Ona tilimda gapirsam maylimi?
“Могу ли я говорить на узбекском?”, “May I speak in Uzbek?”. Yoshlarimiz orasida mana shunday gap-so‘zlar quloqqa chalinayotgani, nazarimda, yozilmagan fojianing o‘zi! Eng achinarlisi, uning qurboni men yoki siz emas, o‘zbek tilidir.
“Men O‘zbekistonda tug‘ilganman. Onam menga o‘zbek tilida alla aytgan. Shu tilda tilim chiqqan. Xayol-u o‘ylarim o‘zbekcha. Ota-onamga “Sizni yaxshi ko‘raman” degan so‘zlarni ona tilimda aytganman. Bugungi kunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olaman. Shunday ekan, zarurat bo‘lmagan hollarda nega men chet tilida gapirishim kerak?! O‘zimni zamonaviy ko‘rsatish yoki shu tillarni bilishimni boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish uchunmi?! Menimcha, qaysidir qontomirimda oqayotgan milliylik ruhi tufayli o‘zbekcha gapirsam, bu eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
Navbahor YO‘LCHIYEVA, ToshDO‘TAU talabasi