“El-yurt umidi”dan umid bormi?
“El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil 25-sentabrda “Iste’dod” jamg‘armasi negizida tuzilgan. Jamg‘arma ko‘magi bilan chet elda malaka oshirish, stajirovka, magistratura yoki doktoranturada o‘qishni istagan nomzodlar maxsus tanlov orqali saralab olinadi. G‘olib bo‘lgan stipendiatlarning esa chet elda yashash, o‘qish, sug‘urta to‘lovi, vatanga kelib-ketish xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladi.
Men ham 2019-yili jamg‘arma tomonidan e’lon qilingan birinchi stipendiya tanloviga hujjat topshirdim. 1-bosqichda nomzodlarning hujjatlari tekshirilib, ularning jamg‘arma talablariga mos kelishi o‘rganildi. Bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, 2-bosqichga tavsiya etildim. 2-bosqich Toshkentda yuzma-yuz suhbat asosida o‘tkazildi. Unda shaxsimni tasdiqlovchi hujjat (o‘shanda (2019-yil 1-fevral) — O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lmagan shaxs pasportiga ega edim) bilan ishtirok etib, keyingi bosqichga tavsiya etildim.
Afsuski, 3-bosqich imtihonlarini topshirish uchun komissiya huzuriga kirganimda “Fuqaroligingiz yo‘q ekan, tanlovda ishtirok eta olmaysiz!” degan javob oldim..
Tabiiyki, bu javobdan qoniqmadim hamda tanlov mas’ul xodimi Sh.Qurbanniyazev va u orqali fond direktori A.Bekmurodovga murojaat etib, nega 1-bosqichda hujjatlarim tekshirilganidayoq bu haqda aytilmaganini so‘radim. Ular tayinli javob ham, 3-bosqich imtihonlarida qatnashishimga ruxsat ham berishmadi...
Hayotda hamma xato qilishi mumkin. Jumladan, jamg‘armadagilar ham. Ammo xato izidan xato qilish, uzr so‘rash o‘rniga aybni xaspo‘shlash tegishli jazoga munosib.
Faktlarga o‘tsam. 2019-yil 7-mayda birinchi stipendiya tanlovi g‘oliblari jamg‘arma sayti(eyuf.uz)da e’lon qilindi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xuddi men kabi fuqaroligi yo‘qligi uchun 3-bosqichda sinovlardan chetlashtirilgan boshqa bir o‘qituvchining nomi ro‘yxatda turibdi. Fondga telefon orqali bog‘langanimda mas’ullar buni tan olishmadi.
Imtihonlardagi ishtirokim adolatli baholanishini so‘rab, jamg‘arma ustidan sudga shikoyat qildim. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida ishni ko‘rib chiqqan sudya haqiqatni ich-ichidan tan olsa-da, qarorda buni aks ettirishga jur’ati yetmadi. Vaholanki, sud hokimiyati mustaqil bo‘lishi, uning ustidan turli bosimlar o‘tkazilmasligi kerak. Ayni paytda ishni ko‘rib chiqishi uchun apellyatsiya nistansiyasiga murojaat etdim. Umid qilamanki, ungagacha bu masala yuzasidan Oliy sud tegishli munosabat bildiradi.
Sud davomida imtihon jarayonlariga oid boshqa qing‘irliklar ham yuzaga chiqdi: yakunda g‘olib deb e’lon qilingan nomzodlarning birinchi 20 nafaridan 11 nafari 3-bosqichda yetarlicha ball to‘play olmagani uchun sovrindorlikdan mahrum etilishi kerak bo‘lgan. Ustiga ustak, tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan ayrim o‘qituvchilar esa “Yetarli ball to‘play olmadingiz!” degan vaj bilan yakunda g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarilgan.
Jamg‘arma xodimlarining qilgan ishlari oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning ishonchini puchga chiqardi, umidlarini so‘ndirdi.
Shu yil 14-avgust kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta’minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Eng katta xavf — kadrlarning saviyasida, bilimida, ilmida va fidoyiligida” ekaniga alohida to‘xtaldi.
Nahotki, tanlovda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan, natijalar soxtalashtirilgan bo‘lsa? U holda ilmi bor, munosib nomzodlar “Hammasi oldindan aniq ekan, adolat yo‘q ekan, bizni ovora qilib nima qilishardi?!” degan xulosaga kelmaydimi? Bu narsa ta’lim tizimiga, o‘qitish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi kundek ravshan.
Adolatsizlikka yo‘l qo‘yib, nomzodlar o‘rtasida bunday salbiy fikrlarning tug‘ilishiga sababchi bo‘lgani uchun jamg‘arma mutasaddilari qonun oldida tegishli tartibda javob berishi, kerak bo‘lsa, prokuratura organlari jinoyat alomatlari yuzasidan surishtiruv o‘tkazishi kerak.
Nurbek FARMONOV