“Boburnoma”da shaxmat

“Boburnoma”da bir yarim mingdan ziyod tarixiy shaxs nomi tilga olingan. Ular podshoh(sulton)lar, shahzoda va malikalar, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyandalari, avliyolar va diniy ulamolar, amirlar, bek va sarkardalar, askarlar, oddiy xalq vakillaridir.
Ayniqsa, temuriy hukmdorlar va ularning vazir, amir va beklariga batafsil ta’rif berilgan. Muallif biron shaxs haqida so‘z yuritayotganida uning xislat va fazilatlari qatori o‘ziga xos odatlari, hunarlariga urg‘u bergan joylari ko‘p uchraydi.
Chunonchi:
“Ul zamon dasturi bila ichkularda qo‘shiqlarni yaxshi aytur ekandur” (Xoja Husaynbek).
“O‘qni yaxshi otar edi, chavgonni yaxshi o‘ynar edi” (Hasan Ya’qubbek).
“Nasxta’liq xatini tavre bitir edi” (Ali Darvesh).
“Sohibi devon edi, she’ri yomon emas edi” (Ahmad Hojibek).
“Qo‘buzni yaxshi cholur edi” (Sayyid Yusuf o‘g‘loqchi).
“Musiqa ilmidin boxabar edi, soz ham cholur edi. Tab’i nazmi bor edi” (Darveshbek).
“Xeyli mutoyaba qilur edi” (Qosimbek).
“Qushqa ko‘p mayli bor edi” (Boqi tarxon).
“Qushqa asru ko‘p mayli bor edi” (Muhammad Burunduq barlos).
“Ov va qushning roh va ravishini yaxshi bilur...” (Jahongir barlos).
“Gʻarib xo‘b raqs qilur edi” (Sayyid Badr).
“...qasidani bisyor yaxshi aytur edi” (Hasan Ali jaloyir).
“...qonunni oncha kishi chalmaydur, qonunda girift qilmoq muning ixtiroyidur” (Xoja Abdullo Marvariy).
“She’rni agarchi kam aytib edi, vale tavre aytur edi” (Sayyid Hasan o‘g‘loqchi).
Asarda Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zi shaxmat o‘ynaganligi haqida qaydlar uchramaydi. Lekin bir o‘rinda “shatranj majlisi” tilga olingan. Samarqand taxtida o‘tirgan Sulton Ahmad mirzo va Xuroson hukmdori Sulton Husayn mirzo amirlaridan Darvesh Muhammad tarxon va Zunnun arg‘un ta’rifida, shuningdek, Hirot vazirlaridan Mir Murtoz ta’rifida ushbu shaxslarning shatranjga mehri va ixlosini ta’kidlab o‘tgan.
Ma’lumki, hazrat Navoiy “mizoji nozukluk bila mashhur...” bo‘lgan. Albatta, bu “nozukluk” ayrim shaxslar bilan o‘zaro munosabatda ziddiyatlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Jumladan, Binoiy bilan. Bu haqda Xondamirning “Xulosat ul-axbor”, Zayniddin Vosifiyning “Badoye ul-vaqoye”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarlarida, “Boburnoma”da ham ma’lumot keltirilgan. Navoiy va Binoiy munosabati masalasiga ko‘plab adabiyotshunoslar qiziqqan. Ammo Sadriddin Ayniy tadqiqoti xolis bo‘lib, uning yozishicha, Binoiy Navoiyga qilgan haqsizliklari uchun uzr so‘rab qasida yozgan va Hirotga jo‘natgan. Afsuski, qasida yetib kelganda Navoiy olamdan o‘tgan edi.
Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida Samarqand, Hirot kabi poytaxt shaharlar, ilm-fan, madaniyat markazlarida adabiyot, san’at anjuman, yig‘inlari qatori shatranj majlisi, kurash o‘yinlari o‘tkazilib turilishi tabiiy hol bo‘lgan. Tarixiy va adabiy manbalarda Amir Temurning ham shaxmatga ixlosi xususida ma’lumotlar yozilgan. Ibn Arabshohning xabariga ko‘ra, Amir Temur shatranji – “Shatranji Kabir” iborasi ham mavjud bo‘lgan. Shunday majlislarning birida, ya’ni “bir kun shatranj majlisida” Navoiy va Binoiy o‘rtasidagi munosabat yanada noziklashadi:
“(Binoiy) Alisherbekka xeyli mutaarriz ekandur. Bu jihattin xeyli jafolar tortti. Oxir tura olmay Iroq va Ozarbayjong‘a Ya’qubbek qoshig‘a bordi. Ya’qubbek qoshida yomon emas edi. Harifi majlis bo‘lub edi, Ya’qubbek o‘lgandin so‘ng ul viloyatlarda turmay, Hiriga keldi. Hanuz zarofat va taarruzi bor edi. Ul jumladin biri budurkim, bir kun shatranj majlisida Alisherbek oyog‘ini uzatur. Binoiyning (orqasi)ga tegar, Alisherbek mutoyaba bila derki, “Ajab baloyest dar Hiri, agar poy daroz mekuni ba (pushti) shoir merasad” (Ajab bir balodurki, Hirotda oyog‘ingni uzatsang, shoirning orqasiga tegadi). Binoiy derkim, “agar jam’ mekuni ham ba (pushti) shoir merasad” (Yig‘sang ham shoirning orqasiga tegadi).
Oxir bu zarofatlardin yana Hiridin Samarqand azimati qildi” (“Boburnoma”, T., “Sharq”, 2002. 138-bet. Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev va Eyji Mano (Yaponiya) nashrlari asosida qayta nashrga tayyorlovchi Saidbek Hasanov).
Bu lavhadan anglashiladiki, demak, hazrat Navoiy ham, Binoiy ham shaxmat muxlisi bo‘lgan. “Navoiy va shatranj” mavzusi Nosir Muhammad va Burobiya Rajabova tomonidan maqola doirasida o‘rganilgan. “Boburnoma”da uch nafar tarixiy shaxsning shaxmat bobidagi mahorati yuqori bo‘lganligini “shatranjni bisyor o‘ynar edi, yaxshi o‘ynar edi”, “shatranjg‘a ko‘p mash’uf edi. El bir ilik ila o‘ynasa, ul ikki ilik ila o‘ynar edi” deb tasvirlagan:
Darvesh Muhammad tarxon
“Yana bir Darvesh Muhammad tarxon edi. O‘rda Bo‘g‘a tarxonning o‘g‘li, Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmud mirzoning tuqqon tag‘oyisi edi. Mirzo (ya’ni, Sulton Ahmad mirzo – H.K.) qoshida borcha beklardin ulug‘roq va mu’tabarroq bu edi. Musulmon va odmi va darveshvash kishi edi. Hamisha mus’haf kitobat qilur edi. Qush ilmini xo‘p bilur edi, qushni xo‘b solur edi. Oxir Boysunqur mirzo bila Sulton Ali mirzoning g‘avg‘osida ulug‘luq zamonida badnomliq bila o‘ldi” (45-bet).
Zunnun arg‘un
“Pok mazhab kishi edi, namozini tark qilmas edi, ortuqsi namozlar ham xeyli o‘tar edi. Shatranjg‘a ko‘p mash’uf edi. El bir ilik ila o‘ynasa, ul ikki ilik ila o‘ynar edi. Har nechuk ko‘ngli tilar o‘ynar edi. Imsok va xissat tabiatida g‘olib edi” (134-bet).
Mir Murtoz
“Yana Mir Murtoz edi, hikamiyot va ma’qulotni yaxshi bilur edi, aning uchun bu laqab bila mulaqqab bo‘lubturkim, bisyor ro‘za tutar ekandur. Shatranjg‘a ko‘p shag‘afi bor ekandur, bu martabadakim, agar ikki harif uchrasa, biri bila shatranj o‘ynab, yana birining etagini tutub o‘lturur ekandurkim ketmag‘ay deb” (137-bet).
Xulosa shuki, Bobur “Boburnoma”da temuriylar davrida rivojlangan ko‘plab san’at, hunar, odatlar xususida qimmatli ma’lumotlar yozar ekan, jumladan, shaxmat rivoji va uning ommalashgani xususida ham to‘xtalib o‘tgan. Buni biz Darvesh Muhammad tarxon, Zunnun arg‘un va Mir Murtoz misolida kuzatdik. Bu borada tadqiqotlar hali yana davom etadi...
Lug‘at
Mutaarriz – to‘qnashuvchi, qarshilik ko‘rsatuvchi; bahslashuvchi, e’tiroz bildiruvchi.
Zarofat – 1. Zariflik, nozikfahmlik. 2. Qochirim so‘z, hazilnamo so‘z.
Taarruz – 1. Tegish, taqalish. 2. Qarshilik ko‘rsatish.
Mash’uf – biror ishga behad berilgan; oshiq, shaydo, maftun.
Imsok – baxillik.
Xissat – xasislik, pastkashlik.
Hikamiyot – hikmatlar.
Husan KARVONLI
Shu kecha va kunduzda
“Boburnoma”da shaxmat
Toifa olish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish boshlanishiga 7 kun qoldi!
Tarixiy xaritalar yo‘qligi dars sifatini tushirmoqda
Tavsiyanomali abituriyentlar uchun o‘tish ballari pasayishi kutilmoqda
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
86.webp)
Toifa olish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish boshlanishiga 7 kun qoldi!

Tavsiyanomali abituriyentlar uchun o‘tish ballari pasayishi kutilmoqda

Magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda sertifikat talabi bekor qilinmagan
