To‘rt muammoli harf
O‘tgan yilning 15-mayida tasdiqlangan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tuzilgan ishchi guruhning xulosalari haqida ba’zi mulohazalar paydo bo‘ldi.
Yaqinda Kun.uz sayti va “Ma’naviy hayot” jurnalida ishchi guruhning xulosalariga asosan “Eng kamida, alifbodagi to‘rtta muammoli harfni isloh qilishimiz shart” deyilgani, “Muammoli harflar” deganda esa alifbomizdagi G‘, O‘ harflari va Sh, Ch harfiy birikmalari nazarda tutilayotgani bugun hech kimga sir emas”ligi qayd etiladi.
O‘ va G‘ hamda Sh, Сh harflari uchun yechim topilgan. Birinchi ikki harf uchun mazkur harflar ustiga ust diakritik belgi qo‘yish bilan, ya’ni Ó / Ǵ shaklida to‘g‘ri hal qilingan. Ikkinchi ikki harf uchun mazkur harflar ostiga ost diakritik belgi qo‘yish bilan, ya’ni Ş / Ç shaklida to‘g‘ri hal etilgan.
Odatda alifbo yaratilayotganda qaysi tovushga qaysi harfni olish haqida gap ketadi. Loyihaning IV qismi qaysi harfga qaysi tovush olinishi haqidadir. Lekin bu qismda ikki masala o‘zaro qorishtirib yuborilgan. Ya’ni shu qismning ba’zi bandlarida Сс tovushini alifboga olish kerak deyilsa, ba’zi bandlarida esa Cc ni ц tovushi uchun olish kerak deyiladi. Mazkur qismda shunday jumlalar bor: “Cc ni yoqlovchilar bu harf alifbomizda mavjud bo‘lmagani bilan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijtimoiy hayotimizda baribir ishtirok etyapti. Masalan, pasport seriyasi, test savolnomasi, avtomashina raqamlari kabi ro‘yxat bandlarini alifbo asosida tartiblashda va boshqa holatlarda Сс harfidan foydalanyapmiz, shuning uchun bu harfni alifboga qabul qilishimiz shart”. Axir harf tildagi biror tovushni ifodalash uchun qabul etiladi-ku! Yuqorida keltirilgan ko‘chirmada Cc ning qaysi tovush uchun olinishi haqida hech qanday gap yo‘q. Qolaversa, “pasport seriyasi, test savolnomasi, avtomashina raqamlari kabi ro‘yxat bandlarini alifbo asosida tartiblashda va boshqa holatlarda” Cc harfidan emas, balki yangi alifbodagi kerakli harflardan foydalaniladi. Yana mazkur qismda shunday davom etadi: “Cc ni yoqlovchilarning aksariyati bu belgidan kirill alifbosidagi Цц tovushini ifodalash uchun foydalanaylik, deyishadi va o‘z qarashlarini asoslash uchun qator dalillar keltiradi”. Mana endi maqsad aniqlashyapti. Ishchi guruh a’zolari o‘zbek tilida mutlaqo yo‘q bo‘lgan, rus tiliga xos bo‘lgan Цц tovushi uchun Сс harfini qabul qilishmoqchi.
Ajnabiy Цц tovushi uchun Сс harfini olish haqida oltita dalil keltiriladi:
“1) til jonli hodisa sifatida muntazam rivojlanadi: o‘tgan asrda tilimizga chet tillar, xususan, rus tili orqali ц harfi qatnashgan juda ko‘p o‘zlashma so‘zlar kirib keldi — s harfi yoki ts birikmasi esa bu tovushni hamisha ham to‘la aks ettirmaydi”, deyiladi. Ammo to‘la aks ettirmaslik sababi haqida yozilmaydi. Bizningcha, to‘la aks ettiradi. Hatto 1917-yilgacha qabul qilingan ц li so‘zlar ц bilan emas, ch bilan yozilgan. Masalan, chor(царь), chorizm(царизм), cherkov(церковь) kabilar.
“2) xalqaro tabiatga ega bo‘lgan so‘zlar, xususan, ko‘p ilmiy-tibbiy atamalarda Сс harfi juda faol ishtirok etadi.” Bu yerda tibbiy istilohlar haqida gap bormoqda. Ma’lumki, Ss harfi ishtirok etadigan tibbiyot terminlari lotin tiliga oid. Agar bunday terminlar chet tillarga oid so‘z bo‘lsa, ular, albatta, o‘zbek tiliga transliteratsiya qilinadi.
“3) o‘zga millat vakillarining ism-familiyasidagi ц tovushini to‘g‘ri aks ettirish imkoniyati yo‘qligi bois muayyan noqulaylik, chalkashliklar yuzaga kelmoqda. Masalan: Цой — Soy, Цискаридзе — Siskaridze”. “O‘zga millat ism-familiyasidagi ц tovushini to‘g‘ri aks ettirish imkoniyati yo‘qligi” deyiladi, ammo Цой — Soy, Цискаридзе — Siskaridze tarzida to‘g‘ri aks ettirilyapti-ku! Imkoniyati bor ekan-ku! O‘zga millat tilidagi spetsifik tovushlarni qabul qiluvchi tilda yuz foiz to‘g‘ri aks ettirishning imkoniyati yo‘q...
Shuni eslash lozimki, 1929-yili arab yozuvidan lotin yozuviga o‘tilganda faqat arab tiliga xos bo‘lgan sakkizta harfdan (ع ظ ط ض ص ذ ح ث ) voz kechildi. Arab yozuviga asoslangan eski alifbomizda to‘rtta z (ز ظ ض ز) bor edi. Shularning hammasi uchun faqat bitta z harfi qabul qilindi. Eski yozuvimizda ظ ض ز li so‘zlar, masalan, ملاظ — zolim, ﻥﻣﺍﻈ — zomin, ﺖﺍﺫ — zot kabi juda ko‘plab so‘zlar tilimizga mos holda oddiy z harfi bilan yoziladigan bo‘ldi. Mashhur choriyorlarimizning (— Usmon, ﺭﻣﻋ — Umar, ﻲﻟﻋ — Ali) ismlaridagi undosh tovush hisoblangan “ayn” o‘zbek tiliga “u”, “a” bilan transliteratsiya qilindi. Chunki bizda “ayn” tovushi yo‘q bo‘lgani sababli, shuningdek, bu tovushning artikulyatsion parametri tilimiz fonetik tizimiga mos bo‘lmaganligi tufayli ushbu undosh fonema unli fonemani ifodalovchi harf bilan berildi. Hatto rus tilida s harfi bo‘lishiga qaramay, lotin tiliga oid s ц harfi bilan beriladi: masalan, cirkus — цирк, caementum — цемент, concerto — концерт, lyceum — лицей kabi. Demak, har bir xalq boshqa tildan so‘z olganda u so‘zlarni va so‘zlardagi tovushlarni o‘z tiliga moslab o‘zlashtiradi.
“4) qadimiy lotin tiliga mansub bo‘lgan ц harfli ko‘p so‘zlar asliyatda ham Ss harfi bilan yozilgan. Masalan, sirk(circus), sement(caementum), konsert(concerto), litsey(lyceum) va hokazo. Va bugun ham lotin alifboli ko‘p xalqlar bu so‘zlarni asliyatga muvofiq yoki yaqin tarzda yozadi”. Ushbu jumla biroz g‘aliz tuzilgan. Mazkur gapda qadimgi lotin tilida (qadimiy lotin tili deyishga hojat yo‘q, chunki lotin tili eski o‘lik til — B.Y.) ц harfli so‘zlar bo‘lgan, degan ma’no kelib chiqyapti. Vaholanki, qadimgi lotin tilida ц tovushi bo‘lmagan. Bu yerda rus tilidagi ц harfi qatnashgan ko‘p so‘zlar lotin tilida Ss harfi bilan yozilgan, deyilsa to‘g‘ri bo‘ladi.
“5) dunyodagi ko‘p xalqlar alifbosiga faqat o‘zlashma so‘zlar uchun maxsus harflar kiritilgan. Masalan, venger alifbosida Q,W,X,Y harflari;” Bu bandda “ko‘p xalqlar alifbosi”, deyiladi, ammo faqat bitta venger xalqi alifbosi misol keltiriladi. Venger tili bor-yo‘g‘i o‘n millionli venger aholisining tili bo‘lib, bizga notanish, uzoq bir til. Shuning uchun bizga vengerlar alifbosi namuna bo‘la olmaydi.
“6) alifboga Сс (ц) harfining kiritilishi kirill yozuviga o‘rganib qolgan katta avlod vakillarining ham lotin yozuviga tezroq moslashib ketishiga, rasmiy alifbomizning keng qo‘llanilishiga zamin yaratadi”. Katta avlod vakillarining kirill yozuviga o‘rganib qolgani to‘g‘ri, lekin katta avlod vakillari ц tovushini sakson yil davomida hech o‘zlashtira olmadi, biz uchun begona bo‘lgan mazkur tovush tilimizga singmadi. U tilimiz fonemalari tarkibidan o‘rin ololmadi, chunki ц ning fonologik parametrlari butunlay boshqacha. Sun’iy ravishda kirill asosli o‘zbek alifbosiga kiritilgan, ammo sakson yil davomida tilimizga o‘zlashmagan, o‘zbeklar talaffuz qilа olmaydigan ц tovushini yangi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga kiritishga mantiqli bir asos ham, zarurat ham yo‘q. O‘zbek tilida mavjud bo‘lgan va milliy boyligimiz hisoblangan ng tovushiga yaxlit bir harf olmasdan, tilimizda bo‘lmagan, ajnabiy bir tilga xos bo‘lgan “ц” tovushiga alohida bir belgi olish mantiqqa ziddir. Bu paradoks.
ng tovushi. Ishchi guruh xulosasida “Bu tovushga arab alifbosida ham, kirill-o‘zbek alifbosida ham, amaldagi lotin alifbosida ham yaxlit harf ajratilmagan” deyiladi. Shuni ta’kidlash lozimki, arab yozuvida ng tovushi uchun yaxlit harf shaklida ajratilgan. O‘zbeklarning, umuman, turkiy xalqlarning o‘z yozuvi hisoblangan O‘rxun-Enasoy yozuvida ham mazkur tovush uchun yaxlit harf belgilangan. “Kirill imlosiga ko‘ra qaysi so‘zda N va G harflari yonma-yon kelgan bo‘lsa, yoppasiga Ññ harfi bilan yozila boshladi. Masalan: tana, manu. Aslida, bu so‘zdagi N va G harflari Ñ tarzida yoziladigan bo‘lsa, qo‘shimcha G harfi orttirilishi kerak, shunda talaffuz to‘g‘ri bo‘ladi: taña, mañu”, deb izohlashadi. Shuni alohida uqtirish lozimki, ko‘pchilik olimlarning e’tirof etishicha, ng(ŋ) tovushining tabiati, ng(ŋ)dan keyin qachon g harfi orttirilishi, talaffuz va imlo xususiyatlari hali yaxshi o‘rganilmagan. Shuning uchun bu masalalar maxsus tadqiq etilishi kerak. “1993-yilda qabul qilingan lotin-o‘zbek alifbosida bu tovush ilk bor Ññ harfi bilan ifodalandi-yu, 1995-yilda yana undan voz kechildi. Sababi, Ññ harfini idrok etishda ko‘pchilik chalg‘idi”, deyiladi. Birinchidan, mazkur tovush ilk bor 1993-yilda emas, balki 1929-yili yaxlit bir harf bilan ifodalandi. Ikkinchidan, mazkur harfni qisqa bir muddatda, ya’ni ikki yilda (1993—1995) ko‘pchilik birdaniga bekam-u ko‘st o‘zlashtirishi juda qiyin. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini qabul qilgandan hamma birdaniga zo‘r, xatosiz yozadigan bo‘lib qolmaydi. Buning uchun yangi o‘zbek alifbosi va imlo qoidalari yaxshi o‘rgatilishi, darslar saviyali o‘tilishi kerak.
Ushbu qismning oxirida “Qolaversa tilimizda ba’zi so‘zlarda uchraydigan ng‘ tovushiga (qo‘ng‘ir, qo‘ng‘iz, to‘ng‘iz, qing‘ir, o‘ng‘ay) ham alifbomizda harf ajratilmagan”, deyiladi. Birinchidan, tilimizda ng‘ tovushi yo‘q. Faqat ikki xil ng(ŋ) tovushi bor. Biri teng, ong, tong kabi so‘zlardagi ingichka, nazal(burun) tovushi bo‘lsa, ikkinchisi g‘o‘ng, g‘ing kabi so‘zlarda uchraydigan yo‘g‘on ng(ŋ)dir. Ikkinchidan, misol sifatida keltirilgan beshta so‘zdan faqat bittasi to‘ng‘iz “to‘ŋg‘ız” kabi talaffuz etiladi. Qo‘ng‘ır, qo‘ng‘ız, qıng‘ır, o‘ng‘ay so‘zlari qo‘ng‘ır, qo‘ng‘ız, qıng‘ır, o‘ng‘ay kabi (yo‘g‘on, qalin) ng tovushisiz talaffuz etiladi. Buni “O‘zbek tili talaffuz lug‘ati”dan ko‘rish mumkin.
O‘tgan asrning 70-yillaridan beri ng tovushiga yaxlit bir harf olinishi kerakligi haqida yozilmoqda. Biz ham tilimizdagi faol, ko‘p qo‘llanadigan ushbu tovush yaxlit, muayyan harf bilan ifodalanishi lozim, deb hisoblaymiz. Chunki mazkur fonema, yuqorida aytilganidek, O‘rxun-Enasoy va arab hamda 1993-yilgi lotin asosli o‘zbek alifbosida yaxlit, bir harf bilan berilgan. Boshqird, uyg‘ur, qozoq, tatar, qirg‘iz, turkman kabi ko‘pchilik ng(ŋ) tovushi bor bo‘lgan turkiy tillar alifbolarida bu tovushga yaxlit bir harf ajratilgan. Alohida ta’kidlash lozimki, mazkur fonema ng shaklida ikki harf orqali ifodalanganda, talaffuzda qo‘pol xatolar tez-tez uchramoqda. Masalan, ayting, o‘zing, oling, mening, so‘ng, o‘ng kabi so‘zlardagi ng ni bitta yaxlit tovush sifatida emas, balki ushbu so‘zlardagi n va g harflarini alohida-alohida n, g tarzida talaffuz qilish avj olmoqda. Bitta mustaqil fonemaning ikki belgi bilan ifodalanishi ko‘p chalkashliklarga olib kelmoqda. II shaxs hurmat shakli -ngizga bir g orttirilib, onanggiz, otanggiz, qizinggiz, darslaringgiz shaklida buzib talaffuz etilmoqda. Ba’zi vatandoshlarimiz ng ni ikkita tovush deb o‘ylab, kelingni kelingk, boringni boringk, o‘qingni o‘qingk deb talaffuz qilmoqda. Bizning xulosamiz: ng tovushi uchun yaxlit harf olinishi kerak. Buning uchun n harfining ostiga bir diakritik belgi qo‘yilsa (ŋ) kifoya. 1929-yili qabul qilingan lotin alifbosiga asoslangan alifbomizda ham ng fonemasi uchun xuddi shu harf olingan edi.
Spetsifik fonema uchun spetsifik harfning yo‘qligi milliy alifboning asosiy kamchiligi hisoblanadi.
Har bir tovush uchun bir harf va har bir harf uchun bir tovush prinsipiga amal qilinsagina alifbomiz mukammal bo‘ladi.
Kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida “ў” tovushi uchun lotin asosli yangi alifboga ó belgisini emas, balki o ni olish lozim. Chunki lablangan, til orqa, qattiq bu fonema barcha turkiy tillarda, rus va boshqa tillarda ham o harfi bilan berilgan. Unifikatsiya uchun o‘zbek alifbosiga ham kirildagi ў uchun shu harf (o) olinishi kerak. Afsuski, bu yangi lotin asosli o‘zbek alifbosi loyihasida o harfi ikki vazifani bajaradi. U o‘zbek tiliga xos bo‘lgan, boshqa turkiy tillarda uchramaydigan, kelib chiqishi bahsli til orqa, keng, lablanmagan (bor, kor, zor kabi so‘zlardagi) o ni va rus tilidan o‘zlashgan tok, organ, orden, opera, optika kabi so‘zlarda uchraydigan o fonemalarini ifodalaydi. O va o‘ tovushlari uchun kirill alifbomizda lablanganiga ў, lablanmaganiga o belgisi olingandi. Chalkashlik o‘shandan boshlangan edi. Barcha turkiy tillarda uchraydigan lablangan fonema uchun o harfi belgilangani holda negadir o‘zbek tilidagi mazkur fonemaga ў olingan. Kimdir, kimlardir o‘zbek alifbosi boshqa turkiy xalqlar alifbosidan farqli bo‘lishiga sa’y-harakat qilganga o‘xshaydi...
Ko‘rinib turganidek, oldingi kirill alifbosida ham, hozirgi lotinga asoslangan alifbo loyihasida ham bu ikki fonemaga harflar noto‘g‘ri belgilangan. Buning oqibatida o‘zbekning o li so‘zlarini boshqa turkiy xalqlar, umuman, alifbosida o harfi bor xalqlar noto‘g‘ri o‘qishadi. Hozir boshqa turkiy xalqlar o‘zbekning boş(bosh) so‘zini boş(bo‘sh), oq(oq) so‘zini oq(o‘q), ot(ot) so‘zini ot(o‘t), qoşiq(qoshiq) so‘zini qoşiq(qo‘shiq) deb o‘qiydilar.
Bizning xulosa: lablangan, o‘rta keng unli (kirilchada ў) uchun boshqa turkiy tillar va alifbolarida mavjud o ni yangi lotin asosli o‘zbek alifbosiga olish lozim. Faqat o‘zbek tiliga xos bo‘lgan keng, lablanmagan, hozirgi lotin yozuvimizdagi o uchun á belgisini olish kerak. Ana shundagina alifbomiz boshqa turkiy xalqlar alifbolariga yaqinlashadi. Ruslar va ko‘pgina yevropaliklar ham so‘zlarimizni to‘g‘ri talaffuz etishadi, tushunmovchiliklar kamayadi.
2018-yil 22-oktabrda bo‘lib o‘tgan konferensiya ishtirokchilarining muayyan guruhi singarmonizm hisobga olinishi, Iı va İi, Ŏŏ va Öö, Uu va Üü harflari yangi alifboga kiritilishi lozimligini, bu bilan alifboni tubdan isloh qilish va mukammal alifboga ega bo‘lish kerakligini yoqlab chiqdilar. Ammo ishchi guruh a’zolari bu taklifni qabul qilmagan. Bunga sabab qilib ular quyidagilarni keltirishadi:
“1. Hozirgi unli harflar har bir lahjaga muayyan erkinlik beradi: so‘zlardagi i, u, o tovushlarini har bir lahja o‘ziga moslab talaffuz qiladi. Shu bois haqli savol tug‘iladi: alifbo faqat tovushlarni imkon qadar to‘la aks ettirishi, shu bilan birga, milliy yaxlitlik, birlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shart emasmi?”. Yuqorida keltirilgan fikrlarga qo‘shilib bo‘lmaydi, chunki o‘zbek adabiy tilidagi i, u, o tovushlarini har bir lahja(vakili) o‘ziga moslab gapirishi mumkin emas. Butun millat vakillari mazkur tovushlarni “o‘ziga moslab emas”, balki bir xil talaffuz etishi lozim. Ana shundagina alifbo milliy yaxlitlik, birlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Qolaversa, orfografiya milliy adabiy til uchun yagona talaffuz normalari bo‘lishini taqozo etadi.
“2. Ishchi guruh a’zolari bugungi kunda x va h ni farqlashga qiynalayotgan hamyurtlarimiz qattiq va yumshoq o‘, u, i ni farqlashda jiddiy muammolarga duch kelib, natijada aholining savodxonligi keskin pasayib ketmaydimi?..
Milliy alifbomiz murakkablashadigan bo‘lsa, o‘z savodxonligiga ishonmaydigan ko‘p ota-onalar farzandlarini o‘zbek maktablariga emas, boshqa tildagi maktablarga berishni ma’qul ko‘rishi mumkin. Bu hol ona tilimizning mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?” deb yozishadi.
Agar a, ä, ı, i, u, ü, o, ö harflari qabul qilinsa, milliy alifbomiz murakkablashmaydi, balki osonlashadi, tilimizdagi tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qiladigan bo‘lamiz. Boshqa turkiy xalqlar alifbolarida mazkur tovushlar bor-ku! Nega ularning milliy alifbolari murakkablashmagan?! Ota-onalar farzandlarini milliy alifbo murakkab bo‘lgani uchun boshqa tildagi maktablarga bermagan. Buning sababi boshqa. Chunki kirill alifbosi zamonida ham ota-onalar boshqa tildagi maktablarga berishardi-ku, hozir ham berishyapti! Hozir ko‘chadagi yozuvlarning ko‘pi joriy alifboda emas, balki boshqa tildagi alifboda yozilmoqda. Demak ona tilimizning mavqeyiga butun turk tillariga xos bo‘lgan a, ä, ı, i, u, ü, o, ö harflari emas, balki boshqa omillar salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbek tili — turkiy til. Demak, turkiy tillarga xos bo‘lgan qonuniyatlar unga ham xos. Mana, sakson besh yildan beri o‘zbek tili alifbosida yumshoq-qattiqlik aks etmayapti. Juft unlilar faqat a, i, u, o‘ harflari bilan ifodalanyapti, ularning juftlari maxsus harflar bilan berilmayapti. Endi o‘zlikka qaytish payti keldi. O‘zbek tilida o‘nta unli fonema bor. Ularning har biriga bittadan harf ajratish kerak.
Turklar 1928-yili lotin asosli alifboni qabul qildilar. O‘shandan buyon uni hech o‘zgartirmadilar. Biz esa lotin yozuviga asoslangan alifboni 1929-yili qabul qilganmiz. Uni 1934-yili o‘zgartirdik. 1940-yili kirill alifbosiga o‘tdik. Hozir yana lotin asosli alifboga qaytmoqdamiz. Bu orada alifboga bir necha bor mayda-chuyda o‘zgartirishlar ham kiritildi. Mustaqillik davrida bir necha bor lotin asosli alifbo loyihasi e’lon qilindi... Xullas, harf o‘zgartirishdan boshimiz chiqmay qoldi. Zora, bu safar ko‘ngildagidek alifboga ega bo‘lsak... Buning uchun, albatta, shoshmasdan, har taraflama o‘ylab, yetti o‘lchab, bir kesib ish qilishimiz kerak.
Yangi lotin yozuviga asoslangan eng so‘nggi o‘zbek alifbosi loyihasining asosiy kamchiliklari quyidagilardan iborat:
1) o‘zbek adabiy tilida mavjud bo‘lmagan, uning xususiyatlariga to‘g‘ri kelmaydigan harf (ц) tovushi uchun harf olingan;
2) bitta tovush ikki harf (ng) bilan ifodalangan;
3) ikki tovush bir harf (o) bilan berilgan;
4) yangi alifboga juft unlilar — a ä, ı i, u ü, o ö fonemalarini ifodalovchi harflar kiritilmagan.
Berdak YUSUF, filologiya fanlari nomzodi, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti xodimi