Fuqaro nega pora berishga urinadi?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2003-yil 31-oktabrda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiyada “korrupsiya” atamasiga shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish, deya ta’rif berilgan. Mazkur qoida O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunida ham o‘z ifodasini topgan.
Korrupsiya salbiy ijtimoiy hodisa hisoblansa-da, jamiyatimizda u bilan bog‘liq bir qancha illatlar hali-hamon mavjud va bu vaqti-vaqti bilan ko‘zga tashlanmoqda. Garchi unga qarshi kurash har qachongidan ham kuchaygan, fuqarolarda korrupsiyaga qarshi murosasizlik o‘tgan yillarga nisbatan ancha oshgan bo‘lsa ham negadir shu kabi holatlar baribir uchramoqda. Misol uchun, qoidani buzgan haydovchi uni to‘xtatgan yo‘l-patrul xizmati xodimining qo‘liga pul tutqazadi. Evaziga ma’muriy bayonnoma tuzilmaydi yoki haydovchi yengilroq jarima bilan qutuladi.
Biz ham ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorga qo‘l haqi berishni unutmaymiz. U ham bizga qaysi dorixonada retseptdagi dorilar borligini, boshqa dorixonadan u yozib bergan dorilarni topish biroz qiyin bo‘lishini aytishni unutmaydi. Basharti og‘irroq kasal bo‘lib qolsak bormi, shifokordan oddiy hamshiragacha “rozi qilish”ga to‘g‘ri keladi. O‘g‘limizning o‘qituvchisi o‘quvchilar kiyimini ilish uchun sinfxonaga shkaf zarurligini bildirib, pul yig‘ish lozimligini aytadi. Xalqimiz bolajon, albatta, aytilgan summani yig‘ib beradi, lekin ular tasavvur qilganidek yangi shkaf emas, oradan ancha vaqt o‘tib, eskiroq, urinib qolgan shkaf sinfxonada paydo bo‘ladi. Bu jamiyatda insonlar o‘rtasida vujudga keladigan korrupsiogen holatlarga misollar, xolos. Jinoyatchi unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqarmasligi uchun tergovchi yoki prokurorni “sotib olish”ga harakat qiladi. Birovdan olgan harom pulini yana birovga tiqishtirmoqchi, bu ham yetmagandek, shuning evaziga qonun bilan belgilangan javobgarlikdan qutulib qolmoqchi bo‘ladi.
Bir kuni tanishimning ishi tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi(avvalgi pasport bo‘limi)ga tushibdi. Binoda tumonat odam. Birov-birovni tanimasmish. Ishni bitirish uchun bir necha xona oldida navbatda turish kerak ekan. Tanish-bilishi bor olg‘irlar shu zahotiyoq navbatga turmasdan ishlarini hal qilibdi. Eng qizig‘i, ularni ichkaridagi xodimlarning o‘zlari chaqirib olibdi. Tanishim u yerdan chiqib notarial arxivga boribdi. U yerda ham xuddi shunday holatga guvoh bo‘libdi.
Ko‘p vaqt yo‘qotsa ham o‘sha kuni ishini bitiribdi. Ertasi kuni yo‘lda bir tanishini uchratib qoladi. Gapdan gap chiqib, unga kuni kecha bo‘lgan voqealarni aytib beradi. U esa: “Shuncha ovora bo‘lishing shartmidi? Ana, narigi ko‘chada falonchi aka yashaydi. U yerdagilarning barchasi bilan munosabati yaxshi. “Soqqa”sini bersang, istagan ishingni besh qiladi?” degan javobni beradi. Demak, jamiyatda korrupsiyaviy holatdan foydalanib qoluvchi vositachilar, olg‘irlar paydo bo‘lib ulgurgan. Bu esa ham davlat, ham jamiyat uchun zararlidir.
Korrupsiyaga yetaklaydigan sabablarga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Huquq tizimida huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligi, turli byurokratik rasmiyatchiliklarning amaldaligi, qonun hujjatlarini turlicha talqin qilish mumkinligi kabi holatlar shular jumlasidandir. Shu tufayli hozir huquq sohasidagi bo‘shliqlarni bartaraf etish, turlicha talqin qilish hamda korrupsion omillar mavjud bo‘lgan qonun normalarini aniqlash, byurokratik rasmiyatchiliklarni yo‘qotish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, idoraviy norma ijodkorligini bosqichma-bosqich kamaytirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish ishlari olib borilmoqda, byurokratik rasmiyatchiliklarni bartaraf etish (fuqarolar belgilangan huquqqa ega bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan turli ma’lumotnomalar) uchun idoralararo elektron hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yildi. “Yagona darcha” tizimi tufayli davlat organi va manfaatdor shaxs o‘rtasidagi munosabatlar bevosita emas, bilvosita amalga oshirilmoqda, davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish sari katta qadamlar tashlanmoqda. Bu esa tamagirlik tufayli fuqaroning ishini hal qilishni chetga suradigan, uni soatlab kuttiradigan, ataylab pora berishga majbur qiladigan vaziyatga tushiradigan ayrim davlat organlari xodimlarini o‘z ishini to‘g‘ri, belgilangan reglamentga muvofiq bajarishga majbur qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 15-yanvarda yangi tahrirda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuni 5-moddasida O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkin ekanligi belgilangan. Shuningdek, 7-moddada O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek, ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqqi yo‘qligi alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Muhimi, OAV bunga munosib bo‘lib, jamiyatdagi mavjud korrupsiyaga oid muammolar, davlat organlari ish faoliyatidagi kamchiliklar, fuqarolar tomonidan sodir etilayotgan korrupsiyaviy jinoyatlar, ularning kelib chiqishi to‘g‘risida fikr yuritsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining xabar berishicha, 2018-yil mobaynida fuqarolar tomonidan prokuratura organlari xodimlariga pora taklif qilinganlik holati bo‘yicha 81 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bosma va elektron OAV esa bu xabarni shunchaki e’lon qilish bilan kifoyalandi. Hech bir OAV uning kelib chiqish sabablari, asosan qanday omillar bunga sabab bo‘lgani bo‘yicha alohida jurnalistik material e’lon qilish u yoqda tursin, o‘zining munosabatini ham bildira olgani yo‘q. Zero, bu o‘rinda nega xodim pora olishni rad qiladi-yu, fuqaro unga pora berishga urinishini biroz tadqiq qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
2018-yil 12-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati subyektlari hisoblanadi. Qonunda davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat yuritishi jamoatchilik nazoratining obyekti sifatida ko‘rsatilgan. Fuqarolar, ommaviy axborot vositalari korrupsiyaviy omillarga qarshi kurashishda loqaydlik qilsa, “ishim bitsa bo‘ldi” qabilida yo‘l tutsa, buning oqibatlari nafaqat jamiyatdagi mavjud muhitga, balki uning kelajagiga ham katta xavf soladi.
Nurbek TOSHKANOV,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti katta maslahatchisi