“Noyob gazetxon”
Tahririyatimizga bir ayol gazeta so‘rab kirib qolsa, deng. Hammamiz xuddi noyob hodisaga guvoh bo‘lgandek hayratda qoldik. “Mana, dunyoda haqiqat bor ekan-ku, bitta-yarimta bo‘lsa ham gazeta o‘qib turadigan kishilar topilarkan”, deya xursand bo‘ldik. Axir, kimgadir kerakligingni his etish, birov mehnatingni qadrlab, e’tibor qaratishi yoqimli-da. Ammo bu xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi.
— Sizga qaysi soni kerak?
— Qaysi soni deysizmi? — Savolimiz “noyob gazetxon”ni avval biroz esankiratib qo‘ydi. Keyin qo‘lini silkib shunday javob qildi:
— Ee, menga farqi yo‘q. Qaysi sonidan bo‘lsa ham mayli, faqat ko‘proq kerak-da!
— Qoyilmiz. Ayollar bo‘sh vaqtini internet-magazinlar-u, uzundan uzun allaqanday mantiqsiz seriallarga sarf qilayotgan bir paytda, gazeta o‘qish uchun fursat topganingizdan mamnunmiz!
Ayol soxta tabassum qildi.
— Ha, o‘qib turaman, o‘rashdan avval hammasiga bir-bir ko‘z yugurtirib chiqaman.
Biz taajjublandik, ko‘nglimizga shubha oraladi.
— Opa, qayerda ishlaysiz, mabodo bozorda pista sotmaysizmi?
— Voy, meni pistachi deb haqorat qilmang! Dorivor giyohlar savdosi bilan shug‘ullanaman.
Hammamiz “yalt” etib kotiba qizning stoli ustida turgan gazetaga o‘rog‘liq “choy”ga qaradik. Ikki kun avval uni kotibamizga bir tanishi “Sog‘liq uchun juda foydali giyohlar. Damlamasini ichib yurish odamni doim tetik tutadi”, deb keltirib bergan edi...
Iroda ORIPOVA
Buxoro viloyati