Mirobod tumanidagi ta’lim muassasalarida davlat budjeti mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi
Mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish, o‘qituvchi va murabbiylar nufuzi va kasbidan moddiy manfaatdorligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2018-yil 1-sentabrdan o‘qituvchilarning maoshi oshirildi.
Shuningdek, 2019-yil 1-yanvardan pensiya yoshidagi o‘qituvchilar ish faoliyatini davom ettirgan taqdirda pensiyasini to‘liq olishi belgilab qo‘yildi.
Bu kabi ishlar Maktabgacha ta’lim hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tizimidagi muassasalarda ham izchil amalga oshirilyapti.
Tabiiyki, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘qituvchi-pedagoglarning kayfiyatiga, ish samaradorligi va sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biroq ayrim ta’lim muassasalari rahbarlari berilgan ana shu imkoniyat va g‘amxo‘rlikni suiiste’mol qilib, davlat budjetiga tegishli mablag‘ni talon-toroj qilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirobod tuman bo‘limi xodimlari tomonidan oliy va o‘rta maxsus, xalq ta’limi hamda maktabgacha ta’lim tizimida shunday holatlar aniqlandi.
Jumladan, poytaxtimizdagi 213-maktab o‘qituvchisi O.Fozilova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) va boshqalarning murojaati o‘rganilganida, maktabning moddiy mansabdor shaxslari tomonidan budjet mablag‘lari noqonuniy sarflangani aniqlandi. Ular tegishli mablag‘ni mukofot puli, toifalar uchun ustama va amalda ishlamagan ishchi-xodimlar uchun ish haqi sifatida taqsimlab, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda, davlat budjetiga tegishli jami 10,1 million so‘mni talon-toroj qilgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan maktabning mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llandi.
Shuningdek, bo‘lim xodimlari tomonidan Mirobod tumanidagi 507-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi L.Jalolovaning (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) murojaati yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, «Tolmas Hasharchilar» MChJ (firma nomi o‘zgartirilgan) rahbari B.Iskandarov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) tumandagi 507-maktabgacha ta’lim muassasasida 1,03 milliard so‘mlik ish bajarilgani haqida «Bajarilgan ishlar va sarflangan resurslar haqidagi solishtirma hujjat»ni rasmiylashtirgan. Ushbu hujjat buyurtmachi — Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasiga to‘lov uchun asos sifatida topshirilgan. ATB «Xalq banki»ning kapital qurilish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan MTMda «Tolmas Hasharchilar» MChJ tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuqoridagi solishtirma hujjat asosida nazorat o‘lchovidan o‘tkazilganida, amalda jamiyat tomonidan 984,6 million so‘mlik ish bajarilgani aniqlandi. Natijada jamiyat rahbari B.Iskandarovning 50,3 million so‘mlik bajarilmagan ish hajmini qo‘shib yozgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan «Tolmas Hasharchilar» MChJ rahbari Iskandarov Bobur Yo‘ldoshevich (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) va boshqalarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo qo‘llangan.
Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish yuzasidan «Sara Mebellar» (firma nomi o‘zgartirilgan) xususiy korxonasi rahbari R.G‘aniyevaning murojaati o‘rganilganida, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti mansabdor shaxslari tomonidan boshqa manfaatlarni ko‘zlab, institutga 360 dona yotoqxona mebeli sotib olish uchun 2018-yil 7-sentabrda tender tanlovi o‘tkazilgan. Tanlov jarayonida «Sara Mebellar» xususiy korxonasining tijorat taklifi ochib ko‘rilgan bo‘lsa-da, korxona rahbari R.G‘aniyeva ushbu tanlovga taklif qilinmagan. Qalbaki bayonnoma bilan «Mebel Optima» (firma nomi o‘zgartirilgan) MChJ g‘olib sifatida ko‘rsatilgan. Ushbu jamiyat tomonidan bir dona yotoqxona jihozi(karovat)ning narxi 1,9 million so‘m deb ko‘rsatilgan. Vaholanki, «Sara Mebellar» xususiy korxonasi taklif etgan narx undan kamroq, ya’ni bir dona yotoqxona jihozi (karovat)ning bahosi 915 ming so‘m deb ko‘rsatilgan edi. Shunday bo‘lsa-da, institutning moddiy javobgar shaxslari tomonidan 360 dona yotoqxona jihozi jami 63,3 million so‘mga qimmat narxda sotib olingan. Natijada davlat budjeti mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlanib, mazkur holat yuzasidan Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan tegishli jazo qo‘llandi.
B.NOROV,
U.ABERKULOV,
A.TURDIYEV, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirobod tuman bo‘limi xodimlari