Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri 500 dollar pora bilan qo‘lga tushdi
2018-yilning iyul oyida Farg‘ona viloyatiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda buvaydalik pedagog, Buvayda pedagogika kolleji direktori Rahima Qo‘rg‘onova tumanda chet tillarga ixtisoslashtirilgan maxsus maktab tashkil etishni taklif qilgandi. Bu taklif ma’qullanib, Buvayda pedagogika kolleji bazasida filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi tashkil etildi. Ta’lim muassasasiga Rahima Qo‘rg‘onovaning o‘zi vaqtincha direktor etib tayinlandi.
Maktab Buvayda tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida, qolaversa, filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan. Demak, muassasa direktori, o‘qituvchilari ham kamida ikki-uch tilni mukammal bilishi kerak. Shu bois yangi rahbar qidirila boshlandi.
Bunday qulay fursatdan foydalanib, mo‘may daromad orttirishni istagan Buvayda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Sh.Ergashev bo‘limda uslubchi bo‘lib ishlayotgan N.Inomovaga 500 AQSh dollari miqdorida pul bersa, uning shu maktabga direktor etib tayinlanishiga yordam berishini aytadi.
Sh.Ergashev bu taklifni aytgan paytda Janubiy Koreyaga yo‘l olgan edi. U Koreyada bo‘lib turgan vaqtida ham telegram tarmog‘i orqali xabar jo‘natadi.
N.Inomova unga Toshkentdan jiyani orqali pul berib yuborishini aytadi. “Maxsus haydovchi” tomonidan pulni olgan Sh.Ergashev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyati Buvayda tumani bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.
Sud jarayonida Sh.Ergashev aybini bo‘yniga olmay, pullarni N.Inomovaga qarz sifatida berganini, qarz berayotganda tumandagi 38-maktabda direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan O.Ashurmatov guvoh sifatida ishtirok etganligini aytib o‘tadi.
Ammo Sh.Ergashev shifoxonada yotgan vaqtida N.Inomova uni ko‘rishga borgan, o‘sha yerda shu masala yuzasidan ikkalasi gaplashishgan. Bu gaplarni N.Inomova departament tomonidan berilgan diktofonga yozib olgan.
Sud sudlanuvchi, da’vogar hamda guvohlarning so‘zlarini tinglab, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 454-, 457-, 460-, 463-, 465-, 468-, 471-, 473-moddalarini qo‘llab, hukm chiqardi.
Sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi, 28-, 211-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi. Sh.Ergashevga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan JKning 45-moddasini qo‘llab, 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining yigirma foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sh.Ergashevga JKning 28-, 211-moddasi 1-qismi bilan eng kam oylik ish haqining ellik baravari miqdorida — 9 215 000 so‘m jarima tayinlandi.
Farhod G‘ANIYEV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi raisi,
Sharifa MADRAHIMOVA,
“Ma’rifat” muxbiri