Ustoz otamizdek emas, otamizdan ulug‘. Nega?
Bayram arafasida ko‘p maqtov so‘zlari, olqishlar aytiladi. Muallimlarga, ustozlarga ehtirom ko‘rsatiladi. Shu bayramning boriga shukr, bir yilda bir kun bo‘lsa ham muallim e’zozlanadi. Qo‘liga sun’iy bo‘lsa ham, gul tutiladi. Maktab hovlisining o‘zidan uzib kelingan bo‘lsa ham, atirgul tutiladi.
Men butunlay boshqa narsa haqida o‘ylayman shu bayram arafasida. Siyosatni, ma’naviyatni, madaniyatni, qadriyatni, ta’limni, tarbiyani rasvo qilib bo‘lgan ayrim kaslar xalqning ming yillar davomida aytib kelgan maqolining ham oyog‘ini osmondan qilganini o‘ylayman.
“Ustoz — otangdan ulug‘”.
Tamom, vassalom!
Bu yerda bahslashadigan, tortishadigan, o‘ylab ko‘radigan, qayta kashf qiladigan narsaning o‘zi yo‘q!
Ammo hamma narsani buzib o‘rgangan “kattakon”lar maqolni ham buzdilar. Nima emish, otadan ulug‘ zot yo‘q emish! Nima emish, yetmish ustoz yig‘ilib, bitta ota bo‘lolmas emish!
“Ey baraka topkur, sen ustozdan ranjigan, balki ustozga oq bo‘lgan bo‘lsang yoki shunchaki ustozing ham o‘zingga o‘xshagan odam bo‘lgani uchun qadri bo‘lmagan bo‘lsa, barcha ulug‘larning ustozlari ulardan ham ulug‘ bo‘lishgan.
Qo‘y, tegma, maqol o‘z o‘rnida tursin!”
“Deydigan mard topilmadi o‘shanda. Mana, oqibati, biz tengilar maqolni to‘g‘ri aytib yuribmiz, kallavaramlarga ergashgan yoshlar buzuq maqolni ishlatib yurishibdi.
“Ustoz otangdek buyuk!”
Desak to‘g‘ri bo‘larmish.
Aslida ustoz otamizdek emas, otamizdan ulug‘.
Nega?
Otamiz bizni boqay, to‘ydiray, kiyintiray, birovdan kam qilmay, deb azonlab, uyquda ekanimizda rizq izlab, ko‘chaga chiqib ketardi. Bir nima topib kelganda ko‘pincha biz yana uxlab qolgan bo‘lardik. Uxlamagan bo‘lsak, charchab kelgan otamiz biz bilan besh-o‘n daqiqa ko‘zi ilinib-ko‘zi ilinib suhbat qilsa qildi, yo‘qsa, horib, uxlab qoldi.
Muallimchi? Muallim ertalab bizni maktabda kutib olib, kun peshindan oqquncha biz bilan birga bo‘ldi. Bizga ilm o‘rgatdi, tarbiya berdi. Odob-axloq kitoblarini o‘qitib, odobimizni kamolga yetkazdi.
Hunar o‘rgangani maktabdan chiqib ustozimizning oldiga bordik, shom qorong‘isigacha ustozimiz bizga o‘z hunarini o‘rgatdi. O‘zidan yaxshiroq usta bo‘lishimizni istadi. Bizni mehnat bilan tarbiya qildi. O‘z ishining sir-sinoatlarini o‘rgatdi.
To‘g‘ri, otamiz bo‘lmasa, dunyoga kelmas edik, bizning odam bo‘lishimizdagi otamizning o‘rnini aslo kamsitmoqchi emasman. Umrimda yuzlab odam menga ta’lim-tarbiya berdi, ustozlik qildi, ammo baribir otamga o‘xshagim keladi. Otamiz biz bilan suhbatlashmasa ham, bizga bir nima o‘rgatishga vaqti bo‘lmasa ham o‘z yurishi, turishi, kiyinishi, odobi, xulqi, odamlarga munosabati bilan bizga o‘rnak bo‘lgan, andozani otamizdan olganmiz. Ammo o‘zimizda bugun bor bo‘lgan ilm yoki hunarlar uchun biz, avvalo, muallimlarimiz va ustozlarimizdan qarzdormiz. Otamizdan ko‘proq ulardan o‘rgandik. Harf yozishni ham muallimlarimizdan o‘rgandik. Shuning uchun maqolni maqol o‘rnida aytaylik: Ustoz otangdan ulug‘!
Buyuk fotih Aleksandr Makedonskiy bizning “kattakonlar”dan ko‘ra ancha aqlli bo‘lganiga aminmisizlar?! Albatta, aminsizlar! Dunyoni olgan Aleksandr Makedonskiy qayerdayu, ekskavator bilan birovning do‘konini ham buzolmagan bizning “kattakonlar” qayerda?
Ana shu Aleksandr Makedonskiy mana bu gapi bilan bizning bahsga katta qilib nuqta qo‘ygan:
— Otam meni yerga tushirdi, ustozim esa osmonga uchirdi!
Haqiqatan ham, ko‘pchiligimizning otamizning xizmati bizni yerga tushirish bilan yakunlangan, tan oling!
Juda ko‘pchiligimiz esa, faqat va faqat ustozlarimiz tufayligina bilimga, kasb-hunarga ega bo‘lib, elda tanildik, obro‘, e’tibor topdik.
Bugun yoshlar ota-onasidan ko‘ra ko‘proq sizlar bilan birga bo‘ladi, aziz muallimlar. Shuning uchun ham sizlarga tushadigan mas’uliyat yuki bugun har qachongidan ham og‘ir. Sharafli joyi shundaki, ko‘plab yoshlar ota-onasiga, ularning pand-nasihatiga quloq solmasliklari mumkin, ammo sizga quloq soladi, aziz ustozlar. Shuning uchun ham dono xalqimiz “Ustoz otangdan ulug‘”, deydi.
Aziz ustozlar, muallimlar, bayramingiz muborak bo‘lsin!
Sizni hurmat qilamiz! Sizni boshimizga ko‘taramiz! Qalbimiz sizga bo‘lgan mehr-muhabbat bilan limmo-lim!
Sizga ehtirom bilan yana bir bor aytamiz:
— Ustoz otangdan ulug‘!
Karimberdi TO‘RAMUROD