Pensiya miqdori ish haqi va stajga bog‘liq
Gazetaning 2019-yil 5-iyun sonida “O‘qituvchi 355 ming so‘m nafaqa olyapti” sarlavhali maqola chop etilgandi. Unda muallif otasi Pasdarg‘om tumanida istiqomat qiluvchi Bekmurod Primovning kam miqdorda nafaqa puli olayotganini bir necha bor mutasaddilardan bu holatga izoh talab qilganda tayinli javob ololmagan ish bayon etgan.
Mazkur maqola yuzasidan tahririyatimizga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati ijro etuvchi direktorining o‘rinbosari Sh.Davronov imzosi bilan quyidagi javob xati keldi:
“O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati tomonidan maqola yuzasidan fuqaro T.Primovning otasi B.Primovga pensiya hisoblanishi o‘rganildi. Maqolada ko‘tarilgan fuqaroning murojaati ijobiy hal etilib, 355 ming so‘mdan 378 ming so‘mga oshirildi. Pensiya hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘ygan xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi ko‘rildi”.
Muallif asosan otasining nafaqasi kam ekanga e’tiroz bildirgandi. Shu bois biz mutaxassislardan pensiya ta’minlanishida nimalarga e’tibor qaratilishi bo‘yicha ham ma’lumot oldik.
O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunining 7-moddasiga muvofiq, erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda to‘liq miqdorda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasining bergan ma’lumotiga asosan, fuqaro B.Primovga 24.12.2018 yildan ariza va taqdim etgan hujjatlariga asosan 21 yil 8 oy ish staji bilan 375 420,49 so‘m miqdorida yoshga doir to‘liqsiz pensiya tayinlangan.
T.Primovning “Ma’rifat” gazetasiga qilgan murojaatiga asosan fuqaro B.Primovga pensiya tayinlanishi o‘rganildi. 1993—1998-yillar ish haqidan o‘rtacha ish haqi hisoblanganda 793 985,35 so‘mni va pensiya miqdori 378 466,35 so‘mni tashkil etdi.
Pensiya jamg‘armasi Pastdarg‘om tuman bo‘limi mutaxassisning e’tiborsizligi sababli ushbu so‘mma 375420,49 so‘m hisoblangan. Pensiya tayinlashda yo‘l qo‘ygan kamchiligi uchun xodimga o‘rnatilgan tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Pensiya miqdori fuqaroning ish staji va ish haqi miqoriga bog‘liq. B.Primovning mavjud ish staji 21 yil 8 oyni tashkil etib, erkaklar uchun talab etilgan ish staji 25 yilni tashkil etadi. Shuning uchun fuqaroga to‘liqsiz yoshga doir pensiya tayinlangan.
Misol uchun: erkak kishi 25 yil ishlab o‘rtacha 2 mln. so‘m ish haqi olganda uning pensiya miqdori 1 100 ming so‘m bo‘ladi. Ya’ni, 2 000 000 x 55 % = 1 100 00 so‘m.
Shuningdek, maqolada keltirilgan pensiya to‘lovini bank plastik kartasi orqali to‘lanishi masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Adliya vazirligida 2015-yil 5-martda 2657-son bilan ro‘yxatga olingan Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni to‘lashni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaning 22-bandiga asosan, pensiya va nafaqani bank plastik kartochkasi yoki jismoniy shaxslarning omonat hisobvarag‘i orqali olayotgan shaxsning arizasiga bank plastik kartochkasi bo‘yicha hisobvaraq yoki jismoniy shaxslarning omonat hisobvarag‘i ochganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va tijorat bank filiali hamda mijoz o‘rtasida imzolangan shartnomaning nusxasi ilova qilinishi lozim.
Pensiya jamg‘armasi Pastdarg‘om tuman bo‘limi tomonidan fuqaroning pensiya yig‘majildi bank filiali hamda mijoz o‘rtasida imzolangan shartnomaning nusxasi (bank plastik kartasi ma’lumotlari) mavjud bo‘lmaganligi sababli pensiya to‘lovi bank plastik kartochkasiga o‘tkazilmagan. Fuqaro tomonidan bank plastik kartochkasi ma’lumotlari taqdim etilsa, pensiya to‘lovlari bank plastik kartasi orqali to‘lanishini ma’lum qilamiz”.