O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldim. Bu baxtga “Ma’rifat” yordamida erishdim
Hayotda adolatsizliklar ko‘p. Biroq fuqarolikni olib qo‘yishdek adolatsizlik har qanday kishining qaddini bukadi. Mening ham boshimga ana shunday tashvish tushgan edi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida maktabda, litseyda, universitetda a’lo baholarga o‘qidim. O‘qituvchilik kasbini egallab, yoshlarga ta’lim-tarbiya berdim. Ammo menga qariyb 10 yildan buyon shaxsimni tasdiqlab kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti o‘rniga fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hujjati berildi. Shundan keyin hayotimda muammolar boshlandi...
Bu masala bo‘yicha kerakli joylarga yetarlicha murojaat qildim. Afsuski, natija bo‘lmadi. Shundan so‘ng “Ma’rifat” gazetasiga murojaat qildim. Gazeta xodimlari men duch kelgan muammoni atroflicha o‘rgandi va shu yilning mart oyida “Fuqaroligi olib qo‘yilgan o‘qituvchi adolatsizliklardan jabr chekyapti” nomli maqola e’lon qilindi. Oddiy o‘qituvchining, ya’ni mening taqdirimga befarq qaramagani va ko‘ngil so‘ragani uchun tahririyat xodimlaridan minnatdorman.
Gazetaning jonkuyar jamoasi mehnati o‘z samarasini uzoq kuttirmadi: 7 yildan beri sukut saqlab kelayotgan Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimi aprel oyida qo‘ng‘iroq qildi. Fuqarolik olish uchun bergan oilaviy arizamiz o‘rganilayotgani, tez orada kerakli joyga yuborilishi, buning uchun ma’lumotlarni yangilab berishim kerakligini aytdi. Ish joyimdan va yashash joyimdan oilaviy ahvolim haqidagi ma’lumotnomalarni tayyorlab, Toshkentga jo‘natib yubordim va bor e’tiborimni ishimga, talabalarga ilm o‘rgatishga qaratdim.
Vaqt — oqar daryo, deganlaridek kun izidan kunlar shamoldek yelib o‘tardi. Fuqarolik masalasida boshqa yangilik yo‘qligi esa sabrimni sinay boshladi. Har haftada bir marta tahririyat xodimlari telefon orqali bog‘lanib, yangilik bor-yo‘qligini so‘rab turishar edi. Ana o‘sha paytda, nahotki, davlat organlariga to‘rtinchi hokimiyat — OAVning ta’siri yo‘q bo‘lsa, degan o‘y menga tinchlik bermasdi. Meni qiynagan bu savolni jurnalistga berganimda, tahririyat ham taqdirimga befarq emasligini, fuqaroligimni tiklab berish uchun harakat bo‘layotgani, maqola yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga rasmiy xat yuborilganini ma’lum qildi. Va bu say’-harakatlar zoye ketmadi. May oyida Qashqadaryo viloyat IIB xodimi men va yana yuzdan ortiq qashqadaryoliklarga Prezidentimiz tomonidan ishonch bildirilgani, O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganimizni xabar qilganida o‘zimni qo‘yarga joy topa olmadim. Toshkentda malaka oshirish kursida o‘qiyotganim uchun hafta oxirlab, Qashqadaryoga qaytishni sabrsizlik bilan kuta boshladim. Va nihoyat, yetti yillik sargardonlikdan so‘ng shu yil iyun oyida menga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti topshirildi.
Hozirgi kunda demokratik islohotlar jadal amalga oshirilayotgani, “Ma’rifat” gazetasi esa o‘z nomiga munosib holda o‘qituvchilarni qiynab kelayotgan muammolarni ro‘y-rost matbuotda yoritayotgani insonlarda kelajakka ishonch uyg‘otyapti. Pedagoglar biror-bir sun’iy to‘siqqa duch kelganda kimga murojaat etishni, ayrim muammolarni OAV orqali ijobiy hal qilish mumkinligini tushunib yetyapti. Bir so‘z bilan aytganda, “Ma’rifat” gazetasi misolida o‘z ustida izlanayotgan bosma nashrlar hamon kishilarga ziyo ulashishda davom etyapti, deyish mumkin.
Nurbek FARMONOV