Professorga ochiq xat
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori, ustoz ABDULHAY SOBIROVga!
Matbuotda tanqidiy-tahliliy maqolalarning chop etilishi, rasmiy doiralarda bu maqolalar e’tibordan chetda qoldirilmayotgani quvonarli hol. Haqiqat bahslarda tug‘iladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori, ustoz Abdulhay Sobirov “Ma’rifat” gazetasining shu yil 6-aprel sonida chop etilgan “Adolat va xolislik asosiy mezonimiz bo‘lsin” maqolasida “OTMlardagi korrupsiyaga sabab nima?” nomli maqolamga javoban o‘z fikrlarini bildirgan. Ularga munosabat bildirishdan avval raddiyaning umumiy uslubi haqida ba’zi mulohazalarimni bayon etsam.
Yuqorida aytilganidek, bahs-munozaraning mavjudligi — ijobiy hodisa, zero, aynan fikrlar xilma-xilligi ilm-fanni, ta’limni, pirovardida, jamiyatni olg‘a harakatlantiradi. Oxirgi ikki yilda mamlakatimiz ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar “ura-urachilik”, “bizda hammasi zo‘r” davridan o‘tib, nihoyat muammolarni ochiq aytadigan, ularga yechim izlaydigan davrga qadam qo‘yganimizni ko‘rsatmoqda. Mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida bo‘lgani singari, ta’lim tizimida, xususan, oliy ta’limda ham samarali islohotlar olib borilmoqda. Lekin “islohotlar olib borilmoqda” degani “hech qanday muammo qolmadi” degani emas. Muammoni hal qilishni boshlash uchun esa uni ko‘ra bilish, sabablarini axtarish lozim. Mening maqolam ham ta’lim tizimimizda mavjud muammolarning ildizini qidirishga bir urinish, va tabiiyki, bu shaxsiy qarashlarim, tajribamga asoslangan edi. Maqoladagi fikrlar, ustoz ta’kidlaganidek, “undan-bundan eshitganlarim” emas, o‘n besh yildan oshiqroq faoliyatim davomida shaxsan guvoh bo‘lgan, to‘qnash kelgan va kelayotganlarim asosida umumlashma xulosalardir (muammolar va ularning yechimi borasidagi konkret takliflarim, fuqarolik pozitsiyam yurtimizda rasman chop etiladigan bir qancha bosma va internet nashrlarida e’lon qilingan, mas’ul tashkilotlarga ham yuborilgan). Negadir, muhtaram ustoz maqolamdagi umumiy fikrlarni aynan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga nisbatan ayblov deb qabul qilib, asosiy urg‘uni universitetni “oqlash”ga qaratgan va “sessiya paytida uchraydigan salbiy holatlar universitetda umuman uchramaydi”, “hozirgi kunda universitet korrupsiyadan xoli muassasaga aylandi”, deb ta’kidlagan. Korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar to‘liq bartaraf qilinmasdan turib, bu illatdan batamom xoli bo‘lish imkonsiz. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy saytida e’lon qilingan milliy OTMlar reytingida (reyting.tdi.uz) talabalar bilimini baholashning xolisligi bo‘yicha berilgan ijobiy javoblar sonini tahlil qilsak, istalgan OTM korrupsiyadan batamom xoli bo‘lishi uchun hali muayyan ishlar qilinishi kerakligiga guvoh bo‘lamiz (shu o‘rinda bir izoh: korrupsiya, nazarimda, faqat moddiy “oldi-berdi” emas; talaba bilimini baholashdagi noxolislikning har qanday ko‘rinishi — iltimoslar, yonbosishlar, o‘qituvchiga bosimlar ham korrupsiyaga misol bo‘la oladi).
Yana bir holat. Fikrlar xilma-xilligini tabiiy qabul qilib, qarshi mushohadalarni munozara qoidalariga rioya qilgan holda, muallifning shaxsiyatiga tegmay bayon qilish, nazarimda, mubohasaning samaraliligini ta’minlashning asosiy shartlaridandir. Maqola muallifiga (ya’ni menga) nisbatan “ta’limda tasodifiy”, “ta’lim tizimini bilmaydigan”, “uning sirtida yurgan”, “o‘z ilmini mol topish vositasiga aylantirgan”, “shaxsiy manfaatini davlat va xalq manfaatidan ustun qo‘yadigan xodim” deb baho berish, kamsitishga urinish hayotda, ilmda ko‘pni ko‘rgan, hamkasblar va talabalar orasida nufuzga ega olimning munozara uslubiga xos emas.
Endi bevosita raddiyadagi fikrlarga to‘xtalsak. Muhtaram ustozning ta’kidlashicha, “hozir namunaviy ishchi rejalarga kerakli fanlarni kiritish va ularning o‘quv-uslubiy majmualarini tayyorlash OTMlar ixtiyoriga berilgan”. Shu o‘rinda bir tuzatish: bunday vakolat tayanch OTMlarga berilgan va Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ham o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan OTMlar uchun tayanch hisoblanadi. Lekin tayanch OTMlar o‘z vakolatidan unumli foydalanyaptimi? Talabalarga o‘tiladigan fanlar sonini optimallashtirish, auditoriya yuklamasini kamaytirish, talabaning mustaqil izlanishiga vaqt ajratish uchun sezilarli ishlar qilindimi? O‘qitiladigan fanlardan necha foizi talabalarga bo‘lg‘usi kasbida asqotadi? Domla “Talabada mustaqil kitob yoki ilmiy adabiyot titkilashga na vaqt, na hafsala bor” qabilidagi gaplar bir necha yillar ilgari ta’lim-tarbiya tizimiga nisbatan aytilgan”, demoqda. Bu fikrga qo‘shilmaslikka ijozat bergaysiz: afsuski, bunday muammolar hali ham mavjud. Keling, uzoqqa bormaylik: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining bo‘lajak til va adabiyot o‘qituvchilarini tayyorlaydigan o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 2-kurs talabalarining dars jadvalini tahlil qilaylik. Haftada bir kun malaka amaliyotiga ajratilgan, qolgan besh kun talabalarga 3 juftlikdan (6 soatdan) dars qo‘yilgan. Dars jadvalidan o‘rin olgan fanlar: axborot soati, xorijiy til, iqtisodiyot nazariyasi, hozirgi o‘zbek adabiy tili, kompyuter lingvistikasi, o‘zbek adabiyoti tarixi, matnshunoslik, navoiyshunoslik, o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi, o‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi, adabiyot ta’limida integrativ yondashuv (axborot soatini hisobga olmasak, jami 10 ta fan). “Bo‘lajak mutaxassis har tomonlama barkamol bo‘lishi kerak” singari siyqasi chiqqan gaplarni chetga surib, hayotiy fikrlasak, shu fanlardan nechtasi bo‘lajak o‘qituvchi (aynan maktab yoki litsey o‘qituvchisi, lingvist yoki matnshunos, yoki adabiyotshunos olim emas!) faoliyatida kerak bo‘ladi? Va qay darajada?
Keling, oddiy matematikani ishga solaylik. Insonning o‘rtacha dam olishi, uxlashi uchun ketadigan vaqtni chiqarib tashlab, mehnat faoliyati uchun 8 soat qoladi, deb olsak, kuniga 6 akademik soat (4,5 astronomik soat) auditoriyada o‘tirib ma’lumot qabul qiladigan talabaga mustaqil ishlash uchun 3,5 soat vaqt qolmoqda. Buni haftasiga 6 kunga ko‘paytirsak, 21 soat kelib chiqadi. 10 ta fanni mukammal o‘zlashtirish, ilmiy manbalar bilan ishlash va ularni tushunish uchun bu vaqt yetarlimi? Axir, fanni o‘zlashtirish degani faqat o‘qituvchidan eshitganini xotirada saqlab qolish emas, o‘tilayotgan fanning qonuniyatlarini, nazariy asoslarini tushunish, tahlil qilish, ular orqali professional faoliyatda yuzaga keladigan vaziyatlarga javob topish kompetensiyasini shakllantirish ham degani. Xorijiy OTMda ancha kamroq fanlar o‘tilib, talabaga mustaqil izlanishi uchun ko‘proq vaqt ajratilib, sifatli mutaxassislar tayyorlashning uddasidan chiqilmoqda. Bizda haligacha OTMning vazifasi talabani auditoriyada ushlab o‘tirish degan qarash mavjud. Muhtaram ustozning raddiyalariga sabab bo‘lgan maqolamda milliy OTMlarda o‘qitiladigan fanlar ko‘pligi va auditoriya yuklamasi yuqoriligi bilim sifatiga salbiy ta’sir qilishi, bu esa o‘z navbatida korrupsiyaga yetaklovchi omillardan biri bo‘lishi mumkinligi haqida fikr bildirilgan edi.
Endi o‘qituvchining yuklamasiga to‘xtalsak. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi belgilagan normativlarga ko‘ra, o‘qituvchi kamida 400 soat auditoriya yuklamasini bajarishi kerak (ayrim OTMlar haligacha 800—850 auditoriya soatidan kelib chiqishmoqda). Bu — o‘rtacha hisobda haftasiga 10—12 soat degani. Maktab yoki litsey o‘qituvchisida yuklamani bitta fan bilan bajarish imkoni bor (masalan, adabiyot fanini har xil sinflarga va parallel sinflarga o‘tish orqali), OTMda bunday imkon mavjud emas. Belgilangan auditoriya yuklamasi bajarilishi uchun o‘qituvchi bir necha fandan dars berishga majbur. Bundan tashqari, qog‘ozbozlik, har xil hisobot va jadvallar to‘ldirish, yig‘ma jildlar tayyorlash amaliyoti butkul barham topdi, deyishga hali ancha erta (buni kafedra mudiri sifatida muhtaram ustoz ham bilsa kerak). Bu esa, xohlaysizmi-yo‘qmi, semestr boshida tayyorlanadigan o‘quv-me’yoriy hujjatlar sifatiga ham, semestr davomida o‘tiladigan darslar sifatiga ham salbiy ta’sir etadi. Fanlar bo‘yicha “yaratilgan” o‘quv-uslubiy majmualarning necha foizi kafedralar javonidan chiqib va komissiyalar nigohidan o‘tib, ta’lim samarasini ta’minlashga qo‘llanayotgani xolis tahlil qilinsa, manzara oydinlashadi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi e’lon qilgan reytingda talabalarning professor-o‘qituvchilar darslari sifatiga bergan ijobiy javoblari soni ham bu borada hali ancha ishlar qilinishi lozimligini ko‘rsatmoqda (albatta, darsni muqaddas bilib, mavjud sharoitlarda ham talabalarga sifatli bilim berayotgan ustozlarimiz ko‘p).
Oraliq va yakuniy nazorat ishlari shifrlanishiga kelsak, faqat yakuniy nazorat ishlari shifrlanadi (oraliq nazorat ishlari shifrlanmaydi). Shifrlangan taqdirda ham, agar ishni qaysi talaba yozganini bilish kerak bo‘lsa, yozuvi orqali yoki boshqa yo‘l bilan aniqlash muammo emas. Yakuniy nazoratlarni ham boshqa pedagog emas, dars o‘tgan o‘qituvchi tekshirmoqda. Xorijiy OTMlarda kurs va nazorat ishlari elektron tizim orqali topshirilsa, milliy OTMlarda elektron tizim faqat talaba baholangandan keyin baholarni kiritishga xizmat qiladi. Kurs va nazorat ishlarini bunday tizim orqali qabul qilish, avtomatik tarzda plagiatga yo‘l qo‘yilmaganini tekshirish, maxfiy baholash imkoni mavjud emas. To‘g‘ri, elektron tizimga kirish uchun har bir o‘qituvchining login va paroli mavjud va “qo‘yilgan bahoni to‘g‘rilash, o‘chirish vakolati hech kimda qoldirilmagan”. Shunga qaramay, kerakli shaxslar uchun lozim paytda bu login va parollarni bilib olish, kerakli talabalarning baholarini to‘g‘rilash (yoki to‘g‘rilatish) holatlari mutlaq uchramaydi, deyish haqiqat yuziga oyoq qo‘yish bo‘ladi.
Muhtaram ustoz “faqat aql o‘rgatish bilan o‘zni namoyish qilishdan voz kechib, aniq takliflarni shaxsiy namuna sifatida amalda ko‘rsatish shart”ligini ta’kidlamoqda. Bu fikrga qo‘shilmay iloj yo‘q — ayni haqiqat. Faqat shu o‘rinda bir mulohaza: “xorijlik hamkorlarning bilim va tajribalarini chuqur o‘rganib, so‘ng ularni mamlakatimizdagi ta’lim tizimiga joriy etish”ga, ta’lim jarayoniga yangilik olib kirishga harakat qilinayotganda har qanday mutaxassis yoki mutaxassislar jamoasi hamkasblar va rahbariyatning ma’naviy qo‘llab-quvvatlashiga, daldasiga juda katta ehtiyoj sezadi. Davlat va hukumat rahbarlari universitet oldiga qo‘ygan sharafli vazifalardan biri — til va adabiyotni o‘qitishning yangi va samarali metodlarini, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etishdir. Bu vazifa universitet tashkil qilinganda suhbatdan o‘tgan har bir xodimga (jumladan, menga ham) alohida uqtirilgan edi. Bu vazifani amalga oshirish maqsadida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi o‘quv dasturlarini yangilash, ularni rivojlangan davlatlarning yetakchi OTMlari tajribasi bilan boyitish bo‘yicha takliflar tayyorlanib turdosh OTMlarga taqdim qilinganda ayrim hamkasblar va mutasaddilar tomonidan kuchli qarshilikka uchragani, ilmiy munozara bir yoqda qolib, takliflar mualliflari va taqdimot qilayotganlarning shaxsiyatiga tosh otishga o‘tilgani ham bor gap. Adabiyotni o‘qitishning ilg‘or metodikalari umumlashtirilib tayyorlangan qo‘llanma maslahat olish, ma’qul ko‘rilsa, dunyo yuzini ko‘rishida yordam olish uchun universitet kengashiga taqdim qilinganida hech qanday sado, hech qanday ko‘mak bo‘lmagani ham yodimizda. Xalqaro ta’lim almashinuvi dasturidagi ishtirokim natijalari haqida kurakda turmaydigan ig‘volar uyushtirilgani ham, taassufki, haqiqat. Domla balki bulardan bexabardir?!
Xullas, ustoz raddiya sarlavhasida ta’kidlaganidek, “adolat va xolislik asosiy mezonimiz bo‘lsin”. Tuyaqush singari muammolardan yashirinadigan zamonlar o‘tdi. Va umid qilamizki, mavjud muammolarni ko‘tarib chiqqanlarga “yorliq” yopishtiriladigan davrlar ham ortda qoldi. Zero, qarashlarimiz har xil bo‘lsa ham, maqsadimiz mushtarak: bu ham bo‘lsa, OTMlarimizni nufuzli xalqaro reytinglarda ko‘rish, ular tayyorlayotgan mutaxassislarning esa o‘z sohasini puxta biladigan, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shadiganlar safidan joy olishiga xizmat qilishdir!
Komil JALILOV