Kitob — najot, kitob — xaloskor
— Boshimni ko‘tarib qarasam, yolg‘iz ekanman. O‘zimga do‘st topayin, deb kitoblardan najot izladim. Faqat kitob o‘qidim. Kitobning ichida yashadim. Odamlarga qarayman. Ular boshqa, kitob ichidagi do‘stlarim boshqa. Men kimligimni bilmayman. Odamlarga qarayman: ular nega kitob o‘qimaydi, mening do‘stlarimni nega ular tanimaydi? Kitoblarni o‘qisam, ichimga kirib ketadi o‘sha gaplar. Men ular bilan ko‘nglimning yaxshi kunlariga yetaman. Dunyoda ezgulik borligiga ishonaman. O‘qigan kitobimning ta’sirida xushnud va baxtiyor yuraman.
Hayotim tinimsiz mehnat bilan o‘tdi. Butun umr o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Yigirma olti yil boshlang‘ich sinflarga dars berdim. Bolalarga kitob haqida ko‘p gapirdim, kitobga muhabbat uyg‘otdim. Hozir ularning ko‘pi katta joylarda, mas’ul vazifalarda ishlaydi. Qayerda bo‘lmasin, ular ezgulikka xiyonat qilmaydi, kitoblarga xiyonat qilmaydi. Shuni ko‘nglim sezadi.
Qo‘limga pul tushsa, yangi kitob olishga oshiqardim. Pul topmasam, o‘qib bo‘lgan kitobimni arzonroqqa bo‘lsa ham sotib, yangisini olardim. Goho odamlar meni libosi durustmas, kiyimlari zamonaviy emas, deb pisand qilishmasdi... Menga ularning gapi nodonlikdek tuyulardi. Ichimga bir boqsalar edi, boqolsalar edi, kitoblar qo‘li bilan yaratilgan eng go‘zal, hamma zamonlarda ham eskirmaydigan dunyolarga duch kelishardi. Ammo ular men o‘qigan kitoblarni ham, mening ichimni ham bilishmasdi. Ular meni ishdan haydashga harakat qilishdi. Ammo to‘g‘riligim uchun, ishda kamchiligim yo‘q uchun niyatlariga erisholmadilar. Mening kitob ismli himoyachimni ular yengolmadilar.
Yoshim yetmishni qoraladi. Ko‘nglim hamon yosh. Hamon kitobga to‘ymayman. Goh o‘zimga mos zamondosh topmaganimdan, meni odamlar tushunmaganidan xafa bo‘laman. Yoki men xato yashadimmi... Sizga ko‘p gaplar keltirgan edim, yo‘qotib qo‘ydim. Sizni juda ko‘p izladim. Mas’ul vazifadagi bir ayoldan manzilingizni so‘rasam, “Nimaga izlaysiz, qaysidir olis qishloqdan kelgan o‘zbak-da u”, dedi. Yana xafa bo‘ldim. Mana, nihoyat topdim sizni. Sizga ko‘p gaplar keltirgandim, yo‘qotib qo‘ydim, — dedi ayol xijolat ohangida.
— Xafa bo‘lmang, yo‘qotganlaringizni birga izlaymiz, — dedim yillar sochlariga oq qo‘ndirgan, yuzlaridan nur yog‘ilib turgan ayolga. — Qarang kitoblar bizni topishtirganini, garchand olis qishloqdan kelgan bir o‘zbak bo‘lsam ham, — deb kuldim.
Shu kuni ikkimiz mazza qilib kitoblar ichidagi o‘z dunyomiz haqida suhbatlashdik. Yangi kitoblarimdan sovg‘a qildim. Bizni tushunmaganlarni yomonlaganimiz ham yo‘q. Ular biz bilgan dunyoni bilmasliklariga achindik. Ko‘nglimiz top-toza va yosh, orzularimiz bisyor edi. Baxtiyor edik. Uylarimiz ham yaqin ekan.
— Bir kuni dunyolarga sig‘may qolsam, Sizni izlab boraman, — desam, ayol shoshib qoldi:
— Mening oddiy uyimga borasizmi?
— Ha, sizning hammanikidan baland va go‘zal qalbingizga boraman.
Nafaqadagi muallima qalbimda yorug‘ iz qoldirib ketdi. Uning har qanday holatda ham umidlaridan ayrilmagani, yashashga sabablar topgani, o‘quvchilarini, farzandlarini ham kitobga muhabbat ruhida tarbiyalagani haqida o‘ylash menga huzur bag‘ishlardi. Odamlar ikki toifaga bo‘linadi: kitob o‘qiydigan va kitob o‘qimaydiganlarga, degan qarorga keldim. Eng og‘ir damlarda kitobdan najot topmoqqa yana bir bor ishondim.
Bir kuni xorijlik bir yigit rafiqasini uncha-muncha havasmandlarning qo‘li yetmaydigan nufuzli oliy o‘quv yurtida o‘qitayotganini aytgan edi. Keyin ma’lumoti bo‘yicha ishlaydimi, deb so‘rasam, “Farzandlarimizni tarbiyalaydi. Bilimsiz ayol farzandlarimning onasi bo‘lishini istamayman”, degandi. Kitob o‘qigan va o‘qimagan onalarning farqi ko‘z oldimga keldi. Bolalarimga o‘qishga, paxtaga, xorijga ketgan paytlari (hozir nabiralarimga) yozgan maktublarim esimga tushdi. Maktublardagi shirin kinoyalar, sog‘inchlar va ularning ham shunga mos javoblarini oddiy maktublar deb o‘ylar ekanman... Qarasam, unaqa emas ekan.
Otam og‘ir kasalga chalinib yotgan paytlar edi. Hammamiz uning yuziga termular edik. Nima yeyishni istasa, muhayyo qilardik. Samarqanddagi eng katta do‘xtirlarga ham olib bordik. Otam qattiq og‘riqdan qiynalar, biz nima qilishni bilmay, unga termulardik, oyoqlarini navbat bilan uqalardik. Bir kuni otam kutubxonadan Sadriddin Ayniyning “Qullar” romanini olib kelishimni so‘radi. Bu kitob o‘zimizning uyda, akamning kitob javonida borligini aytdim. Shu kitobni o‘qib berishimni so‘radi. Men bu iltimosni jon deb bajardim. Ifodali, tushunarli o‘qib berishga kirishdim. Bir-ikki soat mutolaa jarayonida otam og‘riqlarni unutar, ingramasdi. O‘rtadagi sandalning bir chetida men o‘tirardim, narigi chetida otajonim yotardi.
Otamning hamma kitoblari arab yozuvida bo‘lib, biz ularni tushunmasdik. Hali sinfdoshlarim bilmagan, biz darsda keyinroq o‘tgan shoirlar: Navoiy, Fuzuliy, Mashrab g‘azallarini, “Chor darvesh”, “Ming bir kecha” ertaklarini ilk bora otamdan eshitardik. Ayniqsa, jamoa xo‘jaligi brigadiri tashlab ketgan ko‘saklarni sandal atrofida otam, enam, akalarim va men o‘tirib, yarim kechagacha chuvirdik. Otam bizni zerikmasin, uxlab qolmasin, deb kitoblaridan o‘qib berardi. Otam Mir Arab madrasasida tahsil olgan katta mulla edi. Biz kitoblar ta’sirida ho‘l ko‘saklarni ertalabga qoldirmay chuvib qo‘yardik. Bu gal kitob o‘qib, otajonimning og‘riqlarini unuttirish mening zimmamda edi. Charchash esimga ham kelmasdi. Otamni ko‘rgani kelgan qo‘shnilar — Chinni momo, Yulduz momo, Nasvali ammam, Sarvar amma, Qimmat oyttim, Hanifa momolar ham sandal atrofida o‘tirib, qissa eshitar edi. Erkaklar kelsa, kitobni yopib, tashqariga chiqardim. Har kim topganini olib, hol so‘rashga kelardi. Qo‘shnimiz Hanifa momo bahorgi bug‘doyning unidan yopilgan, sarg‘imtir, yarqiragan issiq non olib kelardi har kuni. “Nazaruf (Nazarov demoqchi), sizga ilindim, yeb ko‘ring, derdi. Har kuni olib kelishni kanda qilmasdi va o‘tirib olib, kitob o‘qishdan to‘xtagunimcha berilib tinglardi (keyinroq men kelini bo‘lganimdan keyin, bolalarimning beshigini tebratib o‘tirib, yangi yozgan she’rlarimni o‘qitib, eshitardi). Kitob davraga bir iliqlik bag‘ishlab, hammamizni ezgulik rishtalari bilan bog‘lab turardi. Otamning dardini yengillashtirardi. Umrini uzaytirardi. Xaloskorimiz edi “Qullar”.
Yaqinda mehmonga kelgan nabiralarimni kitob do‘koniga olib bordim. Hamisha qo‘g‘irchoq va mashina tanlaydigan kichkintoylarim bu gal yayrab kitob tanlashdi. Hatto do‘kon egalari qudag‘ayim Halimaxonga ham o‘ziga mos kitobdan sovg‘a qilishdi. Bolalarim kabi qudam ham suyundi. “Hammalari sizni tanisharkan-a!”, dedi xursand bo‘lib. Jilmayib qo‘ysam ham ichimda biram kerildim... Kitob yaxshi-da, hatto savdolashish ham maroqli. Ammo mening mehmonimga tekinga sovg‘a qilishdi.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” kitobida shunday gaplar bor: “Ellarni oluvchi qilich yordamida oladi, elni qo‘lda saqlab turuvchi qalam yordamida saqlaydi.
Qaysi bir el shahar va qishlog‘i qalam vositasida tutib turilsa, o‘sha yerlarda istalgan barcha narsalardan bahra nasib bo‘ladi”.
Eng kerak gapni Yusuf Xos Hojib bobomiz aytgan ekan. Men nima ham deya olardim. Kitob — najot, kitob — xaloskor, deyishdan boshqa.
Sizni tushunmayin qiynasa ag‘yor,
Boshingiz ustiga keltirsalar dor,
Kitob sovg‘a qiling, o‘qinglar birga,
Kitob najot erur, kitob xaloskor!
Ezgulik yo‘liga boshlaguvchi ul,
Kuldirguvchi, ko‘zni yoshlaguvchi ul,
Ko‘ngil birla qadam tashlaguvchi ul,
Kitob najot erur, kitob xaloskor!
O‘rgatar insonga qadr-u qimmatni,
Hotamtoylikni-yu shafqat, himmatni,
Insofga chorlaydi banda, ummatni,
Kitob najot erur, kitob xaloskor!
Hamma tashlab ketsa, u qolar faqat,
Varaqlarda saboq va sevgi qat-qat,
Do‘stlarga sadoqat, yurtga muhabbat,
Kitob najot erur, kitob xaloskor!
Xosiyat BOBOMURODOVA