Pedagog xodimlarga maxsus ustama to‘g‘ri belgilanganmi?
Shu yilning 7-iyun kuni O‘zbekiston Resupblikasi Vazirlar Mahkamasining “Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unga binoan, qaror ilovasida keltirilgan hududdagi ta’lim muassasalariga boshqa hududdan kelib dars berayotgan pedagog xodimlarga ustama belgilandi. Agar pedagogning maktabda ishlagan davri 6 oydan 3 yilgacha bo‘lsa — 10 foiz, 3 yildan 5 yilgacha bo‘lsa — 20 foiz, 5 yildan 10 yilgacha — 30 foiz, 10 yildan 15 yilgacha — 40 foiz, 15 yildan ortiq bo‘lsa — 50 foiz ustama beriladi. Albatta, bu olis hududlarda mehnat qilayotgan pedagoglarga qo‘shimcha rag‘bat bag‘ishladi. Ammo tahririyatimizga ayrim tumanlardan e’tirozli murojaatlar ham kelmoqda. Jumladan, Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori Abdunabi Abdiyev o‘z e’tirozini quyidagicha bayon qildi:
— Mirishkor Qashqadaryo viloyatining kadrlar taqchilligi eng yuqori bo‘lgan tumani hisoblanadi. Mazkur qaror loyihasi e’lon qilinganida bu hududdagi o‘qituvchilarning 30 foizidan ziyodi o‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lgan 6 ta maktab ro‘yxatdan o‘rin olgandi. Qaror e’lon qilinganda esa aynan kadrlar yetishmaydigan, viloyat markazidan 80—90 chaqirim yiroqdagi aynan shu maktablar ro‘yxatdan tushib qolibdi. Aksincha, viloyat markazining shundoq biqinida joylashgan, kadrlarga ehtiyoji nisbatan kam bo‘lgan hududlar ro‘yxatga kiribdi.
Adliya vazirligi izohida aytilishicha, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga maxsus ustama belgilanadigan hududlar ro‘yxatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari taklifiga binoan Xalq ta’limi vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Shu bois e’tirozim gazetada chop etilib, ushbu muammoni hal etishda amaliy yordam berilsa. Qolaversa, bu ro‘yxat bilan ko‘p o‘qituvchilar tanish emas. Iloji bo‘lsa, gazetada ustama belgilanadigan hududlar ro‘yxati ham e’lon qilinsa.
Yuqoridagi talabni inobatga olib, gazetamizda (2019-yil 12-iyun 45-songa qarang) ustama belgilanadigan hududlar ro‘yxatini keltiryapmiz. Mana bu adresga qarang!( https://teletype.in/@huquqiy_axborot/Bkn53wKA4)
PS: Ushbu masalada Xalq ta’limi vazirligidan javob kutib qolamiz.
Tahririyat