“Zulfiya” olmagan qizlar iste’dodsizmi?
Bir kuni yozganlari ustozlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan shoira opamizdan nega Zulfiya mukofotiga hujjat topshirib ko‘rmaganini so‘radim. “Olsam ham, ololmasam ham sharmanda bo‘laman”, qabilida javob oldim.
Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirganimizda kursdosh qizlarning bari shoira edi. Keyinchalik she’riyat bo‘yicha Zulfiya nomidagi davlat mukofotini olganlarning ham she’r desa yuzi burishganini ko‘rib, to‘lib-toshib she’r o‘qiganlar bir necha yil o‘tib adabiyotning ustiga mag‘zava ag‘darganiga guvoh bo‘lib, yoqa ushladim. She’r ortiq ularning manfaatiga xizmat qilmay qo‘ygan edi.
Bular men guvoh bo‘lgan holatlar, xolos. Lekin negadir taniqli shoiramiz nomi bilan atalgan mukofot adabiy maydonda e’tiroflarga sazovor bo‘layotgan, qadami dadil ijodkorlarga berilganini kam ko‘rdim. O‘ylab ko‘rilsa, gap mukofotning nufuzi yoki taqdirlovchi mutasaddi tashkilotlarda emas, balki tanlovning o‘tkazilish jarayonida ekani ayon bo‘ladi. Prezidentimiz taklifi bilan tashkil etilgan “Dugonalar” jurnali xodimasi, shoira Shohsanam Nishonovaning fikrlari ham buni isbotlagandek bo‘ldi.
— Qishlog‘imizda odamlar bu mukofotni haqiqiy ijodkor qizlarga beriladigan baho deb bilishadi. Qizlar sovrindorlarga havas bilan boqishadi. Bilasizmi, hozir ota-onalar nega qizlarini “zulfiyachi” qilishga buncha tirishadi? Havasaki qoralamalarini gazeta-jurnallarda chop ettirishga urinadi? Bundan muddao shuki, birinchidan, bunday qizlar ertaga istagan oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz qabul qilinadi. Ikkinchidan esa “Qizimiz “Zulfiya”ni olgan”, deb sovchilarga ko‘z-ko‘z qilishga qulay. Rostini aytaman, mukofotga hujjat topshirishdan maqsadim, avvalo, ota-onam o‘qishim uchun qiynalib to‘layotgan shartnoma pulining bir chetini ko‘tarish edi. Chunki odam mukofot olgani bilan ijodkor bo‘lib qolmasligini yaxshi bilaman. Saralash jarayonining tuman va viloyat bosqichidan yuqori natija bilan o‘tdim. Respublika bosqichida qatnashadiganlar asosiy tadbirlardan bir necha kun oldin xabardor qilinishini bilardim. Ammo menga xabar berilmadi. Aniqlashtirish uchun viloyat xotin-qizlar boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildim. Menga hujjatlarim yo‘qolganini aytishdi. Ko‘z oldimga ularni bir-bir taxlab chiqqan onam keldi (Bu mukofotga hujjat tayyorlash uchun ham yarim million so‘mga yaqin chiqim qilinar ekan). Men “Onamga hujjatlarim yo‘qolib qolibdi, shunga tanlovda qatnasholmadim, deymanmi?” dedim. Ular “Onangizga rag‘batlantiruvchi mukofot beramiz”, deyishdi. Keyin tanlov nizomida ko‘rsatilgan xalqaro faoliyat bo‘yicha band talabiga javob berolmaganimni aytishdi. Men esa o‘tgan yili Ozarboyjon matbuotida chop etilgan she’rlarim haqida gapirdim. Xotin-qizlar qo‘mitasiga arz qilishimni aytdim. Ular esa “Qo‘ying, Shohsanam, bir mukofot uchun shunchaga boribdi, deyishmasin. Ijodingiz shundoq ham yaxshi ekan”, deyishdi. Meni o‘zlari maqtab turib hujjatimni o‘tkazishmagani ajablantirdi. Aytishlaricha, niyatim noxolis bo‘lganmish, shunga hujjatlarim yo‘qolibdi! Nima, ota-onaning yukini yengillatish noxolis niyatmi? Keyin onam Xalq qabulxonasiga arz qildi. Undan so‘ng hujjatlarim topilganini (!) xabar qilishdi. Men o‘sha paytdayoq bu mukofotni endi ololmasligimni bilib bo‘lgandim. Chunki hujjatlarimning “yo‘qolishi” o‘rinlarga munosib ko‘rilmagan qatnashchilardan birining hokimlikdan tavsiyanoma olishi uchun kerak bo‘lgan deb o‘yladim. Shunday sharmandali o‘yinga aralashib qolganim uchun o‘zimdan ranjidim. Baribir respublika bosqichida qatnashishga qaror qildim. Bu yoqda kutilmaganda hammasi yaxshi o‘tdi. Hakamlarning javoblarimdan mamnunligini sezib turardim. Hatto meni tabriklaganlar ham bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, mukofotlanganlar nomi e’lon qilinganda, ular qatorida ismim yo‘qligi meni ajablantirmadi. Keyinroq bizni baholagan hakamlardan biri ustozimga qo‘ng‘iroq qilib, mening baholarim eng yuqori bo‘lgani, ammo boshqa nomzod taqdirlanganini afsuslanib so‘zlab beribdi. Bilganim shuki, bir mukofotni ololmaslik ijodkorning saviyasini belgilab bermaganidek, unga ega chiqish shoir-yozuvchining qalamini charxlab qo‘ymaydi, – dedi Shohsanam Nishonova.
Bu fikrlardan quyidagi to‘xtamlarga kelish mumkin:
Birinchidan, qo‘ng‘iroq qilingan paytda mas’ullarning munosabatidan ma’lum bo‘ladiki, hujjatlar topilmasligidan ular manfaatdor. O‘zlarini bamaylixotir tutishlaridan Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilinishidan cho‘chishmasligi ayon bo‘ladi. Yana murojaatchiga ta’na ham qilinadiki, o‘z haqini talab qilayotgani uning aybidek.
Ikkinchidan, nomzoddan xalqaro natijalar so‘ralgan. Sport yo‘nalishi ishtirokchilarini tushunish mumkim. Lekin adabiyot, aynan she’riyat yo‘nalishi bo‘yicha qatnashayotgan qizlardan butun o‘zbek adabiyoti uddalay olmayotgan natijani so‘raydigan tashkilotni ko‘zga surtish kerak. U ham mayli, viloyat bosqichidan yuqori ball bilan o‘tayotgan nomzodning hujjatlari orasida xalqaro natijalari bormi-yo‘qmi, bilmay turib, unga iddao qilinishidan ma’lum bo‘ladiki, bu papka ochib ko‘rilmagan.
Uchinchidan, Xalq qabulxonasiga murojaatdan so‘ng hujjatlarning topilishi ularning yo‘qolmaganini isbotlaydi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, Zulfiya mukofotining saralash bosqichlarida hujjatlarning “yo‘qolishi” avvaldan qo‘llanib kelinayotgan “amaliyot” emish.
To‘rtinchidan, respublika bosqichida hakamlik qilgan shaxsning iqroriga ko‘ra, Shohsanam boshqalardan yaxshiroq natija ko‘rsatgan. Bundan nomzodlarni saralashda hakamlarning bahosi uncha ahamiyatli emas degan xulosa paydo bo‘ladi. Muhokamalar chog‘ida xuddi shu tanlovda hakamlik qilgan ijodkor Gulbahor Said G‘anining ijtimoiy tarmoqda qoldirgan “Biz ham jabrdiyda hakamlardanmiz”, degan iqrori ham bu fikrni tasdiqlaydi. Ya’ni, hakamlar baholab beraveradi, biroq mas’ullar o‘zi tanlaganlarini mukofotlaydi.
Mazkur muammolarning yagona sababi — mukofotga saralash bosqichlarining yopiqligi. Tanlov jarayoni barcha uchun shaffof bo‘lsa, ko‘zbo‘yamachilig-u qoshbo‘yamachiliklar kamroq bo‘ladi. Bu gaplarni yozishdan maqsad mukofot bilan taqdirlangan opa-singillarimizni ranjitish emas. Ularning ko‘pini shaxsan taniyman. Biri uchun bu ulkan sharaf, boshqasi bu nomga loyiq bo‘lish uchun tinimsiz mehnat qiladi. Xullas, muammo mukofotni olayotganlarda emas, ularni saralash jarayonida. Bu muammo hal etilmaguncha jamoatchilik undan ko‘z uzmaydi.
Suhrob ZIYODOV