Kitoblardan aylanay
“Ma’rifat” gazetasida kitobxonlik tanlovining yo‘lga qo‘yilgani ayni muddao bo‘ldi. Endi o‘quvchilarim bilan kitoblar to‘g‘risida ko‘proq suhbatlashyapmiz. Hamma bir asarni mutolaa qilishi o‘sha asar haqida kengroq suhbatlashish imkonini beryapti. Ba’zida o‘quvchilarimdan shunday fikrlar chiqadiki, tinglab turib o‘zim hayron qolaman.
Yaqindagina o‘quvchilarim bilan Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Besh bolali yigitcha” asari haqida suhbatlashdik. Bir o‘quvchim kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘radi. Soatlab suhbatlashsangiz ham voqealarni tartib bilan chalg‘imay so‘zlab beradi. Suhbat chog‘ida ko‘pchilik o‘quvchilarim Orifjon haqida fikrlarimizni yozamiz, deganida, u “Men Orifjonning onasi haqida yozaman, eng ko‘p aziyat chekkan aslida u”, deya o‘z fikrini bildirdi. Hayron bo‘lib, sababini so‘radim. U kechinmalarini so‘zlab berdi. Uni eshityapman-u, yuragim titrab ketayotganini sezdim. Hatto o‘zim o‘quvchimdan ko‘p narsa o‘rgandim. Agar bolada kitobga mehrni shakllantira olsak, qisman bo‘lsa-da, u orqali uyiga ham shu mehr kira olishiga amin bo‘ldim. Qanday yoshda bo‘lishidan qat’i nazar, hayot sabog‘ini bera oladigan kitoblardan aylanay.
Dildor NURMUHAMMEDOVA