Bolani qachon maktabga bergan ma’qul – 6,5 yoshdami yo deyarli 8 dami?
Savol. Qizim yanvarda tug‘ilgan. Nima qilishni bilmayapman, uni maktabga olti yarim yoshdan berganim yaxshimi yo yetti yarim yoshdan? Bir tomondan bolani qiynab qo‘yishni xohlamayman, ikkinchi tarafdan sinfda eng kattasi bo‘lib qoladimi degan xavotirdaman.
Xalq ta’limi vazirligi O‘quvchi va yoshlar tashkilotlari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, psixolog Akobir Abdullayevning aytishicha, bola o‘qish, sanash va yozishni bilishdan ham ko‘ra avvalo maktabga psixologik jihatdan tayyor bo‘lishi kerak.
Ba’zi bir xususiyatlar borki, ularsiz maktabda o‘qib bo‘lmaydi: kattalarni tinglay olish, ularga munosib muomala qilish, tengdoshlari bilan kelisha olish, o‘ziga o‘zi xizmat qila olish.
Bu borada yagona andoza yo‘q. Vunderkind bo‘lib, maktabga olti yoshdan borganlar bor, ammo ular ham sinfdoshlariga yetolmay qiynalishi mumkin.
Deyarli har bir maktabda shunday masalalarni hal qiluvchi ijtimoiy-psixologik xizmat, psixologik-pedagogik komissiya bor. Ular xulosa beradi. Agar bolaning yoshi olti yarimdan kichik bo‘lsa, psixologlar bilan albatta maslahatlashish kerak.
Miya bosimlarga yetarlicha tayyor bo‘lishi kerak. Boshlang‘ich maktabda bola uchun eng muhim bo‘lgan rejalashtirish va nazorat qilish qobiliyatiga miyaning old qismi javob beradi, u esa kechroq yetiladi. Ota-onalar “Bolam uzoq vaqt multfilm ko‘rib, rasm chizib yo bo‘yab o‘tira oladi-ku” deyishi mumkin. Lekin maktab faqat o‘yin-kulgidan iborat emas-ku.
Maktablardagi psixologik-pedagogik komissiyaga psixolog, defektolog, logoped va neyropsixolog kiradi. Bolani tekshirishda ota-onasi ham qatnashadi. Tekshiruv 40 daqiqadan bir soatgacha davom etadi. Test vaqtida biz bir nechta muhim alomatlarni aniqlashga harakat qilamiz:
Bolaning nevrologik sog‘lomligini. Masalan, ortiqcha qo‘zg‘aluvchanlik, bosh miya qobig‘ining yetilmaganini (buni tashqi alomatlarga qarab bilsa bo‘ladi) aniqlashimiz mumkin. Bunday bolalarga olti yarim yoshdan maktabga borish hali vaqtli. Ularning asab tizimi ma’lumot olish sur’atlari va bosimni hali ko‘tara olmaydi.
Bolaning shaxs sifatida yetukligini. Bunda bolaning hissiy (emotsional) tayyorligi tekshiriladi. Biz buni testlar yordamida aniqlaymiz. Bola haliyam o‘yinqaroqmi yo bilim olishga tayyormi – ma’lum bo‘ladi.
Bolaning aqliy rivojlanish darajasiga qaraymiz. Masalan, bola ko‘rsatmalarni qanday tushunishi va bularni boshqa narsalarga tatbiq eta olish-olmasligini kuzatamiz. Yoki nimadir chizishni, yoki rasmlarni ma’lum tartibda joylashtirib, hikoya tuzishni so‘raymiz.
Logoped bolaning qanday gapirishi va nima deyishini kuzatadi.
Bundan tashqari biz sinov jarayonida bolaning ixtiyoriyligi darajasini aniqlaymiz – bu o‘yinni eslatadi, lekin uncha xohlamagan ishingni bajarishga ham to‘g‘ri keladi. Bola o‘z harakatlarini nazorat qila olish-olmasligini shu tariqa aniqlaymiz.
Maxsus Filippin testi mavjud. Buning uchun bola o‘ng ko‘rsatkich barmog‘i bilan boshini tik tutib (boshining ustidan qo‘lini oshirib) chap qulog‘ining keng tokchasini yopa olishi kerak. Odatda bola olti yoshdan keyin bu harakatni qila oladi.
Ikkinchi, bola olti yoshga to‘lgach tabiiy harakatlardan (yurish, yugurish, bir va ikki oyoqda sakrash, oshib tushish, tirmashib chiqish va h.) tashqari kundalik turmushdagi madaniy ish-harakatlarni mustaqil qila olishi kerak. Misol uchun, kiyimini kiyish, yechish, taxlash; tugma va zamoklarni qadash hamda bo‘shatish; poyabzal kiyish, bog‘ichlarini bog‘lash kabi ishlarni tez va puxta bajara olsa, bu uning maktabga chiqish uchun jismoniy jihatdan (suyak-mushak va tayanch harakat tizimi) tayyorligini bildiradi.
Uchinchi, barmoqlarning nozik va to‘g‘ri xarakatlanishidan bolaning nutqi qay darajada rivojlanganini bilib olsa bo‘ladi, chunki barmoqlarning harakatlari bosh miya yarimsharlaridagi nutq markazlari bilan bog‘liqdir.
Bola nutqining rivojlanganlik darajasini bilish uchun esa quyidagi testlardan foydalanish mumkin:
20 soniyada sakkizta 5 sm uzunlikdagi to‘g‘ri parallel chiziq chizish;
aylana (koptok), to‘rtburchak (quti), uchburchak (tom) shakllarini qog‘ozda to‘g‘ri chizish;
1 daqiqada 5 sm diametrli doirani qaychi bilan qirqish (ikkita xato qiyalikka yo‘l qo‘yish mumkin).
To‘rtinchi, bunda Kerna nomli bolaning maktabga tayyorlik darajasini aniqlab beruvchi eng mukammal testlarning biridan foydalaniladi. Bu test uchta topshiriqdan iborat:
bola odam gavdasini qog‘ozda tasvirlashi;
yozma harflarda yozilgan qisqa uchta so‘zni (olma, kalit, uy kabi) ko‘chirishi;
beshburachak shaklida qo‘yilgan o‘nta nuqtani birlashtirib (chizib) shaklni hosil qilishi kerak bo‘ladi.
Har bir topshiriq 1 dan 5 ballgacha, eng qoniqarsiz holat 5 va eng a’lo holat 1 tarzida baholanadi. Shunda 5-9 gacha ball to‘plagan bola maktabga o‘rtacha yetuk hisoblanadi. Agar bola 10 balldan yuqori ball to‘plasa u hali maktabga chiqish darajasiga yetmagan deb topiladi.
Baholash mezonlari: bolaga odam gavdasini tasvirlash aytilganda, u odamning o‘ziga xos tabiiy jihatlari va detallari (ko‘z, quloq, burun, soch, barmoqlar, kiyimlar va h.) bilan tasvirlashi; so‘zlarni ko‘chirayotganda harflarning shakllarini aniqroq o‘xshatib yozishi; 10 ta nuqtadan to‘g‘ri va aniq beshburchak hosil qilishi lozim bo‘ladi.
Kerna testining ahamiyati shundaki, u orqali bolaning psixik rivojlanish darajasi, harakat koordinatsiyasi va faoliyat maqsadini bilish ko‘rsatkichi, real hayot voqea-hodisalarini anglash hamda ijtimoiy rivojlanish darajasi aniqlanadi.
Xulosa qilib aytganda, bola olti yoshda maktabga chiqishga tayyor bo‘lmaydi, balki unda tayyorgarlik jarayoni kechadi va 7 yoshda tayyor holatga o‘tadi.
Agar bola yuqorida keltirilgan to‘rtta talabga javob bermagan holda maktabga chiqsa, unda jismoniy va aqliy zo‘riqish paydo bo‘ladi. Buning natijasida esa darslarni o‘zlashtira olmaslik, qattiq charchash, hatto asabiylik va stress holati ham yuzaga kelishi mumkin. Yana bular bolaga psixologik jihatdan ta’sir etib, unda o‘qishga bo‘lgan muhabbat so‘nishiga olib keladi.
Shuning uchun maktabga berishdan oldin bolani pedagog-psixolog ko‘rigidan o‘tkazish hamda uning maslahatlari bilan bolada kerakli ko‘nikmalarni shakllantirib borish zarur.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, bolani maktabga tayyorlashda unga yuklamalarni ko‘p qo‘yib yubormaslik, boshlang‘ich sinf materiallarini bolaga majburlab o‘rgatmaslik talab etiladi. Aks holda bolada yuqorida sanab o‘tilgan salbiy oqibatlar kuzatilishi mumkin.
Minbar.uz saytidan olindi.