Erkinjon Turdimovga ochiq xat
Assalomu alaykum, Erkinjon aka!
Samarqand — Sharq sivilizatsiyasi markazlaridan biri. Azaldan bu diyor ko‘plab ulug‘ shaxslar, iste’dodlarga beshik bo‘lgan, yana ko‘plab buyuk insonlar kamolot cho‘qqilariga shu zaminda yashab, ijod qilib erishganlar. Bu an’ana hozir ham davom etyapti. Jumladan, shaxmat sohasida.
O‘zbekistondan shu kungacha shaxmat bo‘yicha 4 nafar jahon chempioni yetishib chiqqan: Rustam Qosimjonov (kattalar o‘rtasida, 2004-yil), Ibrohim Hamroqulov (16 yoshgacha, 1998-yil), Nodirbek Abdusattorov (8 yoshgacha, 2012-yil) va Shamsiddin Vohidov (14 yoshgacha, 2015-yil). Shu 4 jahon chempionining biri Samarqand farzandi (Ibrohim Hamroqulov). Yana biri — Nodirbek Abdusattorovning ota-onasi asli samarqandlik.
Mustaqillik davrida mamlakatimizdan 22 shaxmatchi xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo‘lgan. Shundan 7 nafari samarqandlik (bu mamlakat miqyosida poytaxtdan so‘ng 2-natija). Birgina Vohidovlar va Hamroqulovlar sulolasini hozir butun dunyoda tanishadi.
Ular safiga ildizlari Samarqand zaminiga tutash, jahonning eng yosh grossmeysterlari ro‘yxatidan joy olgan Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorovni ham qo‘shsak, viloyat shaxmat maktabi O‘zbekistonda nechog‘li muhim va mustahkam o‘ringa ega ekanini anglash mumkin.
Oqqan daryo oqaveradi. Bu yil ham samarqandlik yosh shaxmatchilar mamlakat, qit’a va jahon chempionatlarida oltin, kumush va bronza medallarga sazovor bo‘lishdan to‘xtagani yo‘q. Bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatidan viloyat vakillari 7 medal bilan qaytishdi: Kamron Karimov(10 yoshgacha o‘g‘il bolalar, oltin), Afruza Hamdamova(10 yoshgacha qizlar, oltin), Guldona Karimova(12 yoshgacha qizlar, oltin), Tohir Ne’matov(8 yoshgacha o‘g‘il bolalar, kumush), Ruqiya Olimova(8 yoshgacha qizlar, kumush), Ruxshona Rahimberdiyeva(12 yoshgacha qizlar, kumush), Daler Vohidov(18 yoshgacha o‘smirlar, kumush).
Aprel oyida Shri-Lankada o‘tkazilgan Osiyo chempionatidan Afruza Hamdamova 2 ta kumush medal bilan qaytdi(standart va rapid).
Avgustda Belarus poytaxti mezbonlik qilgan tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida Afruza Hamdamova oltin, Ruqiya Olimova kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Bu yoshlar O‘zbekistonimizning, eng avvalo Samarqandimizning faxri! Ota-onalari, murabbiylari ularning iste’dodini yuzaga chiqarish uchun qanchalar zahmat chekayotganidan xabarim bor. Shunday vaziyatda viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilari, ular yashaydigan tuman mutasaddilari bir og‘iz rahmat deb qo‘yishsa, bolalarning ham, ota-onalari, murabbiylarining ham ko‘ngli ko‘tarilar, navbatdagi g‘alabalarga rag‘bat, turtki bo‘lib xizmat qilardi. Chempionlarning ota-onalari va murabbiylaridan bir nechasi bilan suhbatlashganimda, kayfiyatlari tushkunroq ekanini ko‘rdim. Shundan so‘ng tumanlardagi bu boradagi ishlarni surishtirdim, va nihoyat Sizga murojaat etishga qaror qildim.
Erkinjon aka! O‘zingizga ma’lum, chempion bo‘lish oson emas, ayniqsa shaxmatda. Shukrki, O‘zbekistonimiz jahonda, Samarqandimiz O‘zbekistonda shaxmat borasida mustahkam o‘z o‘rniga ega va o‘rnini yanada mustahkamlab bormoqda. Hali Samarqand shaxmat maktabi yana ko‘plab chempionlarni tarbiyalab yetishtirishiga ishonaman. Siz ham fikrimga qo‘shilishingizga va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashingizga aminman!
Husan KARVONLI