Abituriyentlarga qanday qulayliklar yaratiladi?
Shu yilning 15-fevralida regulation.gov.uz saytida Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bu qaror loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga, jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Vaziyatni oydinlashtirish hamda mushtariylarga qaror loyihasidan ko‘zlangan maqsad haqida kengroq tushuncha berish maqsadida Davlat test markazi direktori Majid KARIMOV bilan suhbatlashdik.
— Avvalo, aytish kerakki, 2019/2020-o‘quv yilida 744 000 nafardan ortiq o‘quvchi maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini tugatadi. Agar ta’lim muassasalarini oldingi yillarda bitirganlar bilan qo‘shib hisoblasak, joriy o‘quv yili qabulida taxminan 1 300 000 nafarga yaqin abituriyent oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirishi kutilmoqda. Bu katta raqam, — deydi Davlat test markazi direktori Majid Karimov. — Tashkiliy jihatlarning ko‘p vaqt va kuch talab qilishi, abituriyentlar sonining keskin ortishi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkazish taklif etilmoqda. Shuningdek, test sinovlarini 2018-yildagi tajribadan kelib chiqib, katta sig‘imli bino va inshootlarda o‘tkazishni davom ettirish rejalashtirilmoqda. Shu o‘rinda bir jihatni alohida ta’kidlash kerak: abituriyentga o‘zi ro‘yxatdan o‘tadigan, aniqrog‘i, doimiy istiqomat qiladigan joyda test sinovida ishtirok etish imkoniyati yaratilmoqda. Masalan, abituriyent Andijon viloyatidan bo‘lib, O‘zbekiston Milliy universitetiga kirish uchun o‘sha yerdagi Davlat xizmatlari markazida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, abituriyent test sinovi jarayonida Toshkent shahriga kelmay, Andijonning o‘zida test sinovida ishtirok etadi. Bu ortiqcha vaqt, mablag‘ sarfi hamda ovoragarchilikning oldini oladi.
Bundan tashqari, birinchidan, abituriyent bir vaqtning o‘zida 3 ta ta’lim yo‘nalishida (uchtagacha oliy ta’lim muassasasida fanlar majmuasiga muvofiq keluvchi jami uchta ta’lim yo‘nalishida) tanlovda ishtirok etishi belgilanmoqda. Bunda uchtagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ularga ball berish ketma-ketligining mosligi e’tiborga olinadi.
Aniqroq aytganda, abituriyent joriy o‘quv yili qabuli uchun o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida matematika (3,1 ball), fizika (2,1 ball), ona tili va adabiyot (1,1 ball) fanlaridan iborat bo‘lgan 3 ta ta’lim yo‘nalishini, masalan, O‘zMUning matematika, TDTUning energetika va Urganch davlat universitetining matematika ta’lim yo‘nalishlarini tanlashi mumkin.
2020/2021-o‘quv yili qabulidan boshlab esa abituriyentga biologiya (3,1 ball), kimyo (2,1 ball), ona tili (1,1 ball), matematika (1,1 ball), O‘zbekiston tarixi (1,1 ball) fanlaridan iborat bo‘lgan 3 ta ta’lim yo‘nalishini, masalan, O‘zMUning biologiya, TTAning davolash ishi va BuxTIning pediatriya ishi ta’lim yo‘nalishlarini tanlash taklif etilmoqda.
Ikkinchidan, oldingi o‘quv yillari qabuli uchun o‘tkazilgan kirish test sinovlari tahlillariga ko‘ra, abituriyentlar orasida umumta’lim fanlaridan bir yoki ikkitasini chuqurroq o‘zlashtirishga harakat qilayotganlar soni oshib borayotganligi kuzatilmoqda. Bu holat abituriyentlarning boshqa umumta’lim fanlariga bo‘lgan qiziqishi pasayishiga, bu fanlar bo‘yicha fikrlash doirasi tor darajada bo‘lib qolish ehtimolining oshishiga sabab bo‘ladi.
O‘rganilgan xalqaro tajribalar natijalariga tayanib aytganda, ko‘pgina davlatlarda abituriyent oliy ta’lim muassasasiga kirishda bir nechta fandan test sinovi topshiradi, masalan:
AQShda 3 ta + qo‘shimcha fanlar (matematika majburiy fan sifatida);
Janubiy Koreyada – 4 ta fan (ona tili, matematika, ingliz tili majburiy, 1 ta kasb bilan bog‘liq fan);
Rossiyada 3 yoki 4 ta fan (rus tili va matematika — majburiy);
Xitoyda 3 ta + bir nechta (xitoy tili va adabiyoti, matematika, chet tili — majburiy, bir yoki bir nechta kasb bilan bog‘liq fanlar);
Turkiyada 1-bosqichda 10 ta fan majburiy, 12 ta fan (tanlov asosida) (majburiy fanlar tarkibidagi matematika va turk tili asosiy hisoblanadi);
Qozog‘istonda 5 ta fan (3 ta majburiy: matematika, qozoq tili (rus tili), Qozog‘iston tarixi);
Ozarboyjonda 5 fan (matematika va ona tili majburiy).
Ko‘rinadiki, barcha holatlarda til va matematika fanlari ishtirok etmoqda. Qolaversa, qayd etganimizdek, bolalarimiz keyingi paytlarda o‘zi tanlagan ta’lim yo‘nalishiga oid fanlardan yaxshi tayyorlanib, boshqa umumta’lim fanlarini bir chetga surib qo‘ymoqda. Boshqa fanlarni “keraksiz”, deb hisoblashadi. Bu ta’limda yaxshilikka olib kelmaydi. Rivojlanayotgan davlat uchun yuqori salohiyatli kadrlar juda-juda zarur. Taraqqiyotning birlamchi talabi bu. O‘ylab ko‘ring, texnika, tibbiyot ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan yoshlarning ona tili, tarixdan bilimi juda past bo‘lsa, ular qanday qilib xalqaro mezonga, zamonaviy standartlarga javob beradi?
Shularni hisobga olgan holda 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab:
test fanlari majmuasi ikki bo‘limga ajratilib, 1-bo‘limga barcha test topshiruvchi abituriyentlar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fanni kiritish taklif etilmoqda. Majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari soddalashtirilgan bo‘lib, abituriyentlarning umumiy savodxonligi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltiriladi. Test topshiriladigan fanlar majmuasini shakllantirishdan oldin, albatta, keng jamoatchilik va mutaxassislarning fikri o‘rganiladi.
Uchinchidan, eng yuqori balning 30 foizi va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan va 3 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish tartibini joriy etish masalasi kiritildi. Ushbu tartib doirasida sertifikatga ega bo‘lgan, joriy yilda o‘qishga tavsiya etilmagan yoki o‘qishni xohlamagan abituriyentlarga, xohishiga ko‘ra, keyingi 2 yilda bo‘ladigan test sinovlarida ishtirok etmaslik va sertifikatdagi ball bo‘yicha belgilangan muddat va tartibda tanlovlarda to‘lovlarsiz ishtirok etish imkoniyati taklif etilmoqda. Bu abituriyentning o‘qishga kirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
To‘rtinchidan, tahlillar natijasiga ko‘ra, ta’lim muassasalarida, tashkilot va korxonalarda ayrim yoshlarning yozish ko‘nikmasi talab darajasida emasligi (hatto oddiy ariza yoza olmasligi) jiddiy o‘ylashga sabab bo‘lyapti. Shu bois kelgusi o‘quv yilidan boshlab yoshlarning yozma ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida o‘zbek tili, rus tili, qoraqalpoq tili fanlari bo‘yicha alohida sinov o‘tkazish taklif etildi. Ushbu jarayonda to‘plangan ballarni kirish test imtihonlarida ham hisobga olish rejalashtirilmoqda.
Beshinchidan, joriy yildan boshlab barcha abituriyentlarni test sinovlari va tanlovda ishtirok etish uchun o‘zlari istiqomat qiladigan joylardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Bu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda tayyorlanayotgan va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlanadigan alohida “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” asosida tartibga solinadi.
Oltinchidan, xorijiy davlatlarda barcha kirish test sinovlari to‘lov asosida tashkil etiladi. Tahlillar asosida aniqlanishicha, test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rmay kelayotganlar, test topshirish jarayonida kimningdir yordamini kutayotganlar uchramoqda. Har yili test sinovi boshlangandan keyin 30 foizga yaqin abituriyent 0,5 soat ichida test jarayonidan chiqib ketmoqda. Shu bilan birga, davlat test jarayonlari ochiqligi, shaffofligi va xolisligini ta’minlash uchun katta miqdorda mablag‘ sarflayapti.
Taklif etilayotgan qaror loyihasiga muvofiq oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobariga teng miqdorda yig‘im joriy etilmoqda (to‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar, I va II guruh nogironlari bundan mustasno). Ushbu yig‘imlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Joriy yil bitiruvchilari uchun test sinovlari davlat hisobidan o‘tkazilishi belgilanmoqda.
Jamoatchilikka bu yig‘imlar abituriyentlarning o‘ziga qaytishini tushuntira olishimiz kerak. Masalan, mablag‘larning qaytishi ularga yaxshi shart-sharoit yaratish, aynan binolarni tayyorlash, tartibbuzarliklarni aniqlaydigan, oldini oladigan texnika vositalarini qo‘llash, binolarning mo‘tadil haroratini ta’minlash, suv, ruchka, sifatli test materiallarini tayyorlash, ularni joylarga yetkazish va olib kelish, natijalarni tezkor hisoblash va abituriyentga yetkazish, nazoratchilarni tayyorlash, malakasini oshirish evaziga adolatlilik, shaffoflik, xolislikni ta’minlash va boshqacha ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Ta’lim muassasalarini oldingi o‘quv yillarida tugatgan abituriyentlar bir marotaba to‘lov evaziga 3 yil davomida imkoniyat, imtiyozlardan foydalanadi. Chunki aytganimizdek, bir marotaba test sinovlarida to‘plagan ballari ularga yana 2 yil davomida test sinovlarida ishtirok etmaslik va shu muddat mobaynida o‘zi tanlagan oliy ta’lim muassasalarida belgilangan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutlaqo to‘lovsiz tanlovlarda ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.
Test o‘tkazilgan kunning ertasiga abituriyentning fanlar bo‘yicha test sinovidan to‘plagan umumiy bali Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Test sinovlari to‘liq yakunlangandan keyin abituriyentlarning to‘plagan umumiy ballari bo‘yicha bir hafta muddat ichida oliy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga tanlov o‘tkaziladi.
O‘tgan o‘quv yilida 5 285 nafar guruh nazoratchisi test sinovlari jarayonida ishtirok etdi. Joriy o‘quv yili qabulida ham ta’lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlaridan shartnoma asosida guruh nazoratchilarini shakllantirish hamda ularga Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lash taklif etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi test sinovlari jarayoni shaffofligini ta’minlash maqsadida shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya qurilmalari, mobil aloqa to‘lqinini to‘suvchi, barmoq izlarini tekshiruvchi, metallodetektorlar, monitorlar bilan har yili test sinovlari o‘tkaziladigan binolarni jihozlashi belgilanmoqda.
Yettinchidan, Davlat test markazi qoshida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Xalqaro o‘quv-ilmiy markaz tashkil etish taklif etilmoqda.
Xalqaro o‘quv-ilmiy markaz shartnoma asosida qisqa va uzoq muddatli testologiya yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kurslarini tashkil etadi.
Malaka oshirish kursiga respublikaning barcha ta’lim muassasalaridan testologiya bilan shug‘ullanishni xohlaganlar qatnashishi mumkin. Malaka oshirish kurslariga xorijdagi malakali mutaxassislarning jalb etilishi nazarda tutilmoqda.
Xorij tajribasiga ko‘ra, chet tilini bilish darajasini baholash bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarda (Gyote instituti, Kembrij universiteti va boshqalar) o‘quv kurslarini tashkil etish amaliyoti qo‘llaniladi. Bunga asosiy sabablardan biri darajasi baholanayotgan tilni malakali mutaxassislar tomonidan o‘qitish hamda test topshiriqlarini aprobatsiyadan o‘tkazish, ya’ni o‘quvchilardan olingan testlar orqali yangi testlarning validligini tekshirish hisoblanadi.
Xalqaro o‘quv-ilmiy markazining navbatdagi vazifasi tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda chet tilini bilish va egallash darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tan olingan tashkilotlar sinovlarini hamkorlikda tashkillashtirishdan iborat bo‘lishi belgilanmoqda, ya’ni xalqaro tashkilotlar bilan tegishli shartnomalar tuzilgan taqdirda mazkur faoliyat yo‘lga qo‘yiladi.
Shu o‘rinda muhim eslatma: qaror loyihasini ishlab chiqishda Janubiy Koreya, Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlarning ilg‘or tajribalari o‘rganilgan. Bu hali loyiha, ayni paytda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda, takliflar berilmoqda. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, hozirgi qayd etib o‘tilgan yangilik yoki o‘zgarishlardan qaysisidir qabul qilinmasligi, umuman boshqacha shaklda bo‘lishi yoxud yangilari qo‘shilishi mumkin.
Lekin bir narsa aniq va o‘zgarmas – ushbu qarorning qabul qilinishi oliy ta’lim muassasalarida qabul jarayonini soddalashtirish, test sinovlarining yanada ochiqligini, shaffofligini ta’minlash, test sinovlarini tashkil etish hamda o‘tkazish tizimini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Abror UMARQULOV tayyorladi.