Savodxonlik fani
Ona tili — milliy savodxonlik fanidir. Chunki bu fanni mukammal o‘qitish orqali o‘quvchilarning savodxonligiga erishish mumkin. Ona tili fanini o‘qitish mobaynida biz pedagoglar o‘quvchilarga tilimiz tarixi, so‘zlarning xilma-xilligi, ularning yasalishi, tilshunoslik bo‘limlari, so‘zlarning boyish manbalari haqida ma’lumot berish bilan bir qatorda eng muhim bo‘lgan jihat — imloviy savodxonligiga ham alohida e’tibor qaratamiz.
Darsliklardagi qoidalar ham imloviy savodxonlikka undaydi. Bu esa o‘quvchining egallagan nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etishiga yordam beradi. Shunday bo‘lsa-da, ba’zan o‘quvchilarning yozma nazorat ishlari: diktant, bayon, insho, tuzgan matnlarida bir qancha imloviy xatolar uchrab turadi. Ayniqsa, o‘quvchilarning x va h harflari qatnashgan so‘zlarni yozayotganda ikkilanishi, o‘ylanib qolishi va hatto bu harflarning o‘rnini almashtirib qo‘yishi achinarli holdir. Bunday holat biz pedagoglarni o‘quvchilarning yozma savodxonligi ustida yanada ko‘proq ishlashga, bunday so‘zlarning to‘g‘ri yozilishini o‘quvchilarga oson yo‘llar bilan tushuntirishga undaydi. Bu borada o‘z tavsiyalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Tilimizda x va h harflari qatnashgan so‘zlar juda ko‘p. Bu so‘zlar qanday yozilishini alohida lug‘at tarzida o‘quvchilarga to‘la-to‘kis yodlatish amrimahol. Bu so‘zlar kerakli mavzularda o‘z o‘rnida ko‘proq qo‘llanib, imlosi tushuntirib ketilsa, o‘quvchilar oson o‘zlashtiradi.
Masalan, x va h harflari bo‘yicha 5-sinf ona tili fanining o‘quv rejasida “X, x va H, h harflari” mavzusiga bir o‘quv soati ajratilgan, xolos. O‘quvchi bu bir soat dars davomida x va h harflari bilan yoziladigan barcha so‘zlar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lolmaydi. Shunday ekan, bu mavzuni keyingi mavzularda tizimli ravishda o‘rgatib borish o‘quvchiga ancha yengillik beradi. Masalan, shu darslikda “Paronimlar” mavzusini o‘tishda x va h harflari qatnashgan so‘zlarning izohi ko‘proq berilishi ham yaxshi natija beradi. Masalan:
Ahil — totuv, inoq, ittifoq.
Ahl — biror soha, kasb yoki ma’lum doiradagi kishilar.
Mahal — vaqt, dam, payt.
Mahol — amalga oshirish qiyin, mushkul.
Sohil — daryo, ko‘l, dengiz kabilar qirg‘og‘i, cheti.
Sohir — ajoyib, antiqa, g‘alati.
Xalal — zarar, nuqson, xalaqit.
Halol — sof, toza.
Xalos — ozod, erkin.
Xolos — faqat, faqatgina.
Xam — egilgan, bukilgan.
Ham — gap yoki gap bo‘laklarini bog‘laydigan, bog‘lovchi yoki ko‘makchi o‘rnida keladigan so‘z.
Xat — yozilgan narsa, maktub kabilar.
Had — chegara, me’yor.
Xiyol — sal, biroz.
Xayol — o‘y, fikr.
Hayal — qisqa vaqt, fursat, on.
Xiyla — anchagina, ko‘pgina.
Hiyla — nayrang, firib.
Xil-xil — xilma-xil, rang-barang.
Hil-hil — ortiqcha pishib yetilgan, keragidan ziyod pishgan; yumshoq.
Xol — badanda tug‘ma ravishda bo‘ladigan qora bo‘rtma, nuqta.
Hol — hol-ahvol — holat, vaziyat.
Xo‘rlik — tahqirlanish.
Hurlik — ozodlik, erkinlik.
Shox — butoq, shox-shabba.
Shoh — podshoh, hokim.
Halak — nihoyatda charchagan, qiynalgan azob-langan.
Halok — halok bo‘lmoq, o‘lmoq, nobud bo‘lmoq.
“Ma’nodosh so‘zlar” mavzusi bo‘yicha:
Ahvol, holat, hol.
Beixtiyor, ixtiyorsiz, bexosdan, bilmasdan.
Yashirin, maxfiy, pinhon, xufiya.
“Juft so‘zlar” mavzusi bo‘yicha:
Ahd-paymon, mehr-muhabbat, huzur-halovat, xotin-xalaj, xatti-harakat, xavf-xatar, hazil-mutoyiba, xat-xabar, xilma-xil, bahs-munozara.
“Zid ma’noli so‘zlar” mavzusi bo‘yicha:
Saxiy — baxil, halol — harom, xafa — xursand, alohida — birga, oqil — ahmoq, do‘zax — jannat, zehnli — zehnsiz, haq — nohaq, obod — xarob,
soxta — chin.
6-sinf “Ona tili” darsligida esa “Tub va yasama so‘zlar” mavzusi berilgan. Ushbu mavzuning mustahkamlash qismida asosida x va h harflari mavjud bo‘lgan, yozma nutqimizda faol ishlatiladigan baxt, gunoh, zahmat, xoh, hasham, rahm, yaxshi, xalq kabi so‘zlardan yangi so‘zlar yasash topshirig‘i berilishi mumkin.
6-sinf ona tili fanining “Atoqli otlar va uning turlari” mavzusini o‘tishda mustaqil topshiriq sifatida x va h harflari qatnashgan shahar, davlat, meva nomlarini kim ko‘p yozish topshirig‘ini berish orqali ham bunday so‘zlarning imlosi yaxshiroq o‘zlashtiriladi. Masalan:
Shahar va davlatlar: Xorazm, Hindiston, Xitoy, Dehli, Surxondaryo…
Mevalar: behi, xurmo, olxo‘ri…
Yuqori sinflarda bu an’anani davom ettirishning eng qulay yo‘li — nazorat ishi darslaridir. Yozma nazorat ishlari(diktant, bayon, insho) olingandan so‘ng keyingi darsda yozma ish tahlili o‘tkaziladi. Bunda o‘zini o‘zi baholash metodidan foydalanish mumkin. O‘qituvchi bu darsda o‘quvchilarning nazorat ishidagi xatolar ustida ishlab bo‘lgandan so‘ng so‘zlashuv uslubida nofaol, badiiy uslubda faol qo‘llanadigan x va h harfli so‘zlarni aytadi. O‘quvchilar yozib bo‘lganidan so‘ng ekranda bu so‘zlarning yozilishi ko‘rsatiladi. O‘quvchilar daftarlariga yozilgan so‘zlarni ekranda ko‘rib o‘zlari tekshiradi va baholarini o‘zlari qo‘yadi. Masalan: xarxasha, hoynahoy, hihilamoq, haytovur, hijjalamoq, hayhotday, hayfsan, hayhaylamoq, hassos, havoyi, xoxolamoq, xiradmand, xarjlamoq, paxmoq… kabi.
X va h harfli so‘zlarni adashtirmay yozishi uchun o‘quvchilarning yozma nutqiga bunday so‘zlarni iloji boricha ko‘proq olib kirishimiz kerak. Buyuk pedagog aytganidek, “Takrorlash — bilimning onasidir”.
O‘quvchi olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay olmasa, uni uqqan deyolmaymiz. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining kirish imtihonlarida ona tili fanidan yozma diktant olishni taklif etaman. Insonga talab qo‘yilsagina u shu talabni bajarish uchun qunt bilan harakat qiladi. Shu usul bilan ham o‘quvchilarning, qolaversa, bo‘lajak kadrlarning yozma savodxonligini oshiramiz.
Gulmira ESHONQULOVA