Nopedagog direktor maktabni boshqara oladimi?
Prezidentimizning 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, endilikda maktab direktorlaridan menejerlik malakasi ham talab etiladi.
Shuningdek, direktor o‘rinbosarlarining mas’uliyatini oshirishni nazarda tutgan holda umumta’lim muassasalari rahbarlariga qo‘yiladigan malaka talablari qayta ko‘rib chiqildi. Shu asosda vazirlikning “Umumta’lim maktabi (maktab-internat) direktorining malaka tasniflarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi. Unga binoan, direktorning malaka talabida nomzod rahbarlik lavozimida kamida 3 yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lishi zarurligi belgilandi. Vazirlikning 2018-yil 14-iyundagi buyrug‘ida esa direktorlikka nomzodlarga besh yildan kam bo‘lmagan pedagogik yoki harbiy ish staji bo‘lishi talabi qo‘yilgandi.
Bu o‘zgarish mutaxassislar o‘rtasida turli bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi G‘ayratjon Qorabekovning tahririyatimizga yo‘llagan murojaatida shunday deyiladi:
— Ta’lim-tarbiya inson kamolotidagi ikki muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Ularni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Yaqinda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qabul qilingan buyruqqa ko‘ra, nopedagog kadrlar ham umumiy o‘rta ta’lim maktablariga direktor etib tayinlanishi mumkinligi belgilandi. Bu esa turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, biz ham hamkasblar bilan bu masalada o‘z munosabatimizni bildirib kelamiz.
Nazarimda, mutasaddilar Prezidentimizning 2018-yil 5-sentabrdagi qarorini biroz noto‘g‘ri talqin qilgan. Qarorda belgilanganidek, maktab direktori menejerlik salohiyatiga ega bo‘lishi bugungi kun talabi. Agar rahbar ishbilarmon bo‘lsa, ta’lim muassasasining moliyaviy jihatdan mustaqilligini ta’minlay oladi. Bu bilan o‘z-o‘zidan maktabdagi turli muammolar ham barham topadi. Bir so‘z bilan aytganda, maktab birovning qo‘liga qaram va boqimanda bo‘lib qolmaydi. Qo‘shimcha topilgan mablag‘ ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltiriladi. Ammo maktab direktori menejerlik salohiyatiga ega bo‘lishi kerak, degani nomzodning nopedagog bo‘lishi mumkinligini ham anglatmaydi, nazarimda.
Tasavvur qiling, veterinar, shifokor, injener, arxitektor maktab direktori etib tayinlansa, nima bo‘ladi? Ta’lim-tarbiya izdan chiqmaydimi? Ta’lim-tarbiya nafaqat nazariy, balki amaliy pedagogik-psixologik bilimni ham talab etadi. Buni esa faqat pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini tamomlaganlar yaxshi tushunadi. Xat-savod haqida gap ketganda, masalaga jiddiy yondashish kerak. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida pedagogika, metodika, uslubiy birlashmalar yig‘ilishlari o‘tkaziladi. Pedagogika kengashiga faqat maktab direktori raislik qiladi. Shunday vaziyatda nopedagog direktor qanday yo‘l tutadi? Tabiiyki, o‘qishi, izlanishi, pedagogika va psixologiyani o‘rganishi, muomala layoqati yuqori darajada bo‘lishi shart.
Direktor o‘z mutaxassislik fanini chuqur egallagan, o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan bo‘lishi kerak. Shundagina pedagogik jamoa unga hurmat bilan qaraydi. Aks holda, maktab rahbarining nufuzi ham, obro‘si ham bo‘lmaydi. Shunday hollarda maktabni boshqarish muammo bo‘ladi. Hurmat talab qilinmaydi, unga halol mehnat bilan erishiladi. Shu bois ham hamkasblarim qatori bu savolga aniq javob olishni xohlayman.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimi O.Usmonovning ta’kidlashicha, "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasida "Tegishli ma’lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega"ligi belgilangan. Shu bois umumta’lim maktabi (maktab-internat) direktoriga qo‘yilgan malaka talablarida ham maktab direktorlarining pedagog kadrlardan tayinlanishi (saylanishi) maqsadga muvofiq.
Bu masalada Xalq ta’limi vazirligining nuqtayi nazari bilan ham tanishdik.
Vazirlikning xodimlar bilan ishlash kadrlar boshqarmasi mutaxassisi B.Akramov quyidagi javobni taqdim etdi:
— Xalq ta’limi vazirining 2019-yil 17-yanvardagi 16-sonli buyrug‘iga asosan umumta’lim maktabi direktori lavozimiga:
1. Eng kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot. Qo‘shimcha kasbiy ta’lim — menejerlik faoliyati bo‘yicha qayta tayyorgarlik va malaka oshirganlik maqsadga muvofiq.
2. Mehnat faoliyati davomida kamida uch yilda bir marotaba qo‘shimcha professional dasturlar asosida menejerlik faoliyati bo‘yicha ta’lim olganlik.
3. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan, pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish uchun cheklovlar mavjud emasligi.
4. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha savodxonlik.
5. Bolalar (o‘quvchilar) bilan bog‘liq faoliyatda va ta’lim muassasalarida turli lavozimlarda 3 yildan kam bo‘lmagan ish tajribasi.
6. Rahbarlik lavozimida 3 yildan kam bo‘lmagan ish tajribasi kabi talablar belgilangan.
Shuningdek, umumta’lim muassasasi direktorini tayinlashda (jamoa, kasaba uyushmasi emas) maktab kuzatuv kengashi a’zolarining fikri inobatga olinadi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahrirdagi varianti Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan.
Xayrullo ABDURAHMONOV tayyorladi.