Sherzod Shermatov: IELTS kabi o‘zbek tilida o‘qish, yozish, gapirish va eshitish ko‘nikmalarini baholash tizimini ishlab chiqish uchun ekspertlar kerak!
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining feysbukdagi sahifasida IELTS kabi o‘zbek tilida o‘qish, yozish, gapirish va eshitish ko‘nikmalarini baholash tizimini ishlab chiqish uchun ekspertlar zarurligi haqida post qoldirdi.
“Tilni o‘rganishda nafaqat grammatika balki hayotda u tildan foydalanish uchun ko‘nikmalar hosil qilish juda muhim. Lekin, shu vaqtgacha IELTSdagi kabi barcha 4 ta ko‘nikmani xolis baholaydigan tizim o‘zbek tili uchun yaratilmagan. Agar uni yo‘lga qo‘ysak o‘quvchilarimizning o‘zbek tilini yanada yaxshiroq o‘rganishga, yaxshiroq o‘qib tushunishga, ravon gapirishga, o‘z fikrlarini bemalol yozma ifoda etishga imkoniyat yaratamiz. Yaxshi ishonchli tizim yaratilsa uni keyinchalik Davlat test markazi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalariga ham kirish imtihonlarida joriy qilsa bo‘ladi.
Hozir bu 4 ta ko‘nikmani ingliz tilida baholash uchun xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda kompyuterdagi test tizimi ham yaratilgan. Lekin bu tizimdan o‘zbek tilidagi ko‘nikmalarni baholashda foydalanish uchun o‘zbek tili mutaxassislari, ayniqsa test tuzish bo‘yicha mutaxassislar kerak. Biz shunday mutaxassislarni izlayapmiz.
Agarda sizning ham aynan shunday kuchli mutaxassis tanishlaringiz bo‘lsa, bizga, albatta xabar bering. Ushbu postga izoh qilib ularning kim ekani, qayerda ishlashi, qolaversa, ularning ijobiy tajriba va natijalari haqida tavsiya bersangiz, biz ularni saralab olib ekspertlardan iborat ishchi guruhini tuzamiz va o‘zbek tilini baholashning yangicha tizimini yaratamiz. Kuchli ekspertlarga qilgan ishlari uchun tegishli mablag‘ajratiladi.
Mana bugun juda katta tarixiy voqea bo‘ldi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba Davlat tili bayrami davlat rahbari ishtirokida nishonlandi. Bu ta’lim sohasi uchun, albatta, juda katta mas’uliyatni ham yuklaydi. Shuning uchun kuchli va fidoiy mutaxassislarni yig‘a olsak va yangi baholash tizimini yaratsak barcha ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar uchun juda foydali bo‘lar edi. Bu esa o‘z navbatida o‘zbek tili davlat tili deb belgilanganining 30 yilligi uchun o‘ziga xos yaxshi sovg‘a bo‘ladi”, deya yozgan Sherzod Shermatov.