Ta’lim maskanimizga hokim keldi...
Balandmachit — Olot tumanining chekka qishloqlaridan. Bu hudud nafaqat Buxoroning, balki mamlakatimizning janubiy chegara qismi hisoblanadi. Tuman markazidan 20 kilometr olisda joylashgan Balandmachitda qariyb ikki ming kishi istiqomat qiladi. Asosan, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bilan ro‘zg‘or tebratayotgan bu qishloq odamlarining o‘z orzu-havaslari, ezgu niyatlari, tog‘dek yuksak maqsadlari bor. “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra baxtli, farovon yashashsin, bizdan ko‘ra bilimli bo‘lib, dunyolarga chiqsin”, deyishadi ular.
Ana shunday katta umid bog‘langan qishloq bolalari bugun hududdagi 7-maktabgacha ta’lim tashkiloti va 6-umumta’lim maktabida ta’lim-tarbiya olmoqda.
— Yaqinda qishlog‘imizga viloyat hokimi keldi. Bu tashrif mahallamiz hayoti va ta’lim muassasamiz faoliyatida muhim voqea bo‘ldi, — deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti mudiri Ibrohim Sharipov. — Shu kuni qishloq aholisi chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi va kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, qishki mavsum uchun arzon va sifatli ko‘mir g‘amlab olish imkoni yaratildi. Xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi, bir necha yildan buyon qishloq odamlarini qiynab kelayotgan ta’mirga muhtoj yo‘l muammosi bartaraf etildi. Viloyatimiz hokimi ta’lim tashkilotimizda ham bo‘lib, bu yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Aytish joizki, 90 o‘ringa mo‘ljallangan tashkilotimiz binosi 1972-yili qurilgan bo‘lib, ayni chog‘da ta’mirtalab ahvolda. Uchrashuvda ushbu muammoni hal etish masalasi ham muhokama qilindi. Tashkilotimizni ta’mirlash va obodonlashtirish uchun 200 million so‘m mablag‘ ajratilishi bizni nihoyatda quvontirdi.
— Bizda ham ancha-muncha kamchiliklar, muammolar yig‘ilib qolgan edi, — deydi maktab direktori Oybek Bibitov. — Ayni paytda 420 o‘rinli ilm maskanimizda Balandmachit va Davlatboy qishloq fuqarolar yig‘inining 760 nafar farzandi ikki navbatda tahsil olyapti. Sinfxona yetarli bo‘lmagani bois laboratoriya xonalarini ham o‘quv xonalariga moslashtirganmiz. Maktabimizning moddiy-texnik bazasi ham ancha qashshoq, jihozlar eski, buning ustiga ayrim fan kabinetlari yetarli darajada jihozlanmagan. Bu kabi kemtiklar o‘quvchilarning chuqur bilim olishi va muallimlarning samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilishi shubhasiz. Viloyatimiz hokimi mavjud ahvol bilan tanishib chiqqach, muammolarni qisqa muddatda hal etish bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. Muassasamizning navbatlilik koeffitsiyenti esa 2020-yili qo‘shimcha bino qurish yoki qo‘shni Davlatboy qishlog‘ida yangi maktab barpo etish evaziga kamaytiriladigan bo‘ldi.
Olot tumaniga chegaradosh Qorako‘l tumani markazidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Vaxim qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan yagona — 45-umumta’lim maktabining binosi bundan 40 yilcha burun 80 o‘rinli bolalar bog‘chasi sifatida barpo qilingan. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, 2000-yili umumta’lim maktabiga moslashtirilgan. Bugungi kunda 285 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan dargoh uch yil burun Buxoro neftni qayta ishlash zavodi homiyligida mukammal ta’mirdan chiqarilgan. Ammo muassasada o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun sport zali, sport maydonchasi, oshxona, internet tarmog‘iga ulangan kompyuter sinfi, so‘nggi nashrdagi darslik va badiiy adabiyotlar orzuligicha qolmoqda.
— Viloyat hokimining tashrifidan so‘ng barcha kemtiklar o‘rni to‘ladigan bo‘ldi, — deydi maktab direktori Shavkat Bo‘riyev. — Tez fursatda ta’lim dargohimizni zamonaviy kompyuter, monitor va televizor, yetarlicha darslik va badiiy kitoblar bilan ta’minlash borasida tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berildi. Yangi yilda hozirgi maktabimiz binosi yonidan 360 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilishini eshitib boshimiz osmonga yetdi. Mahalliy tadbirkor Olimjon Muqimovning o‘z hisobidan maktab hududida sport maydonchasini qurib berish tashabbusi ham barcha uchun quvonchli xabar bo‘ldi.
Viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev boshchiligida mutasaddi tashkilot rahbarlari Peshku, Romitan, Shofirkon, G‘ijduvon tumanlarining chekka qishloqlaridagi ilm maskanlarida ham bo‘lishdi. Ularning aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, dard-u tashvishlariga sherik bo‘layotgani, muammolarni o‘z o‘rnida hal qilishda ko‘mak beryapti. Ayniqsa, ta’lim muassasalariga qaratilayotgan alohida e’tibor chekka qishloqlarda ta’lim-tarbiya olayotgan farzandlarimizning ham har tomonlama chuqur bilim olib, yuksak marralarni qo‘lga kiritishiga xizmat qiladi.
Iroda ORIPOVA,
“Ma’rifat” muxbiri