O‘zbekchani o‘zbekchadek gapiraylik
21-oktabr. Har yili ushbu kun arafasida ommaviy axborot vositalarida o‘zbek tiliga doir maqolalar, tilshunos olimlarning tilimiz boyligi, go‘zalligi va hokazo sifatlarini ta’riflovchi davra suhbatlari, tadbirlar yoritiladi. So‘ng izzati bitgan mehmon kabi uch kun yoki nari borsa bir haftadan so‘ng kelgusi yilning oktabr oyigacha kuzatib qo‘yiladi. Aynan shunday.
Aslida, tilimizga davlat tili maqomining berilishi dunyoda o‘zbek tilining ham mustaqil til sifatida yashashga haqli ekaniga yaratilgan zamin edi. Taassufki, bu zamin o‘z kuchini yo‘qotib borayotgandek, 21-oktabr esa Til bayrami sifatida rasmiyatchilik uchungina o‘tkazilayotgan mavsumiy mavzuga aylanib qolayotgandek. Xuddi mart oyi ko‘chat ekish, obodonlashtirish oyligi deb “yorliq” olgani kabi. Bugun tilimizning sofligiga putur yetkazayotgan vositalar talaygina. Eng asosiysi — televideniye! To‘g‘ri, “Madaniyat va ma’rifat” telekanali orqali namoyish etilayotgan ko‘pgina yuqori saviyali, mazmunli ko‘rsatuvlar bundan mustasno, ammo chelak to‘la kerosinga bir piyola yog‘ solgan bilan kerosin yog‘ga aylanib qolmaydi-da...
Nodavlat telekanallar orqali yaltir-yultur ko‘rsatuvlar namoyish etilyapti. Keling, endi shu ko‘rsatuvlar nomi bilan bir tanishsak. “Bojalar drive”, “MTV show kids”, “Real xit”, “Hesh teg”, “Stand up”, “Bingo”, “Muzqaymoq pati”, “Voydod karaoke”, “Kino layf”, “Xit parad”… Yarmi o‘zbekcha, yarmi inglizcha yoxud yarmi inglizcha, qolgan yarmi ham... inglizcha bo‘lgan bu tuturiqsiz, bachkana, qorishiq nomdagi ko‘rsatuvlar shu qadar ko‘pki, hisobi yo‘q.
Bu ko‘rsatuv ijodkorlarining “ijod mahsuli”ni ko‘rib, O‘zbekistonda yashayotganingga shubhalanasan, kishi. Ba’zan tanganing ikki tomoni bor degan gapga tayanib, naqshli, guldor tomonida hech qanday mazmun ko‘rmagach, umidingni qiymat yozilgan tarafiga qaratib, endi undan ilinj izlaysan. Ammo “hop bo‘ladi” , “pozitiv kayfiyat”, “kreativ loyiha”, “motivatsion fikrlar”, “master klass” kabi bo‘tqa so‘zlar bilan bir qatorda “ekranlaringizda jarang sochadigan tarona”, “bu falon ko‘rsatuv edi va siz bilan falonchi bo‘ldi” deb bot-bot eslatib turiluvchi tumtaroq, chalakam-chatti, mag‘zi puch, ko‘cha tomoshasini eslatuvchi shovqin-suron so‘zlardan iborat boshlovchi “nutqi”dan qanday qiymat topishga aqling ojiz qoladi. Bu “kreativ” tomoshalar (ko‘rsatuv emas) tomoshabinga qanchalik “pozitiv” kayfiyat ulashadi-yu, qanaqa “motivatsiya” beradi! Tishi siniq arra daraxtni egovlaganidek, bu tomoshalar asabni egovlaydi, xolos!
Nodavlat telekanallarni qo‘ya turaylik, “Yoshlar” telekanalida berilayotgan “Star up klub” ko‘rsatuvining nomini qarang endi! Shu nomning o‘zbekcha muqobili yo‘qmi? Yo u inglizchadagidek “jarang sochmaydi”mi?! “O‘zbekiston tarixi” kanalida turli xalqlar, ularning urf-odatlari, an’analari haqida ajoyib, mazmunli ko‘rsatuv berib boriladi. Nomi “Etno”. Bu so‘zning o‘zbekchada binoyidekkina muqobili turganda, ehtiyoj bo‘lmasa-da, atlas ko‘ylakka solingan bo‘z yamoqqa o‘xshatib, “Etno”ni yopishtirish shartmidi?!
“Sevimli” kanalida “Mahallada duv-duv gap” ko‘rsatuvi beriladi. Unda anchagina dolzarb mavzular muhokama qilinadi. Ammo ko‘rsatuv davomida ruscha so‘zlardan ishtirokchilar bilan bir qatorda boshlovchilar ham tez-tez foydalanishi g‘ashga tegadi. Ko‘rsatuvning to‘ylar haqidagi sonida to‘y tasviridan so‘ng, boshlovchi tomonidan “podarka” so‘zi bir necha bor tilga olindi. Bu so‘zning o‘zbekchada “sovg‘a”, “hadya”, “tortiq” kabi holatga, voqelikka nisbatan bir qancha muqobili bo‘lsa-yu, “podarka”ga qanday ehtiyoj bor?! Yuqoridagi so‘zlarga nima bo‘ldi? Yo eskirib, arxaik so‘z bo‘ldimi? Ko‘rsatuvlarni olib borayotganlarning barchasining jurnalist ma’lumoti, suxandonlik salohiyati yo‘qdir, ammo efir orqali berilayotgan videofilm, badiiy filmlarning senariysi, aktyorlarning nutqi uchun kim javobgar, kim nazorat qiladi buni? Badiiy kengash yo‘qmi? Bor bo‘lsa, nega bu kengash o‘z vazifasini bajarmaydi? Bajarayotgan bo‘lsa, nega buning ta’siri sezilmayapti? “Olavering”ni “ovuvring”, “qilavering”ni “qivuvring”, “ayta olaman”ni “aytoliyman” “bejiz”ni “bejizga”, “keyin”ni “kegin” deb talaffuz qilayotganlarni ham shu kengash tasdiqlaydimi? Unda nega bu kengash “Hech bo‘lmasa, o‘zbekchani o‘zbekchadek gapiringlar, hoy o‘zbeklar”, deydigan darajada e’tiborli emas? Ona tilimizga hurmat shumi?
Maqolani o‘qib, muallif nahotki ko‘rsatuvlardan hech qanday yangilik, ma’lumot olmapti, deyishga shoshilmang. Ba’zi foydali jihatlarni oldim. Masalan, videofilmlar orqali Toshkent shevasini o‘rgandim, x va h tovushlari o‘rtasida umuman farq yo‘qligini, ularning o‘rnini bemalol almashtirib qo‘llash mumkinligini bildim. Abdulla Qahhorning kuyib-yonib aytgan gapi tilimizning bugungi holati uchun juda zarur: “Ko‘cha qoidasini buzgan odamga militsionerning hushtagi churillaydi, qoidabuzar mo‘maygina jarima to‘laydi. Nega butun boshli tilimizni buzib, uni rasvo qilayotganlarning mushugini hech kim “pisht” demaydi?”.
Tilimiz qoidabuzarlari uchun kim hushtak chaladi? Millatparvar, kuyunchak adibimiz Nurulloh Raufxon va Rahmon Qo‘chqor domlaning matbuot orqali yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘p bora “hushtak chalayotganlari”ni kuzatib boraman. Ammo chorrahalar ko‘p, qoidabuzarlar undan ham ziyoda!
Xurshida ATAVULLAYEVA, Kasbi tumanidagi 14-maktab o‘qituvchisi