Xalq ta’limini yorituvchi telekanal ochilsa...
Bugungi kunda ta’limga innovatsion yondashuvlar joriy etilmoqda. Shu bois, fanlarni o‘zlashtirish birmuncha osonlashdi. Ammo o‘quvchilarimiz kimyo, fizika, matematika, biologiya kabi fanlarni o‘zlashtirishga hozir ham qiynaladi. Chunki bu fanlar shu qadar rivojlanib ketdiki, ma’lumotlarni yetkazib berish uchun ajratilgan dars soatlari kamlik qiladi. Qolaversa, bu fanlar barcha ishlab chiqarish tarmoqlari va boshqa ijtimoiy sohalarga fundamental baza hisoblanadi. Yoshlarimizning bilim va salohiyatini yanada oshirish uchun yangi telekanal ochishni taklif qilaman.
Bu kanal Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida ochilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shu o‘rinda quyidagilarni telekanalning foydali tomonlari deb topdim:
— o‘quvchilar bilimi yanada mustahkamlanib, yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirishiga erishiladi;
— turli seriallar o‘rnini o‘qishga qiziqtiruvchi ko‘rsatuvlar egallaydi;
— ota-onalarga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklanadi;
— o‘qituvchilarning pedagogik salohiyati va malakasi oshadi;
— o‘quvchi bo‘sh vaqtini bilim olishga sarflaydi;
— uyda ta’lim oluvchilar uchun qo‘shimcha mashg‘ulot bo‘ladi;
— masofaviy ta’lim tizimi joriy etiladi;
— o‘quvchilarning ilmiy loyihalar va to‘garaklarga qiziqishi ortadi;
— ommaviy savodxonlik ortadi.
Umuman olganda, telekanalda qiziqarli va murakkab mavzudagi darslar, laboratoriya mashg‘ulotlari, o‘quvchilar saviyasiga mos ilmiy loyihalar, tok-shoular tashkil qilinsa, o‘quvchi, ota-onalar va o‘qituvchilarimiz uchun foydali bo‘lar edi. Bilim olishga undovchi filmlar ham telekanalning qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi.
I.ALIQULOV, Quvasoy shahridagi 15-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi