Pedagogga uy olish tartibi tushuntirildi
2019-yil 29-yanvar kuni G‘ijduvon shahri Qo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi maktab o‘qituvchisi D.Zubaydova nomidan tahririyatimizga shikoyat xati kelib tushdi. Muallif uy-joyga muhtojligini ta’kidlab, yurtimiz hududlarida namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan arzon uy-joylardan biri unga ham berilishida amaliy yordam so‘ragan edi. Pedagogning ma’lum qilishicha, u 2007-yildan buyon yolg‘iz oila tebratib, 19 yoshli farzandi bilan ijarada yashab kelmoqda. Uy-joyi yo‘qligi uning ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Biz o‘qituvchining talab va istaklarini o‘rganib, uy-joy bilan ta’minlanishida amaliy yordam berilishini so‘rab, Buxoro viloyati hokimligiga rasmiy xat (2019-yil 31-yanvar kuni) yuborgan edik. Joriy yil 20-fevralda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari N.Hamdamov imzosi bilan javob xatini oldik. Unda qayd etilishicha, fuqaro D.Zubaydovaning murojaati viloyat hokimligi va tegishli soha mutaxassislari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqilgan. Jumladan, xatda shunday deyiladi:
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-fevraldagi 103-sonli “Ariza beruvchi uy quruvchining 2017–2021-yillarda qishloq joylarida yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etish tartibi to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan, 2019-yilda G‘ijduvon tumanida qurilishi rejalashtirilgan uy-joylardan birini tuman komissiyasining yozma tavsiyasiga asosan, uy-joyning boshlang‘ich to‘lovini to‘lagan holda olishi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-yanvardagi 63-sonli “Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, elektron avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali uy-joy qurish uchun kimoshdi savdolariga qatnashib, 0,04 ga miqdorda yer maydoni olishi mumkinligi fuqaro D.Zubaydovaga tushuntirilganini ma’lum qilamiz”.
Umid qilamizki, bu masala ijobiy hal etilib, o‘qituvchining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi.
Tahririyat.