Xalqaro hamkorlik

O‘zbekistonda insult kasalligiga qarshi kurashish, uni erta tashxislash va samarali davolash bo‘yicha muhim qadamlar tashlanmoqda. Andijon viloyatida insult kasalligini aniqlash bo‘yicha jahon andozasi hisoblangan NIHSS (National Institutes of Health Stroke Scale) shkalasini joriy etish bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida amaliy treninglar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasidagi muhim uchrashuv
1-avgust kuni Andijon shahridagi Markaziy klinik kasalxonasida Yevropa Insult Tashkiloti(ESO – European Stroke Organisation EAST) va Angels Initiative loyihasi vakillari ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistondagi milliy koordinator, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova hamda Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Yevropa koordinatori, tajribali shifokor Lev Aleksandrovich Pristyupyuk ishtirok etadilar.
Bu uchrashuv doirasida Andijon shahrining nevrologiya va reanimatsiya bo‘limlari shifokorlari va feldsherlari insult diagnostikasi va davolashning xalqaro standartlari bilan tanishadi. Shuningdek, O‘tkir insult bilan bemorni harakatlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning har bir bosqichi batafsil muhokama qilinadi. Asosiy e’tibor insultning erta va aniq tashxisini qo‘yish, tez yordam brigadalarining samaradorligini oshirishga qaratiladi.
Trening qaysi jihatlari bilan dolzarb?
Trening davomida NIHSS shkalasining har bir bandi klinik misollar bilan atroflicha o‘rgatiladi. Ko‘rish maydoni, Barre sinovlari, harakat va sezuvchanlik, nutq, makonga moslashuv, ong holatini to‘g‘ri baholash kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ishemik insultning TOAST tasnifi va miya infarktining erta belgilarini neyrovizualizatsiyada aniqlash xususiyatlari ham muhokama qilinadi.
Shifokorlar o‘tkir insult logistikasi, bemorlarni tezlik bilan KTga olib borish, NIHSS ballarining ahamiyati va bu ballarning davolanish natijasiga ta’siri kabi dolzarb savollarga javob oladilar. Gipertonik krizni davolash, dori vositalarini qo‘llash va vaqtinchalik ishemik xuruj (TIA) bilan kasallangan bemorlarni boshqarish kabi muhim masalalar ham muhokamalar markazida bo‘ladi.
Amaliy mashg‘ulotlar va tibbiy ta’limning muhimligi
Andijon tibbiyot instituti konferensiyalar-zalida reanimatolog va nevrologlar uchun aniq klinik holatlar misolida NIHSS shkalasi va insultning erta diagnostikasi bo‘yicha maxsus trening o‘tkaziladi. Bu amaliy mashg‘ulotlar shifokorlarning ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu tadbirlar O‘zbekistonda insultga qarshi kurash tizimini yanada mustahkamlash, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va eng muhimi, yurtdoshlarimizning salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi. Undan tashqari, RES-Q Stroke Care Quality Registry ma’lumotlari bilan ham tanishish imkoniyati bo‘ladi, bu esa insultga qarshi kurash sifatini baholashda muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumot uchun:
Toshkent davlat tibbiyot universiteti professori Yaqutxon Nabiyeva 2017-yildan buyon ushbu xalqaro assosiatsiyaning milliy koordinatori sifatida ishtirok etib kelmoqda. Bu tashkilot juda ko‘plab loyihalarni amalga oshirib, bepul maslahatlar beradi, yosh mutaxassislarni insultga qarshi kurashga tayyorlaydi. Ayniqsa, hamshiralarni o‘qitish va uy sharoitida bemorlarni parvarishlash bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishga katta e’tibor qaratiladi. Loyiha doirasida bemorni qabul qilishdan boshlab, uy parvarishigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda har bir mutaxassis va vrachning o‘rni va pozisiyasi ko‘rsatilib, chuqur bilim beriladi. Bu kabi tashabbuslar insult bilan og‘rigan bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi va O‘zbekistonda tibbiyot sohasining xalqaro andozalarga moslashuviga katta hissa qo‘shadi.
Gulchehra MIRZAYEVA,
TDTU matbuot kotibi
Shu kecha va kunduzda
Xalqaro hamkorlik
Rasman: maktabdagi so‘nggi 6 yillik o’rtacha baholar test sinovlari baliga qo‘shilmaydigan bo‘ldi
📊 Ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 8,9 % ga oshgan
Super-kontraktni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinmi?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

Rasman: maktabdagi so‘nggi 6 yillik o’rtacha baholar test sinovlari baliga qo‘shilmaydigan bo‘ldi

📊 Ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 8,9 % ga oshgan

Super-kontraktni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinmi?
