Ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga kitoblar topshirildi
Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi 77-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Ko‘zi ojiz bolalarni darsliklar va maxsus o‘quv jihozlari bilan ta’minlash” mavzusida davra suhbati tashkil etdi.
Tadbirda Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Janubiy Koreyaning “FRIEDASIA” kompaniyasi mutaxassislari, respublika ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari direktorlari va soha mutaxassislari qatnashdi.
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Janubiy Koreyaning “FRIEDASIA” kompaniyasi va Butunrossiya ko‘zi ojizlar jamiyati bilan 2,77 mln. rublga 3000 dona pribor (temir daftar)larni xarid qilish va O‘zbekistonga yetkazish bo‘yicha imzolangan shartnoma asosida birinchi bosqichda keltirilgan 725 dona pribor va audio kitoblar ko‘zi ojizlar maktab-internatlariga topshirildi.
Shu yilning avgust oyida ikkinchi bosqichda yana 1275 dona pribor keltirlishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular maktab-internatlarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda taqsimlanadi.
Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 14 ta maxsus maktab-internatida 2831 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ularga 823 nafar o‘qituvchi va 606 nafar tarbiyachi ta’lim-tarbiya berib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. So‘nggi ikki yilda ko‘zi ojiz bolalar uchun Brayl yozuvida 30 nomdagi (33 628 nusxa) darslik chop etildi. 2019-2020- o‘quv yili uchun 10 nomdagi 13 ming 843 nusxa darslik chop etilishi rejalashtirilgan.
Qalbida mutolaaga ishtiyoqi bor, biroq ko‘rish imkoniyati cheklanganligi sabab bu istaklarini to‘laqonli amalga oshira olmayotgan bolalar uchun ham endilikda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Nazokat XOLMETOVA,
“Ma’rifat” muxbiri