Mahmud Sa’diy fenomeni
Umrini millat ma’naviyatini yuksaltirishga bag‘ishlayotgan jurnalist, adabiyotshunos, tariximiz bilimdoni, kitob shaydosi, qattiqqo‘l muharrir, qalbidaryo USTOZ, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti sovrindori Mahmud Sa’diy haqida “Qadr” nomli kitob yozilgan, unda taniqli olimlar, ijodkorlarning ko‘plab maqolalari to‘plangan, shuningdek, uning shaxsi, faoliyatiga oid qator telepublitsistik asarlar yaratilgan.
Lekin hayot va ijod chorrahalarida bu bag‘rikeng inson bilan ro‘para kelgan har bir kishining aytar so‘zi, fikri bor. Kamina ham ularning qatorida.
Mahmud aka 1990-yili, ToshDU (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida talabalik chog‘imda, meni “O‘qituvchilar gazetasi” (hozirgi “Ma’rifat”)ga ishga joylashtirmoqchi bo‘lgandi. Arzimas bir sabab bunga monelik qilgan. Shunda “Sen ham jontaqmisan?” deya so‘ragani va bu gapning mohiyatida nima borligini anglolmay, kalovlanib qolganim esimda. Qisqasi, o‘sha kunlari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi musahhihi shtati bo‘shligi bois bu o‘rin Mahmud aka “tanka”ligida kaminaga nasib etgan.
Tarixning o‘sha unutilmas damlarida sobiq sho‘ro davlati jon talvasasida edi. Milliy qadriyatlar, o‘zlikni anglash ehtiyoji kuchaygan damlar. Fakultet domlalaridan biri jurnalistika tarixi bo‘yicha dars o‘tayotib, o‘zbek milliy matbuotining sarchashmasini bolsheviklarning “Iskra”siga taqaganida u bilan bahsga kirishib ketdik. Domla jadidlar burjua mafkurasini targ‘ib etganligini, bu esa partiya g‘oyasiga mutlaqo zid ekanligini ta’kidlab, agar uning aytganlariga qo‘shilmasak, fikrimizni ilmiy dalillar bilan isbotlab berishimizni talab qildi va bahsga g‘olibona yakun yasadi.
Bu bahslarning barchasi Ustozga aytilar va u ham o‘z navbatida xolis maslahatini ayamasdi. Mahmud akaning otlantirishi (I.G‘afurov fikri) natijasi o‘laroq maksimalist talaba kutubxonaga shoshdi. Chunki u bolaligida bobosidan eski alifboni o‘rganish jarayonida yerto‘lada saqlanadigan kitoblari orasidagi “Oyina” jurnalining ayrim sonlarini yashirincha o‘qigan va bu “dono”ligi uchun gap eshitib ham olgan edi. Man qilingan narsa doim qiziqarli bo‘ladi. Nima uchun dakki yeganini anglash uchun
“Oyina”dagi maqolalarni “taftish” qilgani sababli jurnaldagi ma’nili fikrlar uning yodida qolgan edi. Domlani tezroq mot etish maqsadida Markaziy kutubxonaning Nodir qo‘lyozmalar bo‘limidagi ba’zi eski gazeta-jurnallar varaqlandi va tezda maqola yozildi. Buning hech qanday ilmiy mavqeyi yo‘qligini ta’kidlashgach, natija — beshinchi kurs oxirida Ustoz Sa’diy rahbarligida “Mahmudxo‘ja Behbudiyning publitsistik va muharrirlik faoliyati” mavzusida diplom ishi yoqlandi. Mahmud aka diplomni “yuvish” oshida bu ilmiy ish rasman tan olinishi uchun uni nomzodlik dissertatsiyasiga aylantirish zarurligini aytdi. Gazetada ishlab, jamiyatdagi muammolarni ko‘tarib chiqish jurnalistning asosiy vazifasi ekanligi, tadqiqot ishlarining o‘z egalari borligi aytilib, uning taklifi rad etildi.
Qizishib ham oldik. “O‘sha “ega”larining hammasi ham eski alifboni o‘qiy olmaydi, qolaversa, bobolar kimligini anglab olish yo‘lidagi tadqiqot gazetada dolzarb muammo ko‘tarishdan kam emas”, degandi u qat’iy va biroz jahl bilan. Shunda Mahmud aka diplomning ichki muqovasiga “kelajakda og‘irning ustidan, yengilning ostidan yurma”sligimni dastxat tariqasida yozib qo‘ydiki, bu so‘zlar bobomning “Oyina”sidagi maqolalar kabi shuurimda muhrlandi... Qisqasi, nomzodlik dissertatsiyasini birinchi o‘qigan ham, tadqiqot asosida yaratilgan “Ma’rifat libosidagi ozodlik” monografiyasining mas’ul muharriri ham Mahmud Sa’diy bo‘ldi. Men kabi beminnat yordamni yaxshi ko‘radigan e’tibortalab ilmi toliblar esa uning atrofida mo‘l edi...
Ba’zi tadqiqotchilardan domlaga “e’tibor” berilmasa, ilmiy ishning holi ne kechishini eshitardik, lekin tushunishimiz qiyin kechardi: qanday yuz bilan tama qilishadi aspirantdan?! Negaki, atrofimizda Mahmud aka siymosida beg‘araz, millat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan kadrlarni ko‘paytirish yo‘lida shogirdlar boshini silagan, tama nimaligini bilmaydigan fidoyilar bor edi baxtimizga.
Mehribonlik barobarida Ustozning shogirdlarga talabi qat’iy ekanligini aytmaslikning iloji yo‘q. Avvalo, tanlagan kasbiga mehr, uning qiyinchiliklariga bardoshli bo‘lish kerakligini uqtiradi.
— Har kim qandaydir bir kasbni tanlaydi. Mening tushunishimcha, odam bir kasbni egallashga kirishar ekan, uni ipidan ignasigacha bilib, shu ishning ustasi, ya’ni professional bo‘lishi kerak. Agarda inson o‘z sohasida professional bo‘lsa, hayotda qoqilmaydi, qayerda bo‘lsa ham, mehnati orqasidan ro‘shnolik ko‘radi, — deydi ustoz Sa’diy.
Mahmud aka shu darajaga yetishida kitobning, adabiyotning o‘rni beqiyos bo‘lganini muntazam takrorlab turadi.
“Kitobdan birinchi maqsad — odamni shaxs sifatida shakllantirish. Bunda birov kelib sizni kamolga yetkazmaydi. O‘zingiz bajarishingiz kerak hamma ishni. O‘zingiz! Navoiyning mashhur baytlaridan
birini esingizga solmoqchiman:
O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsen, o‘zungdin istagil.
Demak, Navoiy insonning o‘ziga da’vat qilyapti. Islomda juz’iy ixtiyor Xudodan, degan gap bor. Lekin bandasiga IMKONIYAT ham berilgan. Undan foydalanish kerak. Shu imkoniyatdan foydalanib, Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya”ni yaratdi va risola islom olami taraqqiyotida juda katta ahamiyat kasb etdi. Bu ham bizning zaminimizda bo‘ldi.
...Bobolarimiz kitoblarni o‘qib, ulug‘ ishlar qilgan, ulug‘ darajaga yetgan”, deydi Ustoz.
U millat yoshlarini bobolarga munosib bo‘lishga da’vat etadi. Bu faqat o‘qish-izlanish bilan amalga
oshishi mumkinligini ta’kidlaydi. Har bir o‘zbek o‘qishi kerak bo‘lgan milliy va dunyo adabiyoti namunalaridan 100 tasini ajratib, ro‘yxat tuzib, chop ettirdi. Kasbga oid va turli ensiklopedik mazmundagi kitoblarni o‘qish zaruratini tushuntirib berdi. Kitob o‘qishga, ilm olishga monelik qiladigan har qanday to‘siqlarga qarshi gohida maqolalari, gohida teleradio dasturlaridagi chiqishlari orqali kurash olib bordi. Tarixni, ajdodlarni bilmaslik, qiziqmaslik holatlarini ko‘rganda, millat ma’naviyatiga salbiy ta’sir etadigan ishlarni qilayotgan rahbarlarning yuziga qattiq-qattiq aytdi e’tirozlarini. O‘z sohasida eplab yangi ilmiy maqola yoza olmaydigan akademig-u professorlar ustidan ochiqchasiga kuldi. Shu bois uni xushlamaydiganlar ham topiladi...
Adabiyot, adabiyotshunoslik Mahmud Sa’diy faoliyatining ajralmas qismidir. Uning adabiy-tanqidiy maqolalari va suhbatlarini o‘z ichiga olgan “Teran tomirlar” kitobi haqida O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov fikr yuritar ekan, kitobning boshqa munaqqidlar kitoblaridan bir necha xususiyatlari bilan ajralib turishini, madaniy hayotimizda o‘z o‘rniga ega ekanligini alohida ta’kidlagandi.
Munaqqidligidan tashqari Ustozning mohir muharrirligi “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Hurriyat” gazetalarida sezilarli natijalar berganini hamkasblar ta’kidlashadi. Uning mahorati “Ma’rifat” gazetasining mazmunini yaxshilashda ham ish bermoqda. Mahmud Sa’diy 1998-yildan buyon har yili uch oy davomida tahririyatning yosh jurnalistlari, jurnalistika fakultetlarining ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishga ixtisoslashishni niyat qilgan talabalari uchun o‘zining mahorat maktabini o‘tib berdi, aytish mumkinki, uning yordamida mavzular tanlash, maqolalar yozish, mualliflar bilan ishlash, tahrir masalalari ancha yaxshilandi. So‘zni his qilish va anglash, uni o‘z o‘rnida qo‘llash kabi tahrirning o‘ziga xos jihatlarini ustozdan o‘rgangan yoshlar juda ko‘p. Muharrirlik jurnalistdan, avvalo, bilim va malakani, eng asosiysi, o‘z mustaqil fikri, grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lishni talab etishini shogirdlari qulog‘iga quyadi Ustoz.
Quyosh nuridan bahra ololmayotgan maysalarni ko‘rganmisiz? Ular quyosh nuri beradigan go‘zal rangni topa olmay sarg‘ayib, nimjon bo‘lib o‘sadi. Muharrirlik bobida Ustozni quyoshga o‘xshatgim keladi.
Gohida o‘ylanib qolaman: “Nega?” va “Nima uchun?” degan savolni ustoz necha marta takrorlagan ekan-a? Bular inson o‘zini anglashiga, uning hur va mustaqil bo‘lishiga, fikrlashda davom etishiga tinimsiz turtki, dalda beradigan savollardir. Yo‘qsa, Mahmud aka shu paytgacha o‘qigan kitoblari qolib, ertaga falon kitobni topib o‘qishim kerak, demagan bo‘lardi. Demak, yuqoridagi savollarni Mahmud aka o‘ziga yana sanoqsiz ravishda ko‘p beradi.
Bir oycha avval tahririyatga ketayotsam, metro tomondan ishxonaga intilayotgan, issiqda biroz toliqqan Ustozga ko‘zim tushdi. Peshvoz chiqib, yelkasidan sumkasini oldim. Og‘irgina. Norozilik bildirdim. “Kitoblar, dorilar ham bor, yana talabalardan yakuniy nazorat ishini oldim, keyingi yil ozroq dars olaman shekilli”, deydi gapimga parvo ham qilmay.
Bugun Mahmud Sa’diy 80 yoshda. Harakatdan to‘xtamaslikka o‘zini chog‘lab, tiriklikning har lahzasidan unumli foydalanib, yoshlarga ibrat bo‘lib yashamoqda. “Ma’rifat” gazetasidagi bo‘lim muharrirligi bilan birga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalariga saboq bermoqda. Bundan tashqari “Filologiya masalalari” jurnali tahrir hay’ati a’zosi. Shu kunlarda o‘zining “Fikr qudrati” deb nomlangan kitobini nashriyotga topshirdi.
Ustozning hayoti faqat ezgu ishlar bilan jo‘shqin. Bu jo‘shqinlik esa, manaman degan ma’rifatparvarning, ijodkorning ham havasini keltiradi. Jonkuyar, millat manfaati yo‘lida tinmay izlanadigan inson — Mahmud Sa’diyning mazmunli va barchaga foydali faoliyati uzoq yillar ana shu shiddatda davom etaversin!
Halim SAYID,
“Mehnat shuhrati” ordeni,
“Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori
Asqad MUXTOR
BIZDA FAQAT SHAYX SA’DIY ISHLAYDI
“Guliston”da ishlar edim. Mahmud Sa’diy degan xodimimiz bozorda kitob ayirboshlayotgan ekan, militsiya ushlab olib ketibdi. U juda bilimdon, kitobxo‘r; biz uni Shayx deb atar edik... Mening iltimosim bilan militsioner idoraga keldi, yoshgina leytenant ekan.
Gapni uzoqdan boshlamoqchi bo‘ldim:
— Ibn Sino Buxoroning kitob rastasida Forobiyning Arastuga sharhlarini topib olganda xursandchiligidan bir zumga hushini yo‘qotgan ekan...
— Forobiy degan shoirni eshitganman, u ham sizda ishlaydimi?
— Yo‘q, bizda faqat Shayx Sa’diy ishlaydi.
Hazil-mutoyiba o‘tmadi. Aniq gap qildim.
— Bu yigit uylanganida kelinni kuxnyaga tushirib kelgan. Chunki uch xonali uyning hamma xonalari liq kitob bo‘lgan. U shunaqa kitob jinnisi.
— Jinniligiga spravkasi bormi?..
Umarali NORMATOV,
adabiyotshunos olim, professor:
— Mahmudjonning muharrirlik bobidagi zahmatlarini eslasam, beixtiyor Erkin A’zamning “Yozuvchi” hikoyasi qahramoni, uning qismati ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. Asli nomi — ism-sharifi ham unutilgan, “yozuvchi”, “muharrir”, “domla” degan nom ostida butun umri, bilim, aql-zakovatini o‘z asarlariga emas, o‘zgalarning “qoralama”larini “odam qilish” — yuzaga chiqarishga fido etgan g‘aroyib zot kitobda emas, hayotda ham bor! O‘zimizning Mahmudjon shulardan biri. Bir gal “O‘zAS” tahririyatidagi Mahmudjonning xonasiga kirsam, muk tushib bir qo‘lyozma ustida ishlab o‘tiribdi. Salomimga alik ham olmay, shunchaki bosh silkitib ishini davom ettiraverdi. Fe’lini bilganim uchun ro‘parasidagi stulga o‘tirib indamaygina o‘z ishim bilan shug‘ullana boshladim. Nihoyat, yarim soatlardan keyin qog‘ozdan boshini ko‘tardi va tahrirdan chiqqan qo‘lyozmani oldimga tashladi. Yoshi ham, ilmiy darajasi ham ulug‘ nomdor adabiyotshunosning maqolasi matniga ko‘z yugurtirdim. Qalam tegmagan birorta ham jumla yo‘q... “Muallif buni qancha muddat ichida yozganini bilmayman, ammo uni “odam qilish” uchun bir hafta o‘tirdim”, dedi yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortib, ayni paytda afsus-nadomat bilan. Ertasi maqola gazetada chiqdi, odamlarning og‘ziga tushdi, tahririyatga, muallif xonadoniga telefon orqali tabriklar yog‘ildi. Ammo ko‘pchilik maqola qay tariqa shu holga kelganligini bilgani yo‘q...
Yoqubjon IS’HOQOV,
adabiyotshunos olim,
Beruniy mukofoti laureati:
— Mahmud bilan gurunglashganda og‘zingizga ehtiyot bo‘ling: mabodo suhbat asnosida birorta yangi fikr yoki g‘oyaning uchini chiqara ko‘rmang! Aks holda... Siz tilga olgan mavzu, qoralama tarzida bo‘lsa ham, qo‘liga tushmaguncha Sizni tinch qo‘ymaydi. Mabodo Sizni qidirib topolmasa, uyingizga “bostirib” borishdan ham toymaydi.
Dalil kerakmi — marhamat: 1985-yilning boshlaridagi bir suhbatda axiylar va axiylik harakati haqida “gullab qo‘ydim”. “Ta’qib” boshlandi: “Maqola tayyormi?”, “Necha sahifa bo‘ldi?”, “Qachon olaman?” va hokazo. Nihoyat, mendek behafsala odamga ham Olloh insof berib, qoralama tayyor bo‘ldi. Lekin tazyiq to‘xtamadi, balki ta’qibga o‘tdi.
Yoz kunlarining birida bizning xonadonda marhum do‘stimiz Shukur Xolmirzayev bilan chaqchaqlashib o‘tirgan edik. Kayfiyat a’lo darajada... Banogoh darvoza taqillab qoldi.
Biz hech kimni kutmayotgan edik.
Chaqirilmagan mehmon kim bo‘ldi ekan, deb eshikni ochdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ro‘paramda eski bir papkani qo‘ltiqlab Mahmud turibdi.
Salom yo‘q, alik yo‘q — so‘roq boshlandi:
— Maqola qani?
— Ha, uyga kiraylik, maqola bir gap bo‘lar.
— Menga “bir gap” emas, maqola kerak.
Mojaroni eshitib Shukur ham chiqdi.
— E, do‘stim Mahmudbiy, tinchlikmi? Xuddi bir paytlar papkasini qo‘ltiqlab, eshikma-eshik yuradigan nalogchilarga o‘xshaysiz-ku!
— Siz, Sholoxov(Shukurni shunday atar edi), kattalarning gapiga aralashmang. Qachondan beri va’dani bajarmay qochib yurasiz. Mana, endi sizning “подпольный” joylaringizdan biri fosh bo‘ldi.
Maqolani qo‘liga tutqazishga qasamyod qilib, uyga olib kirdik. Vajohatida zarracha o‘zgarish sezilmadi. Qoralamani qo‘liga olgandan keyingina dasturxonga nazar tashladi.
Ibrohim G‘AFUROV,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi
MUSTAQIL FIKR EGASI
Mahmud Sa’diyni tanibmanki, uni mustaqil fikrli odam deb bilaman. Mustaqil odam, deb taniganman. U paytlari “Sharq yulduzi” jurnalida ishlardi. “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy va ijtimoiy tanqid mustaqil, o‘ziga xos jozibali korxona darajasiga ko‘tarilib kela boshlagan edi. Bu yorqin korxonaning yuragi va aqli Mahmud Sa’diy edi.
...Mahmud Sa’diyning otlantirish odati va salohiyatiga ko‘p mahal qoyil qolardim. O‘sha paytdagi ko‘p yaxshi, tilga tushgan maqolalar — muammolarni milliy manfaatlar va milliy nazarlar bilan yoritishga urinishlar baayni mana shu — Mahmud Sa’diyning otlantirish, ilhomlantirish, qiziqtirish san’ati hamda mahorati bois yuzaga chiqqan.
Otlantirish uchun otlangan ham bo‘lish kerak. Rag‘batlantirish uchun rag‘batlangan bo‘lish kerak. Mahmud Sa’diy tarixiy, adabiy, siyosiy ilmlarni xo‘b yaxshi o‘zlashtirgan, ular ichida xuddi baliqdek suzar, okean to‘lqinlaridan hadiksiramas va, umuman, o‘zi hadiksirash nimaligini bilmas edi.
...Zamon Mahmud bilan ko‘p murosa qilishga urindi. Lekin u yana bir karra hech murosa qilmaydigan odam bilan to‘qnashgan edi. Mahmud shu murosasizligi bilan Mahmud Sa’diy bo‘ldi va tanildi. Uning murosasizligi yashash uchun o‘ziga yo‘l qidirdi. Uning murosasizligi o‘ziga tanqid maydonidan yo‘l topdi.
...Mahmud Sa’diy mustaqil hayot ichiga kirib, gazeta va jurnallarda ish boshlab, o‘z oldiga fikr o‘tkazishni maqsad qilib qo‘ydi. Millat manfaatlari va taqdiriga xizmat qiladigan fikrni u fikr deb bildi. Shunday fikr uchun u jon-jahdi bilan kurashdi. Shunday fikr egalarini u o‘ziga maslakdosh deb qaradi. Shunday fikrni tirik so‘z deb har doim e’zozladi. Tirik so‘zni — mustaqil so‘z va fikrni u o‘z ideali darajasiga ko‘tardi.
...Va, shular bilan birga, Mahmud hamon noqulay odam.
Noqulay odam! Balki men qiyin odam demoqchidirman.
Noqulay deganda, uning o‘ziga ham, o‘zgalarga ham qulaylik izlamaganligini aytmoqchi bo‘laman. Qiyin deganda, uning hech qachon oson yo‘l tanlamaganligi, qidirmaganligi, xohlamaganligini nazarda tutaman.
To‘g‘ri yo‘l — qiyin yo‘l.
Haq yo‘l — qiyin yo‘l.
...Mahmud Sa’diy bosib o‘tayotgan yo‘lga qarab komil ishonch bilan aytish mumkin: mustaqil fikr egasi
bo‘lish hamisha olijanob, ziyoli kishilar orasida hamisha qadrlidir.
Uzoq JO‘RAQULOV,
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti dotsenti,
adabiyotshunos:
— Mahmud Sa’diy shoir emas, ammo u she’riyatni yaxshi biladi. Loyiq bo‘lsa, bu oqimni foydali o‘zanga solishga-da qurbi yetadi. Mahmud Sa’diy yozuvchi emas, lekin nasr atalmish sersalobat karvonning nima
yuklab ketayotganini, qay manzil tomon yo‘l tutganini yaxshi anglaydi. Uni yo‘l xataridan ogoh etishni ham eplaydi. Mahmud Sa’diy tarjimon emas, biroq “Ona tilini yaxshi biladi”, degan sifat unga qarata aytilsa, bu ibora mantiqli, ma’noli jaranglaydi. Chunki Mahmud Sa’diy gap singari injiq, so‘z kabi xasis, tinish belgilaridek qattiqqo‘l odam.
Omon MUXTOR,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, adib:
— Mahmud akani talabalik yillaridan bilaman. Ko‘pchilik talabalar kitob qo‘ltiqlab yurardi. Tabiiy hol! Ammo Mahmud akani kitobsiz yurgan holda tasavvur qilish qiyin edi. Hozir ham shunday! Balki samimiy kulib yuborarsiz, ko‘cha-ko‘ymi, hattoki biron to‘y yoki marosimmi, kitob qo‘ltiqlab kelgan kishini ko‘rsangiz, bilingki, bu — Mahmud Sa’diy! Kitob — Mahmud aka vujudining “ajralmas bir bo‘lagi”ga aylanib ketgan.
Mahmud aka katta ma’noda savodli olim. Sharqdan tushasizmi, G‘arbdanmi, duch kelgan mavzuda suhbatlasha olasiz. Har bir so‘zni dalil, isboti bilan, mantiq tarozisida tortib gapiradi. U kazo-kazo olimlarni (yashirib nima qildik, adiblarni ham) “terlatib” qo‘ygan paytlarni ko‘rganman. Hayotda nodonlik va bilimsizlik hech qachon bahsda aql va bilimdan g‘olib kelolmaydi! Mahmud Sa’diy buni o‘z misolida ko‘rsatgan shaxs.
Mahkam MAHMUDOV,
adabiyotshunos, “El-yurt hurmati” ordeni sovrindori:
— Mahmud Sa’diy badiiy asarlarga gumanizm, xalqchillik, ijtimoiy hayot muammolarini haqqoniy aks ettirish mavqeyidan turib baho berardi. Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurov va kamina badiiy asarlarni hissiyot bilan o‘qir edik, hayrat va hayajonimizni yashirmasdik. Mahmud Sa’diy esa jiddiy, sovuqqonlik bilan o‘qirdi. Bu jihatdan u Norboy Xudoyberganovga va hatto Matyoqub Qo‘shjonovga ustozlik qilgani rost.
Fiqra va fikrlar “Qadr” kitobidan qisqartirib olindi.