O‘quvchilari talabaga aylanayotgan ustozlar bu natijaga qanday erishmoqda?
“Falonchi o‘qishga kiribdi” deyishsa, odamlar darrov “Kimning o‘quvchisi?”, “Qaysi o‘qituvchining qo‘lida tayyorlangan ekan?” deya surishtirishadi. O‘quvchisi o‘qishga kirgan muallimga havas qilishadi, hurmat ko‘rsatishadi.
O‘tgan o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish bo‘yicha Buxoro viloyati eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bunda, ayniqsa, Shofirkon, Peshku tumani yoshlarining hissasi ancha salmoqli. Demak, bu ― mazkur tumanlarda o‘quvchi-yoshlarning chuqur bilim egallashiga alohida e’tibor qaratilayotganidan, salohiyatli, fidoyi ustozlar ko‘pligidan dalolat.
― O‘quvchilarimizning bunday natijalarga erishishlarida, boshlang‘ich sinfdan boshlab bosqichma-bosqich o‘tkazib kelinayotgan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi va innovatsion olimpiada asosiy poydevor vazifasini o‘tamoqda, ― deydi Shofirkon tuman хalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Husen Bozorov. ― Tahlillarga qaraydigan bo‘lsak, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirayotgan o‘quvchilarning aksariyati mazkur intellektual musobaqalarda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan yigit-qizlar. Tumanimiz o‘qituvchilari uchun ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda o‘qituvchilarning darslarga tayyorgarligini yaxshilash bo‘yicha amaliy seminarlar har oyda o‘tkazib turiladi. Fan olimpiadasi, bilimlar bellashuvining o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. O‘quvchilar maktab bosqichidan boshlab qayta-qayta sinovdan o‘tadi. Dastlabki bosqichdan o‘tib, ikkinchi bosqichga yetib kelgunga qadar, tumanning 12 ta hududida saralanadi. Kuchli o‘quvchilar ichidan har qaysi fan yo‘nalishida 10―15 nafardan ishtirokchi tanlab olinib, ular orasidan tuman bosqichi g‘oliblari aniqlanadi. Viloyat bosqichi ishtirokchilari esa tumanda repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan kuchli ustozlar tomonidan 3-4 marotaba imtihon qilinadi. Bilimidagi bo‘shliqlar aniqlanib, qaysi mavzuni o‘zlashtirishga qiynalayotgan bo‘lsa, ko‘proq shu mavzular ustida ishlanadi. Keyingi yillardagi natijalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘quvchilarimiz viloyat bosqichida aksar hollarda 76―80 dan kam ball to‘plashmagan.
O‘tgan o‘quv yilida 9-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadalarining viloyat bosqichida 34 nafar o‘quvchi ishtirok etib, 15 nafari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa bo‘yicha bilim samaradorligi 66,4 foizni tashkil etdi. “Innovatsion olimpiada”ning viloyat bosqichida 2 ta birinchi, 4 ta ikkinchi, 1 ta uchinchi o‘rinni egallab, 81,1 foiz natijani ko‘rsatishgan bo‘lsa, bilimlar bellashuvida bu ko‘rsatkich 79,6 foizni tashkil etdi.
To‘g‘ri, bitiruvchilarimizning ko‘pchiligi darsdan so‘ng repetitorga qatnaydi. Lekin repetitorlarning aksariyati maktablarimizda dars berayotgan o‘qituvchilar. Bu o‘rinda 4-maktabda faoliyat yuritib kelayotgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi T.Yo‘ldosheva, geografiya fani o‘qituvchisi S.Rahmonova, 1-maktabning biologiya fani o‘qituvchisi S.Sunnatov, matematika fani o‘qituvchisi N.Ashurova, rus tili fani o‘qituvchisi Z.Gaysarova, 35-maktabning iqtisod fani o‘qituvchisi G.Narzullayev, 31-maktabning matematika fani o‘qituvchisi H.Ortiqov, 3-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi I.Karomov, 11-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi U.Dilmurodov, 38-maktabning tarix fani o‘qituvchisi J.Barnoyev, 13-maktab rus tili fani o‘qituvchisi Sh.Ostonova, 55-IDUMning kimyo fani o‘qituvchisi D.Ahadova, 18-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi M.Mo‘minov kabi fidoyi ustozlarning nomlarini alohida e’tirof etish joiz.
Tursunoy YO‘LDOSHEVA, Shofirkon tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi