“Chetga o‘ting, pedagog kelyapti!”
Tahririyatimizga kelgan xatlarni ko‘zdan kechirish asnosida rus kinoijodkorlarining “8-mart” filmidagi bir lavha yodga tushadi. O‘g‘liga yordam berish uchun jinoyatchilar iziga tushgan nafaqadagi o‘qituvchi barzangilarga qarata shunday xitob qiladi: “Chetga o‘ting, pedagog kelyapti!”. Muallimning o‘z kasbidan tuyayotgan g‘ururini qarang! Bugun yurtimizda muallim obro‘sini tiklash, uning mehnatini munosib rag‘batlantirish ta’lim tizimidagi asosiy masalalardan bo‘lib turibdi.
Navoiylik Sanobar Otamurodovaning xatida shu yo‘nalishda viloyatda amalga oshirilgan ishlar va viloyat hokimining ustoz-murabbiylarga ehtiromi qalamga olinadi: “Zarafshon shahri pedagoglaridan 13-IDUM direktori Zilola Hotamova, Zarafshon shahar sanoat kasb-hunar kollejining maxsus fan o‘qituvchisi Malohat Hamidova, Zarafshon shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi metodisti Akmaral Qarabayevaning ta’lim sohasidagi mehnatlari viloyat hokimligi tomonidan yuksak baholanib, faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi”. Bu kabi maktublarda hududlarda kechayotgan islohotlar, yechi¬mini kutayotgan muammolar haqida o‘qituvchi-murabbiylar kuyinib yozadi. Shu bilan birga, o‘zlarining kasbiy va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.
“Eh, orqa parta, orqa parta, sendan qachongacha qochishadi? Sening nima aybing bor?.. Ko‘p yillik tajribalarimga tayanib o‘quvchida birinchi partada faqat men o‘tirishim kerak, degan tushunchani bartaraf etish uchun sinfda tenglikka katta e’tibor beraman, orqa partaga ko‘proq sinf faollarini o‘tqazib, “O‘rgan-o‘rgat” tavsiyasi asosida bo‘sh o‘zlashtiruvchilarni a’lochi o‘quvchiga (o‘zlariga sezdirmagan holda), sho‘xroq o‘quvchini bosiq tabiatli bolaga biriktirib qo‘yaman. Bolada ilk maktabga kelgan kunidanoq do‘stimga yordam beraman degan tushuncha shakllanib boradi...”. Xatirchi tumanidagi 22-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Yulduz Rajabova maktubini davom ettirar ekan, o‘qituvchi faqatgina doska oldida turib dars o‘tmay, butun sinfni nazorat qilishi, texnika vositalaridan foydalanishi, o‘quvchilarni hech qachon tabaqalarga ajratmasligi lozimligini ta’kidlaydi. Farzandining birinchi partada o‘tirishini so‘raydigan ota-onalarga savol bilan murojaat qiladi: “Xo‘sh, farzandingiz yuqori sinfga o‘tganda ham uning qaysi partada o‘tirishiga qiziqyapsizmi?”. Muallim gap orqa partada, masofada emas, bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqda ekanini uqtiradi. “Sinfimdagi eng ilg‘or o‘quvchilardan Jasurbek Fayzullayev, Sarvar Toshxonov, Gulsanam Asraqulova, Farrux Soibnazarovlar orqa partada o‘tirishadi. Ularning ota-onalari ham, o‘zlari ham hech qachon oldingi partaga o‘tqazing, deb so‘ramagan”.
“Chet ellik yoshlarning hayotini kuzatish o‘quvchini bir qobiqqa o‘ralib qolishdan asraydi, — deyiladi Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nilufar Abdumalikova yo‘llagan maktubda. — O‘quv¬chiga bunday imkon berish tengqurlarining dunyosi, o‘ylari, kun tartibi bilan tanishish, ularning yutuq va kamchiliklarini o‘ziniki bilan taqqoslashga imkon yaratadi. Bu esa bola tafakkurining yuksalishiga, o‘zining yashirin imkoniyatlarini kashf etishiga turtki beradi”. Ha, yoshla¬rimiz boshqa yurtlardagi tengdoshlari bilan bahsga kirishishi, ularga o‘z salohiyatini namoyish qilishi uchun dunyo darajasida keng qamrovli muloqotni shakl¬lantirish lozim...
Uchquduq tuman XTB metodisti Nasiba Berdiboyeva xatida boshlang‘ich sinflarda fanlar integratsiyasi orqali o‘quvchilarga mavzularni chuqurroq tushuntirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Tilimizga yot, ammo bugungi ilm talabiga ko‘ra ko‘p aytilayotgan “integratsiya” so‘zining o‘rindoshi ham topib aytilgan maktubda: “...Misol uchun, boshlang‘ich ta’limda ona tili, o‘qish, tabiat, tasviriy san’at darslarining mujassamlashuvi. “O‘zbekiston — mening Vatanim” mavzusi o‘tilar ekan, pedagog o‘quvchilarga darslikda berilgan matnni o‘qitgandan so‘ng yurtimiz tabiati, noyob tabiiy boyliklari, mintaqalar iqlimi haqida ma’lumot bersa, keyin ularga shu mavzuda rasm chizish aytilishi mumkin, bu bolaning mavzuni yaxshi tushunib olishiga yordam beradi. Bola kengroq va chuqurroq mushohada qiladi, o‘rgan¬ganlari xotirasida muhrlanadi”. Pedagog aytmoqchi bo‘lgan tajribalarni biz ham “fanlararo mujassamlashuv” deb atagimiz keladi...
Vobkent tumanidagi 21-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilnoza Narzullayeva boshlang‘ich sinflar uchun tavsiya etilgan test topshiriqlarini tahlil qilar ekan, ulardan maqsad kitobdagi so‘zlarni yodlatish emas, bolaning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish ekanini ta’kidlaydi. Va 1-, 2-sinflar uchun mo‘ljallangan “O‘qish fanidan test topshiriqlari” qo‘llanmasidan misollar keltiradi:
“Bobur” so‘zining ma’nosi nima?
A) bo‘ri; B) quyon; D) tulki; E) sher.
Bu test topshiriqida buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqida so‘z boryapti. Ammo javob variantlarida yovvoyi hayvonlar nomi qatorlashtirilgan. Test tuzishda pedagog o‘ta hushyor bo‘lishi, o‘quvchini muhokamaga chorlaydigan savollar va javob variantlarini keltirishi kerak. Yuqoridagi savol variantlariga quyidagi¬larni qo‘yib ko‘ring:
“Bobur” so‘zining ma’nosi nima?
A) suzuvchi; B) mohir sarkarda; D) iste’dod egasi; E) sher — sheryurak.
O‘quvchi to‘g‘ri javob izlash orqali Boburning kitobda tilga olingan fazilatlarini yodga oladi, fikr yuritadi”. Muallif shu kabi bir nechta misollar keltirgandan so‘ng, ta’limda test javobini topish asosiy masala bo‘lmasdan, test bilimlarni mustahkamlab, kerakli paytda undan oqilona foydalanishga o‘rgatishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zarafshon shahridagi 13-IDUMning biologiya fani o‘qituvchisi Dilbar Mirzayeva o‘z maktubida biologiya darsida PISA baholash dasturidan foydalanish bo‘yicha takliflarini baham ko‘radi. “O‘zbekiston 2021- yilda 3 ta (o‘qish savodxonligi, matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik) yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etishini hisobga olsak, bu kabi tajribalar ayni kunlarda dolzarb. O‘quvchilarning ijodiy va mustaqil fikr yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirishda biologiya fanidan dars berish jarayonida men yuqoridagi kabi topshiriqlardan foydalanishni yo‘lga qo‘yganman. Bunda o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashi kengayadi, ularning o‘zlashtirgan bilim va malakalari mustahkamlanadi, o‘quvchilarning mustaqil fikri rivojlanadi, aqliy faoliyati ortadi, amaliy muammolarni hal etishni o‘rganadi”, deyiladi maktubda va namunaviy test topshiriqlariga misollar keltiriladi.
“Geometriyadan to‘g‘ri chiziq, kesma, aylana, doira, uchburchak, ko‘pburchak, shar, silindir tushunchalari bilan bog‘liq mavzularni olsak, bu tushunchalar juda ko‘p kasblarda (tikuvchilik, duradgorlik, chilangarlik, mashinasozlik, hunarmandchilik, ustachilik…), kundalik turmushda, boshqa fanlarni o‘rganishda tez-tez qo‘llaniladi”.
Buxoro tumanidagi 4-maktabning matematika o‘qituvchisi Shahnoz Shodiyevaning maktubida matematika darslari orqali o‘quvchilarni kasb-hunarga tayyorlash haqida so‘z boradi. Pedagog dars o‘tish davomida uchraydigan misol va masalalarni amaliyot bilan bog‘lab yechish orqali o‘quvchilarga kasbiy va hayotiy bilimlar ham berib boradi. Misol uchun, “8-sinf geometriya kursida “Trapetsiya” mavzusiga doir shunday mashqlar berilgan. Bir xil o‘lchamli trapetsiya shaklidagi, bir xil kafellar bilan tekislikni to‘liq qoplash mumkinmi?”.
Ma’lumki, devor va boshqa turli sirtlarni bezash uchun uchburchak, kvadrat, oltiburchak kabi shakldagi kafellardan foydalaniladi. Men bu kabi masalalarni yechishda shunchaki hisoblashlarga tayanmasdan, o‘quvchilarga xuddi shu shakldagi qog‘oz namunalarini tarqatib chiqaman yoki oldindan rejalashtirilgan holda bu shakllarni karton qog‘ozdan qirqishni va masalani amaliy tarzda yechishni vazifa qilib beraman. Bu yo‘l bilan ularni ustachilikka yo‘naltirib, matematikaning bu kasb egalari uchun nechog‘lik muhimligini tushuntiraman. O‘quvchilarni matematika faniga qiziqtirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirishda tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtirish ham samara beradi. Chunki o‘zbek me’morchiligining o‘lmas obidalarini ko‘zdan kechirganda ko‘rkam binolar, jozibali minoralardagi ajoyib naqshlar ajdodlarimizning matematikani qay darajada mukammal bilganliklaridan guvohlik berib turadi. Geometrik figuralarning qanday tartibda joylashtiril¬ganligiga o‘quvchilar e’tibori qaratilsa, ular bu naqshlarning sirini tez idrok qila oladilar”... Bunaqa tajribalar nafaqat o‘quvchilarning dunyoqarashi kengayishiga, balki pedagogning yoshlarning sevimli ustoziga aylanishiga ham sabab bo‘ladi.
Bu maktublar o‘z mualliflarining gazetamizga bo‘lgan mehri va xayrixohligini ko‘rsatmoqda. Ishonchingiz uchun tashakkur, aziz muallimlar!
Suhrob ZIYODOV tayyorladi.