Pensiya yoshidagi pedagog kadrlar attestatsiyaga o‘z xohishiga ko‘ra jalb etiladi
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, pedagoglar bilim salohiyatini adolatli baholash, shu orqali ta’lim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida ayni paytda umumta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi qayta ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-sonli qarori bilan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, UNICEF mutaxassislari bilan hamkorlikda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda tayyorlangan ushbu nizomda attestatsiya jarayonini soddalashtirish nazarda tutilgan. Jumladan, hududlarda komissiyalar tomonidan attestatsiya jarayonining xolisona o‘tkazilishini ta’minlash, taqdim etilayotgan ma’lumotlarning haqqoniyligi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida attestatsiya komissiyalari tarkibiga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari kiritildi. Ilmiy darajaga (fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc)) ega bo‘lgan pedagog kadrlar attestatsiyaga jalb qilinmaydi.
Pensiya yoshidagi pedagog kadrlar attestatsiyaga o‘z xohishiga ko‘ra jalb etiladi. Attestatsiyaga jalb etilmagan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari va lavozimlari ta’lim muassasalarida ishlagan davrida saqlab qolinadi. Attestatsiya jarayonida attestatsiyadan o‘tuvchi bilan suhbat o‘tkazish juda ko‘p vaqt (ayrim hududlarda 20—25 kun) talab qilayotganligi, attestatsiya komissiyalari a’zolari va pedagoglarning asosiy ishlarni bajarishlariga bu holat to‘sqinlik qilayotganligini inobatga olib, baholash mezonlaridan suhbat chiqarib tashlandi.
Ta’lim turlari bo‘yicha oliy va birinchi malaka toifasiga hamda yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimlariga talabgor pedagog kadrlarning attestatsiya jarayoni xalq ta’limi tizimidan chiqarilib, bevosita ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik va idoralar tizimiga o‘tkazildi. Pedagog kadrlarning attestatsiyadan o‘tishi uchun besh yillik muddatni kutmasdan, yozma arizasiga binoan ular navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkaziladi. Natijaga ko‘ra birinchi va ikkinchi malaka toifali pedagoglarga nisbatan salbiy qaror qabul qilinmaydi.
2015—2018-yillarda o‘tkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etgan pedagoglar uchun o‘z arizalariga ko‘ra, muddatidan ilgari attestatsiya 2019-yil iyun oyida o‘tkazilishi belgilandi. Buning uchun ular o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim muassasasi rahbariga yozma murojaat qilishi kerak.
Ta’limni boshqarish bo‘yicha hududiy boshqaruv organlari esa, o‘z navbatida, attestatsiyada ishtirok etish istagini bildirgan pedagoglar ro‘yxatini shakllantirib, 2019-yil 1-iyunga qadar Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etishi hamda pedagog kadrlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning http://pka.tdi.uz/ — elektron dasturiga kiritilishini nazoratga olishi talab qilinadi.
Safarali HAMROYEV, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i