoqda. Yozuvchining “Das Schloss” asari avval Vafo Fayzullo tomonidan ruscha tarjimadan o‘zbekchalashib, “Qal’a” nomi bilan e’lon qilingan edi. Shu asarni bevo­sita olmonchadan o‘girgan olmon tili muta­xassisi Shahnoza Quvonova o‘z tarjimasi nomini “Qo‘rg‘on” deb atabdi. Asar tarjimasiga so‘zboshi yozgan akademik Akmal Saidov bu asar nomini “Saroy” deb atagan. Lug‘atlarda esa olmoncha “Das Schloss” so‘zining “qasr” muqobili ham mavjud. Qay biri asliy monand degan savol tug‘ilganida teskari tarjima metodiga tayaniladi. Shu usul orqali ish tutsak  o‘zbekcha tarjima variantlarida quyidagi manzara hosil bo‘ladi: o‘zbekcha “Qal’a” olmonchaga “Burg”, o‘zbekcha “Qo‘rg‘on” – olmonchaga “Festung”, olmon-o‘zbekcha tarjimalarda esa olmoncha “das Schloss” goh saroy, goh qasr shaklida berilgan. Xulosa shuki, V.Fayzullo ruschadan o‘girgan va asliyat tilini bilmasligi mumkin. Biroq Sh.Quvonova olmon tili mutaxassisi sifatida nega noto‘g‘ri tarjima qilgan? Uning xatosi − lug‘at bilan ishlashni xohlamaganida. Hozirgi olmon tili lug‘atlarida 800.000 dan 1.000.000 gacha so‘z bor. Universitetni bitirgan mutaxassisda nari borsa 2000 ta faol, 3000 ta passiv so‘z boyligi bordir. Sinxron tarjimonlarda esa shuning o‘n barobari bo‘lishi mumkin. Demak, bunday tarjimalarning ahvoli qay holatdaligini tasavvur qilavering. Ammo bu xatolar faqat tarjimonlarning aybi emas, balki shu tarjimalarni chop etgan noshirlarning ham muloyim, xunuk loqaydligida. Chet tillardan tarjimalarni chop etishdan oldin ularni shu tillarni mukammalroq biladigan, tarjimachilikda katta tajriba orttirgan mutaxassislarning ham ko‘rigidan o‘tkazish va taqrizlarini olish shart! “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevning tarjima kengashlarida so‘zga chiqib aytgan mana bu so‘zlari boshqa tarjima noshirlari uchun ibrat maktabi deb o‘ylayman: “Jurnalimizga kelayotgan tarjimalar­ning aksariyatini tahririyat va shaxsan o‘zim 5 martagacha qayta-qayta o‘qib, tekshirib va tuzatgandan keyingina jurnalxon hukmiga havola qilamiz”. Shulardan kelib chiqib tarjima nazariyasi va amaliyoti fani o‘quv dasturlariga “Tarjima tahlili” degan maxsus bo‘lim ham kiritilishi maqsadga muvofiq.


Tarjima nashrlarda boshqa qator jiddiy kamchiliklar ham kuzatilmoqda.  Jumladan, asliyatga oid bibliografik ma’lumotlar asliyat tilida berilmayapti, uni chop etgan chet el nashriyotidan maxsus ruxsatnoma – litsenziya olinmayapti. Nashrga mas’ul taqrizchilar­ning ism-sharifi ko‘pchilik kitoblarda bor-u, nashriyotlarda ularning asl taqrizlari matni gohida topilmaydi. Bu esa xalqaro nashr normalari va mualliflik huquqining buzilishi hisoblani­shini aksariyat nashriyotlar bilib-bilmaslikka olayaptilar. Qolaversa, tarjimalarni maxsus tahririyat bo‘limi yo‘q nashriyotlar chet tili mutaxassisining maxsus tahriri va taqrizidan o‘tkazmay o‘zboshimchalik bilan bosishmoq­da. Natijada tarjima matnlarida muallifning individual uslubi va milliy o‘ziga xoslikni qayta yaratish masalasiga jiddiy putur yetmoq­da. “Nega bunday qilasizlar?”, deb so‘rasak, “maxsus va mas’ul muharrirga beradigan pulimiz yo‘q”, deyishadi. Axir tarjima sifatini aynan ana shu mas’ul muharrir va uning tahriri hamda taqrizlari kafolatlaydi! Bu masalada ham o‘zbekchilikning ayrim illatlari (jumladan: tanish-bilishchilik, mahalliychilik, loqaydlik) sodir bo‘lmoqda. Ayrim taqrizlarni tarjimonlarning o‘zlari tayyorlab, taqrizchiga o‘qitmasdan imzolatib topshirishmoqda. Mana shunday jiddiy tashkiliy, nashriy xatolar, milliy illat tufayli minglab milliy o‘ziga xos so‘zlar (tarjimashunoslikda realiyalar deb yuritiladi) o‘z qiyofasi va ma’nosini yo‘qotmoqda. Jumladan yo‘lbars – shahzodaga (F.Vyurtlening “Babur der Tiger” asari tarjimasida ), shovla ‒ bo‘tqaga, palov ‒ shovlaga, Buxoroning amiri − Germaniyaning qiroliga, olmonning (Gespräch) suhbati o‘risning razgovoriga va o‘zbekning gurungiga (P.Ekkermann. “Gyote bilan gurunglar”) aylanib qolmoqda. Natijada ayrim tarjimalarda milliy obrazlar xiralashmoq­da va hatto yo‘qolib qolmoqda. O‘zbekistonga egnida palto kiyib kelgan ol­mon va o‘ris sayyohning paltosini yechib, unga chopon kiydirib qo‘yish mumkinmi? Buxoro amirini olmonlar qirolim desa, u ajablanmaydimi yoki xursand bo‘ladimi? Restoranda sayyoh shavla keltirishni buyursa, ofitsiant unga mastava keltirsa, indamay qabul qiladi­mi? Sovet mustabidligidan qutulganimizga ko‘p yillar o‘tsa-da, tarjimonlar bizni yana shelkunchik bilan yong‘oq chaqishga o‘rgatmoqchi bo‘lishsa (olmon yozuvchisi E.T.A. Hofmanning bir asari olmoncha nomi “Nussknacker”, ya’ni so‘zma-so‘z “Yong‘oq chaq­qich”. Bu asarni ruscha tarjimadan o‘girgan o‘zbek tarjimoni o‘zbekcha tarjimada ham ruscha “Shelkunchik”ni qoldirgan), o‘sha o‘rischa shelkunchigi o‘zi nima ekanligini so‘raymizmi yoki tarjimon indamay bizni o‘sha o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqqa qo‘shib “o‘ynataversinmi”? 


“Sharq yulduzi” jurnali sahifalarida professor Shavkat Karimovning “Tasavvurga ko‘maklashgan tarjima” maqolasi e’lon qilinib, unda ustozimiz gazetada bosilgan “Befarq qarab bo‘lmaydi” sarlavhali maqolamda bildirgan ayrim fikrlarimni bahsli deb topib, quyidagicha e’tiroz bildirgan: “Taniqli tarjimon Nizom Komilov E.M.Remarkning qator romanlari­ni o‘zbekchalashtirib, olmon pasifist yozuv­chisining ijodiy merosini o‘zbek kitobxonlari mulkiga aylantirgan. Yoshlar hayoti orqali aks ettirilgan urushning dahshatli manzaralari taloto‘pida asar qahramoni “Essizgina yoshligim” deyishiga ishonasan”. Darhaqiqat, biz o‘sha maqolamizda Nizom Komilovning ol­mon adabiyotidan E.M.Remarkning “Im Westen nichts Neues” romani sarlavhasini tarjimon Nizom Komilov “Essizgina yoshligim” holida o‘girganiga e’tiroz bildirgandik. Yanglish Egamova ham bu masalaga to‘xtalib, 2016-yili  nashrdan chiqqan “Muhabbat farzandi” nomli kitobida bunday deydi: “Avvalo roman nomini asarning asosiy g‘oyasi, mohiyatidan kelib chiqib “Essizgina yoshligim” deb o‘zgartirgani g‘oyatda o‘rinli bo‘lgan, chunki asar adolatsiz urush maydonlarida, okoplarda, kazarmalarda yosh umri qurbon bo‘lgan yigitlar haqidadir”. Bu e’tiroz ham g‘oyatda o‘rinsiz, chunki tanqidchi mazmun haqida gapirayapti. Yozuvchi esa bu asarda aytmoqchi bo‘lgan g‘oyasini ‒ insoniyatga urush va tinchlikning mohiyatini konkret obrazlarda tasvirlaydi. Muallifning shu g‘oyasini rus tarjimoni va nashriyoti to‘g‘ri anglagan va tarjimasiga “На западном фронте без перемен” deb nom qo‘ygan. Xullas, asliyat tili va adabiyotini jiddiy o‘rganmagan ayrim tarjimashunoslar tortishaversin, ammo tarjimon ushbu romanning 2016-yilgi yangi 4-nashri va barcha keyingi nashrlarini “Gʻarbiy frontda o‘zgarish yo‘q” nomi bilan “Yangi asr avlodi” nashriyotida qayta chop ettirdi. Tarjimon va nashriyot biz­ning fikrimizni inobatga oldi! Umuman, arab, fors va boshqa chet tillardan o‘zbek tiliga o‘zlashgan ko‘pchilik so‘z va iboralarni asliy monand tushunish masalasida hatto ayrim filolog (so‘zshunos)lar biroz oqsamoqdamiz. Masalan, n,q,d undoshlari bor (tanqid, munaqqid) kabi arabiy so‘zlar munosabat bildirish ma’nosida, tarkibida x,l,q undoshlari bor so‘zlar (xalq, maxluq) Xoliq, ya’ni Tangri yaratgan ma’nosida tushunilishi maqsadga muvofiq. Va umuman o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisi arab va fors tillarini, chet tillar mutaxassisi lotin va grek tillarini jiddiy o‘zlashtirmasa, o‘rganayotgan asosiy kasb tilini yaxshi tushu­nishi amri- mahol. Bu esa tarjimachilikda turli anglashil­movchiliklarga sabab bo‘ladi.


Sh.Karimov O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” romanining Oybek Ostanov o‘girgan olmoncha tarjimasi sarlavhasidagi “Kein Himmel auf Erden” shakliga nisbatan bildirgan e’tirozimizga qarshi shunday yozadi: “Himmel auf Erden” iborasi – “o‘ta ma’qul va manzur hayot” degani. Agar shu iboraga Kein inkorini qo‘ysak, “osmonsiz zamin” deb o‘giriladi”. 


Birinchidan, qani asliyat sarlavhasi – “Dunyoning ishlari”da Sh.Karimov talqinidagi “o‘ta ma’qul va manzur hayot” va uning inkori? Grammatik kategoriya hisoblanmish “kein” o‘zidan keyin keluvchi gap bo‘lagi mazmunini inkor qilishga xizmat qilishini grammatist bo‘lmagan barcha olmonshunoslar ham biladi. Qani o‘zbekcha asliyat mazmunida inkor, ya’ni “o‘ta noma’qul va nomanzur hayot”? Olmoncha sarlavhani o‘zbekchalashtirish uchun uni teskari tarjima usuli bilan o‘girib ko‘ring-chi, “Dunyoning ishlari” bo‘lib chiqadimi?


Ikkinchidan, “Dunyoning ishlari”da Sh.Karimov ishora qilgan osmon va yer o‘rtasidagi juftlikka daxldor nima bor? Fikrimcha, asarda yerdagi voqea-hodisalar nazarda tutilgan, shu ma’noda sarlavhani “Irdische Angelegen heiten” deb o‘girgan bo‘lardim, biroq bu mohiyatan kamlik qilganday tuyulgani uchun tarjimonga “Die Dingedes Lebens” degan tarjima variantini taklif qilgan edim. Bu taklif o‘zbekcha “dunyoning ishlari” iborasidagi ma’no va mazmundan bexabar ayrim “olmonzabon maslahatchi va muharrirlar”ga yoqmabdi, chunki shunday sarlavhali bir film bor ekan va bu plagiat bo‘larmish. Bir nom boshqa asarga qo‘yilsa, bir kishining ismi va familiyasi boshqasida uchrasa plagiat bo‘ladi­mi? Xullas, “Dunyoning ishlari” sarlavhasi­ning hozirgi olmoncha o‘girmasi – “Kein Himmelauf Erden”ni noekvivalent, nomuqobil va noto‘g‘ri tarjima deb hisoblayman.


Uchinchidan, chet tiliga qilingan tarjimaga baho berish, taqrizchi va muharrirlik qilish uchun shu shaxsning o‘zi chet tiliga tarjimalar muallifi bo‘lsagina, uning mantig‘i va xulosasiga ishonsa bo‘ladi. Chunki o‘zbek qas­sobi olmonning cho‘chqa so‘yish qoidasini qaydan bilsin? O‘zining qo‘y-echkisini so‘yib yuravermaydimi?


To‘rtinchidan, tarjimaga munosabatda tarjimon, tanqidchi va uning opponenti eng avval tilni, keyin o‘z milliy va chet el adabiyoti va madaniyati tarixini o‘ta yaxshi bilishi kerak. Chet tilini yaxshi bilmasa-da, C1 sertifikatiga ega ayrim “mutaxassis”larga chet tilida ifoda etilgan badiiy obraz va mantiq hamda uning tarjimasiga muqobil munosabat bildirish ham oson kechmaydi. Yosh tarjimonlarga munosabat bildirishda esa (ularning jinsidan qat’i nazar) faqat maqtab emas, kerakli joyda jiddiy va juz’iy ijodiy kamchiliklarini alternativ fikr tarzida xolisona aytib o‘tish ham o‘rinli, ham savob. Olsa ‒ yaxshi, olmasa – o‘zining sho‘ri. 


Beshinchidan, “dunyoning ishlari” iborasi o‘zbek tilida ko‘pincha “dunyoning ishlari qiziq”, “dunyoning ishlariga hayron qolasan kishi”, “dunyoning ishlari shunaqada” kabi kontekstlarda boshqa so‘zlar qurshovida ishlatiladi. Mabodo asar matnida shu holatdagi gaplar uchrasa, ularni qanday tarjima qilgan bo‘lardingiz, janob tarjimon va tanqidchilar? Qanaqa olmoncha gaplar paydo bo‘larkan?: “(Kein ) interessanter Himmelauf Erden” − Osmon uzilib yerga tushdimi, “(Kein) Himmelauf Erdenwundertmich”. Osmon o‘pirilib yerga tushsa, men hayron bo‘lmayman, “Soist (kein) Himmelauf Erden” ‒ “Osmon uzilib yerga tushgani yo‘q-ku” va h.k. Bunaqa tarjimalardan asar muallifi go‘rida tikka turmaydimi? 


Umuman olganda, kitob do‘konlarida yangi tarjimalarni ko‘rib, ko‘zim quvonadi. Yangi tarjimalar yangi fikrlar uyg‘otadi, yangi his-hayajon baxsh etadi. O‘zi jadidchilik aynan yangi dunyolarni ko‘rgan, yangicha fikrli tarjimalarni o‘qigan, rivojlanayotgan dunyolar ta’sirida bo‘lgan. Ismoil Gaspirali, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori kabi ziyolilarning fikri­yotlari natijasida shakllangan edi-ku!. Uchinchi Renessansga yo‘l tutgan ekanmiz endi yangicha fikrlashni o‘rganishimiz, yangi tafakkurni shakllantirishimiz, mavjud milliy fazilatlari­mizni rivojlantirishimiz va yangi taraqqiyotga xalaqit beruvchi illatlardan xalos bo‘lish vaqti kelmadimi? Ana shu maqsadlarimizni amalga oshirishning bir yo‘li yangi tarjimalar qilish orqali yangicha tafakkurni shakllan­tirishdir. Shuning uchun tarjimachilik ishimizga alohida jadidona e’tibor qaratishimiz kerak. Chet tilichi mutaxassislarimiz faqatgina dars beruvchigina (“урокодатель”) emas, ayni bir paytda o‘zi o‘rganayotgan va yaxshi bilgan chet tillardan ona tiliga tarjimalar qilayotgani yaxshi, biroq ayniqsa ona tilimizdan chet tillarga tarjima qilayotganlar milliy adabiyotimizni jahon adabiyoti mulkiga aylantirishdek tabarruk ishni bajarishlari yanada quvonarli hodisa bo‘ladi. Har bir chet tili mutaxassisi kasbiy hayoti davomida bittagina asarni ona tiliga va yana bittasini chet tiliga tarjima qilsa bundanda ulug‘roq ish bo‘larmidi?


Shu o‘rinda, mehnat faoliyati davomida tarjimaga vaqti bo‘lmasa-da, nafaqada ham chet tilidan tarjimalar qilayotgan hamkasblari­miz buxorolik Jumanazar Qurbonov, farg‘o­nalik Lazokat opa, samarqandlik Posho Ali Usmonlarni ta’kidlab o‘tish joiz. Bular olmon adabiyotidan Haynrix Hayne, Yohan Volfgang Gyote ijodidan yuzlab she’riy tarjimalar qilib, Jahon tillari universiteti qoshida tashabbusimiz bilan rektorimiz professor I.To‘xtasinov yordamida ochilgan yangi “Tarjimashunoslik va lug‘atshunoslik ilmiy-amaliy markazi” bilan hamkorlikda ikki tilli olmoncha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-olmoncha tarjima antologiyalari tayyorlashda o‘z hissalarini qo‘shishmoqda. Ular ishtirokida yosh tarjimonlar va talabalar bilan o‘tkazilayotgan suhbatlar katta motivatsion va tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda. Bu markazda tarjimachilik sohasini aniq reja va tizimlar asosida tashkil qilish, yangi tarjimalar va ikki tilli katta lug‘atlar, ikki tilli tarjima antologiyalari yaratish ustida ishlar boshlandi. Dastlabki ishlarimizdan Aka-uka Grimmlar 1812-yilda to‘plab chop etgan 200 ta olmon xalq ertaklarining birinchi yuztasidan iborat yangi o‘zbekcha tarjima to‘plami “O‘zbekiston” NMIU nashriyotida chop etildi. Bu olmon xalq ertaklarining mamlakatimizda nashrdan chiqqan ilk eng katta to‘plamidir. Tarjimasi shoira, tajribali tarjimon Sharifa Salimova, Germaniyada doktorlik disertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan va 20 dan ortiq tarjimalar mualifi Gulrux Rahimova hamda 300 dan oshiq turli katta-kichik matnlar tarjimalari muallifi kamina tomonidan amalga oshirildi. Ayni paytda hazrat Navoiyning “Munojot” asarining universitetimizda o‘qitilayotgan 20 ta (olmon, ingliz, fransuz, ispan, italyan, golland, arab, fors, turk, rus, koreys, yapon, xitoy, indonez kabi) boshqa chet tillarga tarjimasi tayyorlanmoqda. Bu ilmiy-ijodiy ishlarni amalga oshirish uchun respublikamizning barcha oliy o‘quv yurtlari mutaxassislarini hamkorlikka da’vat qilamiz. 


Navbatdagi loyihamiz “O‘zbek adabiyoti olmon tilida” tarjima jurnalimiz bo‘lib, unda milliy adabiyotimizning yetuk adiblari asarlari O‘zbek xalq og‘zaki ijodi, O‘zbek mumtoz adabiyoti, XX asr o‘zbek adabiyoti va Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti kabi adabiy davrlarga bo‘lingan holda tarjimalarda jurnal, kitob va internet variantlarida e’lon qilinadi.


Albatta, bir maqola doirasida barcha ama­liy tarjimalarni tahlil qilish mushkul. Biroq shunday tahlillar tarjimachiligimiz yo‘lida jadidona ruhda yashash va ijod qilishga da’vat qilishini unutmasligimiz lozim.


Xurram RAHIMOV,

O‘zDJTU qoshidagi

Tarjimashunoslik va lug‘atshunoslik

ilmiy-amaliy markazi rahbari,

professor

Maqola muallifi

Xurram RAHIMOV

Xurram RAHIMOV

Professor

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Maktab
  • #adabiyot

Ulashish