Holimizga maymunlar yig‘lamasin!
Barchaga taqlid qilishni yaxshi ko‘radigan bir-maymun bolasi yo‘qolib qolibdi. Ko‘pni ko‘rgan qarg‘a-maymunchaga yordam bermoqchi bo‘lib, “Onang seni qanday chaqirardi?” deb so‘rabdi. U esa har xil jonzotlarning ovozida onasi uni qanday chaqirishini ko‘rsatibdi. Afsuski, bularning hech qaysisi onasining ovozi emas ekan.
Maymuncha shunday qattiq yig‘labdiki, o‘rmon ichida yurgan onasi uning ovozini eshitib yetib kelibdi va uni turli jonzotlarning ovozida yupatishga urinibdi. Buni kuzatib turgan qarg‘a ayb har kimga taqlid qilib o‘z tilini yo‘qotgan ona-maymunda ekanini anglabdi. Bundan o‘zligini yo‘qotgan kimsa bolasiga ham begona bo‘lib qolishi hech gap emas degan xulosa chiqarsak bo‘ladi. Shu kunlarda avj olgan til haqidagi bahs-munozaralar shu hikoyani yodga soldi.
Yurtimizda boshqa tillarda muloqot qilish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, ta’lim olish, kitoblar yozish bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Hatto matbuotda qonun hujjatlari bir paytning o‘zida ham o‘zbek, ham rus tilida e’lon qilinmoqda. Shuning o‘zi davlatimiz va xalqimizning o‘zga tillarga nechog‘lik bag‘rikeng munosabatda ekanini bildiradi. Hozir yoshlar turli xorijiy tillar, birinchi navbatda, ingliz tilini o‘rganishga harakat qilyapti. Mamlakatning global makonda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ilmiy rivojlanishi uchun faqat bir tilni bilish va unda muloqot qilish kifoya emas. Yurtimiz maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish imkoniyati kengayib bormoqda. Qardosh millatlar tillari bilan birga, xitoy, koreys, hind, fransuz va nemis tillari chuqurlashtirib o‘qitilayotgan maktablar mavjud. Yaqinda bir qarindoshimiz bog‘cha yoshidagi farzandini ingliz va rus tili to‘garaklariga yuborayotganini aytdi. Ular ham farzandining kelajagini o‘ylagan, albatta. Chunki chet tillarni bilish — zamon talabi. Lekin o‘zga tilni o‘rganaman deb o‘z ona tilimizda yozish, so‘zlashishni unutib qo‘ymasligimiz kerak. Yaqinda Koreya davlatida bo‘lib qaytgan tanishim shunday deb qoldi: “Koreyaliklarning bir jihatiga qoyil qolaman. Chet tillarni yaxshi bilsa ham o‘z tilida gapirishni sharaf deb biladi. Sayyohlar biror narsa so‘rasa, ko‘proq o‘z tilida javob beradi”.
Agar o‘z tilimizni unutish hisobiga o‘zgalar tilini o‘rganadigan bo‘lsak, yuqoridagi hikoyada tilga olingan-maymundan qanday farqimiz qoladi?
Qizlarxon OBIDOVA,
O‘zJOKU talabasi